Сўнгги янгиланиш 3 октябр 2011 - 13:57 GMT

Yordam tashkilotlari: "Afg‘on ayollari haq-huquqlari tahdid ostida"

Britaniyadagi yetakchi yordam tashkilotlariga ko‘ra, Tolibon tuzumi qulatilganidan o‘n yil o‘tib ham, Afg‘onistondagi xotin-qizlarning huquqlari xavf ostida qolmoqda.

"Oksfam" va "Akshion Eyd" jamg‘armalariga ko‘ra, aksariyat afg‘on ayollari Tolibon bilan siyosiy bitimga erishish uchun, orada qo‘lga kiritilgan yutuqlar ham qurbon berib yuborilishidan xavotirdalar.

"Akshion Eyd"so‘roviga ko‘ra, ming nafar ishtirokchidan aksariyati yana Tolibon tuzumiga o‘xshash hukumatning qudratga kelishidan ham qo‘rquvda ekanini bildirgan.

Britaniya hukumati o‘tish davrida afg‘on ayollari ahvolini yaxshilash yo‘lida qattiq ishlayotganini aytadi.

Vaziyat xavfsizroq

"Akshion Eyd" jamg‘armasiga ko‘ra, ko‘plab afg‘on ayollari hali hamon o‘zlarining eng asosiy haq-huquqlaridan mahrum qolishmoqda.

Jamg‘armaga ayon bo‘lishicha, so‘rovda ishtirok etganlarning 72 foizi 2001 yil Afg‘onistonga qarshi harbiy amaliyotlar boshlanganidan beri ahvol yaxshilangan deya hisoblashadi.

Biroq, 37 foiz xalqaro qo‘shinlar chiqib ketishlari bilan Afg‘oniston yana ayollar uchun eng yomon mamlakatga aylanishidan qo‘rqishadi.

Afg‘on ayollarining uchdan ikki qismi o‘zlarini 10 yil oldingiga qaraganda xavfsizroq his qilishadi.

Tolibon davrida qiz-juvonlarning maktab va yo ishga chiqishlariga ruxsat berilmagan, tibbiyot xizmatlaridan foydalanishlari mushkul va biron bir erkak qarindoshining hamrohligisiz ko‘chaga chiqishlari taqiqlangandi.

"Akshion Eyd"ning aytishicha, o‘tgan o‘n yil asnosida ma‘lum yutuqlar qo‘lga kiritilgan, biroq ayollar hayotlarini yaxshilash yo‘lida hali ko‘p ter to‘kilishi kerak.

Jamg‘arma chiqargan hisobotda: "Ayollar erkin ta‘lim olishlari va ishlashlari mumkin. Ular hukumat vazirlari va parlament a‘zolari sifatida xizmat qilishadi, shifokor, o‘qituvchi, professor, tadbirkor va huquqshunoslar sifatida ishlashmoqda. Bu ko‘zga ko‘rinarli ilgarilash. Ammo, yirik mushkulotlar mavjud, ko‘plab ayollar hali hanuz asosiy haq-huquqlaridan mosuvo qolishmoqda", deyiladi.

"Akshion Eyd"ning ishonishicha, ayollar masalasi tinchlik jarayoni, milliy yarashuv va o‘tish davrida e‘tibordan tashqari qolmasligi kerak. Shundagina ularning hozirga qadar erishgan yutuqlarini saqlab qolish mumkin.

"Akshion Eyd" tomonidan tashkil etilgan so‘rov Kobul, Balx, Qndahor, Hirot va Bomiyon viloyatlaridagi ayollar orasida olib borilgan.

BBCning diplomatik masalalari bo‘yicha muxbiri Bridget Kendell ayollar huquqlari bilan bog‘liq vaziyatning o‘nglanishi Afg‘onistonga 10 yil oldin boshlangan harbiy safarbarlikdan ko‘zlangan maqsadlaridan biri ekani aytilgandi.

Afg‘onistonning o‘zidan qarash

O‘z o‘rnida afg‘onistonlik faollar ham ularning xavotirlariga qo‘shilib, mamlakatda xotin-qizlar huquqlari jiddiy oyoq-osti qilinayotganini tanqil qilishgan. Kobuldan Fazil Ahmad Yolg‘uz bu xususda ayollar faollaridan Sahira Shikib Saodat xonimlarini suhbatga chorlagan:

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.