Сўнгги янгиланиш 4 май 2011 - 12:17 GMT

Halok etilgan paytda Usama bin Lodin qurolsiz bo‘lgan

Oq Uyning rasman bayon qilishicha, otib o‘ldirilgan paytda "Al-Qoida" rahbarining qo‘lida quroli bo‘lmagan.

54 yoshli Usama bin Lodin shu hafta boshida, dushanbaga o‘tar kecha AQSh maxsus harbiy bo‘linmasining amaliyoti chog‘ida halok etilgandi.

Oq Uy vakili Jey Karniga ko‘ra, harbiylari jamloqqa bostirib kirgan paytlarida ichkarida uchta oila, ikkitasi bin Lodinning hovlisi, bittasi alohida binoda bo‘lishgan.

Uning aytishicha, askarlari kuchli qarshilikka duch kelishgan, hatto, qancha kishining o‘t ochayotganini ilg‘ash qiyin bo‘lgan.

Usama bin Lodinning kur'erlari bo‘lib xizmat qilgan ikki aka-uka va bir ayol pastki qavatda o‘ldirilgan.

Ikkinchi qavatga ko‘tarilib borganlarida, u yerda qurolsiz Usama bin Lodin bilan birga yana ikkita ayol ham bo‘lgan.

Usama bin Lodinning xotini amerikalik askarlardan birining oyog‘iga tashlangan, askar esa, uning oyog‘idan otib, yaralagan, deydi janob Karni.

Bundan avval Usama bin Lodin o‘zini himoya etish uchun ayollarning biridan jonli qalqon sifatida foydalangan, degan xabarlar ham tarqalgandi.

Oq Uy vakili Usama bin Lodinning o‘g‘lining taqdiri borasida to‘xtalmagan.

AQSh ma‘muriyati esa, hanuz Usama bin Lodinning jasadini ko‘rsatish-ko‘rsatmaslik masalasini muhokama etishmoqda.

Amerika Markaziy Josuslik Xizmati raisi alal-oqibat uning jasadi aks etgan suratni namoyish etishlarini aytdi.

Ammo Oq Uy bu xususda halicha yakuniy bir to‘xtamga kelmaganliklarini bayon qilgan.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligining bayonotida aytilishicha, bin Lodinning qolgan oila a‘zolari "xavfsiz qo‘llarda va ularga qonunga muvofiq munosabat qilinadi".

Maxsus amaliyot tafsilotlari

Pokiston Josuslik Xizmati vakilining Islomoboddagi muxbirimizga aytishicha, Usama bin Lodin boshpana topgan jamloqqa so‘nggi bor 2003 yilda, hali qurib bitkazilmagan paytda reyd o‘tkazishgan.

Unga ko‘ra, o‘sha paytda jamloqda "Al-Qoida" tarmog‘ining amaliyotlariga boshchilik qilgan Abu Faraj Libiy yashiringan, degan taxminda bo‘lishgan.

"O‘shandan buyon jamloq bizning shubhali ob‘ektlar ro‘yxatimizda bo‘lmagan. So‘zsiz, bu xizmatimiz tarixidagi eng uyatli holdir," deb aytgan Pokiston Josuslik Xizmatining vakili.

U Amerika tomoni maxsus amaliyotlarining tafsilotlariga ham to‘xtalib o‘tgan:

1. Ayon bo‘lishicha, amaliyot arafasida jamloq ichkarisida 17-18 chog‘li odam bo‘lgan.

2. Amerikalik harbiylar ulardan birini tiriklayin qo‘lga olishgan, uning Usama bin Lodinning o‘g‘li ekani taxmin etiladi.

3. Usama bin Lodinning ayoli va qizi, yana to‘qqizga yaqin bola omon qolgan. Ularning Usama bin Lodinning farzandlarimi-yo‘qligi hozircha ma‘lum emas.

4. Usama bin Lodinning asli kelib chiqishi yamanlik rafiqasi Abbottabadga ko‘chib o‘tganlariga bor-yo‘g‘i bir necha oy bo‘lganini aytgan.

5. Usama bin Lodinning 12 yoshli qizi otasini ko‘z o‘ngilarida otib tashlaganliklarini bildirgan.

Amerikalik harbiylar esa, maxsus amaliyot chog‘ida aynan kimlarni hibsga olganliklarini ochiqlashmagan.

Ular faqat Usama bin Lodinning jasadini olib chiqib ketganliklarini aytish bilan kifoyalanishgan, xolos.

"Al-Qoida" tarmog‘i rahbarining Abbottabaddagi jamlog‘ida bir necha bor bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan 12 yoshli bolakayning BBC bilan suhbatida aytishicha, "Usama bin Lodinning ikkita xotini bo‘lgan. Ulardan biri arab, ikkinchisi esa, urdu tilida gapirgan. Yana uchta farzandi - bir qizi, ikki o‘g‘li bor edi. Ular menga ikkita quyoncha ham sovg‘a qilishgandi," deb aytgan Zarar Ahmad.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.