Сўнгги янгиланиш 10 август 2011 - 14:38 GMT

Pokistonda o‘ldirilganlar orasida o‘zbekistonlik jangarilar ham bor

Amerikaning uchuvchisiz uchoqlari tomonidan Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh Shimoliy Vaziriston mintaqasiga uyushtirilgan raketa hujumida 20 dan ortiq jangari o‘ldirilgan.

Ularning orasida o‘zbekistonlik jangarilar borligi ham aytilmoqda.

Hodisada, bundan tashqari, 10 ga yaqin kishi yaralangan.

Halok etilganlar aksariyatining jangarilar bo‘lganliklari xabar beriladi.

Pokistondagi jangarilarga qarshi bunga o‘xshash halokatli hujumning bu yaqin haftalarda kuzatilmagani aytilmoqda.

Mulozimlarga ko‘ra, dron va yo uchuvchisiz uchoq chorshanba kuni erta tongda Shimoliy Vaziristondagi Mironshoh shahriga hujum qilgan.

Ikki raketadan biri mashina, boshqasi esa, jamloqqa kelib tekkan.

Mahalliy mulozimlar o‘lganlar va yaralanganlar Afg‘onistonda G‘arb kuchlariga qarshi kurashib kelayotgan "Haqqoniy" tarmog‘ining a‘zosi bo‘lishganini aytishmoqda.

Pokistonning qavmlar yashovchi Shimoliy va Janubiy Vaziriston hududi "Al-Qoida" va Tolibon jangarilarining boshpanasi hisoblanadi.

Xabarlardan ayon bo‘lishicha, o‘ldirilganlar orasida o‘zbekistonlik jangarilardan tashqari, pokiston va afg‘onistonlik toliblar hamda arab jangchilari ham bo‘lishgan.

Pokistonda bo‘lgan muxbirimiz Rahimulloh Yusufzayga ko‘ra, raketa hujumida halok etilgan o‘zbekistonlik jangarilarning aniq soni yoki shaxsiga oid ma‘lumotlar hozircha yo‘q.

"Ularning jasadlari tilka-pora bo‘lib ketgani uchun ham bu narsani aniqlash imkonsiz", deydi u.

Muxbirimizning aytishicha, o‘zbekistonlik jangarilarning O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari ekani ishonilmoqda.

"Chunki liderlari Tohir Yo‘ldoshning o‘ldirilishi ortidan harakatning aksariyat a‘zolari "Haqqoniy" tarmog‘iga qo‘shilishgan. Ular birgalikda jang olib borib kelishadi", deydi u.

Joriy paytda Pokistonning Vaziriston mintaqasida o‘zbekistonlik qancha jangari faoliyat olib borishi ma‘lum emas.

"Bu - maxfiy ma‘lumot hisoblanadi. Pokiston hukumati bu borada aniq raqamlarga ega emas, jangarilarning o‘zlari buni oshkor etishmaydi va mahalliy aholi ham bilmaydi", deydi muxbirimiz.

Avvalroq Pokistonning qavmlar yashovchi mintaqalaridan bir necha yuz nafar o‘zbekistonlik jangarining boshpana topgani aytilgandi.

Ammo, muxbirimizga ko‘ra, ulardan aksariyati Afg‘onistonga qaytib, shimoliy Qunduz, Bag‘lon, Xatlon kabi shimoliy viloyatlarida joylashib olishgan.

"Ayrimlari o‘ldirilgan, boshqalari esa, qo‘lga olingan. Shu sababdan ham, taxminan bir necha yuz deyish to‘g‘riroq bo‘lar", deydi u.

Amerika Pokistonga "Haqqoniy" guruhiga qarshi harbiy amaliyotlar boshlashini talab qilib, bosim ko‘rsatib kelayotir.

Ammo hozirga qadar Pokiston bu bosimlarga bo‘yin egmay kelayotgan edi.

Yillar davomida Amerika uchuvchisiz uchoqlari Vaziriston mintaqasiga hujum qilib kelishadi.

Mahalliy aholiga ko‘ra, ayni hujumlarda "Al-Qoida" va Toliblar rahbarlari doxil yuzlab jangarilar halok etilgan.

Pokiston mulozimlari esa bu kabi amaliyotlar oqibatida tinch aholi orasidan ham qurbonlar berilishini urg‘ulashadi.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.