Сўнгги янгиланиш 28 сентябр 2011 - 13:33 GMT

Hillari Klintonga maktub - "AQSh, O‘zbekistonga nisbatan qat‘iy mavqeda bo‘l"

Inson huquqlarini himoya etish tashkilotlari, turli shirkatlar, kasaba uyushmalari va sarmoyachilar doxil 20 ta tashkilotdan iborat guruh AQSh Davlat kotibi Hillari Klintonga maktub yo‘llab, O‘zbekistonga yordam dasturlarini qaytib tiklamaslikni so‘rashgan.

AQSh Senati qo‘mitasi o‘tgan hafta O‘zbekistonga mo‘ljallangan yordam dasturlariga qo‘yilgan cheklovni olib tashlashga izn beruvchi qonun loyihasini ma‘qullagandi.

Bu esa, O‘zbekistonga harbiysi doxil, boshqa yordamlarning ham yana yo‘lga qo‘yilishiga eshik ochadi.

Avvalroq AQSh matbuoti prezident Barak Obama ma‘muriyati xorijiy ittifoq kuchlarining Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarida muhim tranzit nuqtasiga aylangan O‘zbekistonni rag‘batlantirish uchun 7 yil muqaddam joriy etilgan cheklovni bekor qilishni so‘ragani haqida yozgandi.

Xalqaro tahlilchilarga ko‘ra, bunga so‘nggi yillarda Amerikaning mintaqadagi asosiy ittifoqchisi va ta‘minot yo‘li vazifasini bajarib kelgan Pokiston bilan aloqalarining jiddiy sovuqlashuvi sabab bo‘lgan.

Ammo maktub mualliflariga ko‘ra, O‘zbekistondagi faollar, jurnalistlar va muxolifatga qarshi davomiy qatag‘onlar, ustiga ustak bolalar mehnatining suiiste‘mol etilish hollari rasmiy Toshkent bilan odatiy oldi-berdilarga qaytishga izn bermaydi.

Ushbu maktubning AQSh Davlat kotibiga yo‘llanishi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Elyor G‘aniyev Vashingtonda O‘zbek-AQSh Savdo palatasi vakillari bilan uchrashayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

U "Xьyuman Rayts Votch", "Fridom Hauz" va bolalar mehnati yordamida yetishtirilgan O‘zbek paxtasini bilib turib sotib olmaslikka va‘da bergan o‘nlab xalqaro shirkatlarni birlashtiruvchi "Manbaga mas‘uliyat bilan yondashuv tarmog‘i" (Responsible Sourcing Network) kabi dunyodagi qator obro‘li tashkilotlar tomonidan ham imzolangan.

Rasmiy Toshkent esa, paxta yig‘im-terimi ishlarida bolalar mehnatidan foydalanmasligini aytib, mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog‘liq ahvolni yaxshilashga muvaffaq bo‘layotganini ta‘kidlab keladi.

Ammo AQSh Senati qo‘mitasi ma‘qullagan qonun loyihasini hali mamlakat Kongressining har ikki palatasi ham tasdiqlashi lozim bo‘ladi.

O‘z o‘rnida shuni ta‘kidlash joizki, AQSh Kongressiga yaqin manbalar unga to‘siq qo‘yilishi ehtimoli kam, deyishmoqda.

Rasmiy Vashington Afg‘onistonning 2001 yilgi ishg‘oli ortidan, 2002-2004 yillar oralig‘ida O‘zbekiston hukumatiga harbiy yordam berib kelgan.

Bu ko‘mak rasmiy Toshkent AQSh tomoni bilan Strategik Hamkorlikka oid bitimni imzolashi ortidan boshlangan edi.

Ayrim ma‘lumotlarga qaralsa, O‘zbekiston shu vaqt ichida Amerikadan qariyb yarim milliard dollar yordam olishga muvaffaq bo‘lgan.

Ammo 2004 yilda O‘zbekiston hukumati ushbu bitimning siyosiy erkinliklar va inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni o‘nglashga oid bandini bajarmagani vajidan, AQSh Kongressi ushbu yordamni to‘xtatishga qaror qilgandi.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC navigation

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.