Сўнгги янгиланиш 31 октябр 2011 - 14:56 GMT

"Al-Qoida" tarmog‘iga bir million rial yuborgan ayol 15 yilga qamaldi

Saudiya arabistonilik ayol "Al-Qoida" tarmog‘ining mintaqaviy bo‘limiga 1 million rial(taxminan 300.000 AQSh dollari) yuborgani uchun 15 yillik qamoq jazosiga hukm etilgan.

Bu haqda Saudiya Arabistoni ommaviy-axborot vositalari xabar tarqatishgan.

Saudiya Arabistonidagi maxsus mahkamaning bildirishicha, ayblanuvchi "Al-Qoida" tarmog‘ining Yaman va Afg‘onistondagi a‘zolari bilan aloqada bo‘lgan.

Hakamlarga ko‘ra, ismi sharifi aytilmayotgan ushbu ayol guruh a‘zolari orasida vositachilik qilgan va jangari tarmoqqa yordam bergan.

Uning ustidan mahkama jarayoni deyarli yopiq tarzda o‘tgani va faqat sanoqli mahalliy jurnalistlarning hozirliklarida kechgani aytiladi.

"Al-Hayot" gazetining yozishicha, Saudiya Arabistoni xavfsizlik kuchlari ayolni qirollikda terrorchilik faoliyatlarini targ‘ib etayotganlikda ayblashgan.

Riyod mahkamasi qamoq muddatini o‘tab bo‘lgandan keyin ham, uning 15 yilgacha xorijiy davlatlarga chiqishini man etgan.

Sudlanuvchining himoyachisi mahkama hukmidan norozi ekanini aytib, kelasi bir oy ichida shikoyat arizasi bilan chiqish niyatlarida ekanini bildirgan.

Mahalliy xabarlarda aytilishicha, ayol yana Iroqdagi jangarilarga borib qo‘shilish istagida bo‘lgan yosh yigitlarga omborxonalardan foydalanib, qalbaki hujjatlar ham tayyorlab bergan.

Ayon bo‘lishicha, xavfsizlik xodimlarining o‘z izidan tushganliklarini bilib, Yamanga qochmoqchi bo‘lgan va o‘zaro chegarada qo‘lga olingan.

Yaman qariyb bir yildan buyon prezident Ali Abdulloh Solihga qarshi ommaviy norozilik namoyishlariga sahna bo‘lib keladi.

Uning iste‘fo berishdan hanuz bo‘yin tovlayotgani esa, ayrim tahlilchilar nazdlarida, mamlakatni fuqarolar urushi yoqasiga keltirib qo‘ygan.

Saudiya Arabistoni "Al-Qoida" tarmog‘ining qo‘shnisidagi mavjud vaziyatdan foydalanib, o‘z faoliyatini kuchaytirish mumkinligidan xavotirda.

Chunki tarmoq o‘tmishda Yamandan turib Saudiya Arabistoni va Amerika Qo‘shma Shtatlarini hujumga ham tutgan.

Kecha - yakshanba kuni 15 yillik qamoq jazosiga hukm etilgan ayolning kontaktlari orasida "Al-Qoida" tarmog‘ining Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligining terrorchilikda ayblanayotganlar ro‘yxatida bo‘lgan yamanlik a‘zosi ham borligi aytiladi.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.