Сўнгги янгиланиш 24 январ 2011 - 12:44 GMT

Bryusselda Karimov safariga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazilgan

Bryusseldagi Ovro‘po Komissiyasi binosi qarshisida bir qator xalqaro inson huquqlari tashkilotlari vakillari va quvg‘indagi o‘zbekistonlik inson huquqlari faollari Prezident Karimovning tashrifi munosabati bilan norozilik namoyishini o‘tkazganlar.

Namoyishni Human Rights Watch, Amnesty International va Xalqaro Inqiroz Guruhi tashkil etishgan.

"Jim bo‘linglar, unsiz diplomatiya ketmoqda" shiori bilan o‘tayotgan namoyishda o‘zbekistonlik faollar Mo‘‘tabar Tojiboyeva, Nadejda Atayeva va Safar Bekjonlar ham ishtirok etganlar.

Yigirmadan ortiq kishi qatnashgan namoyish huddi teatr dramasidek sahnalashtirilgan bo‘lib, unda ishtirokchilar tobut ko‘tarib olganlar.

Andijon hunrezligida o‘q yegan insonning ko‘ylagi yopilgan tobut ustiga "Diktatura+Ovro‘po Ittifoqi=Andijon" deb yozilgan.

Tobut yoniga esa O‘zbekistonda tutqunlikda bo‘lgan va qamoqlarda nobud bo‘lgan siyosiy mahbuslar va jurnalistlar oyoq kiyimlari terib qo‘yilgan.

Hozirda Shveytsariyada istiqomat qiluvchi sobiq siyosiy mahbus, yozuvchi Safar Bekjonning izohlashicha, O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik qilish demokratiyaning tobutga qo‘yilganini anglatadi.

Janob Bekjon o‘zbek qamoqxonalarida qolayotgan Solijon Abdurahmonov, Dilmurod Sayyid, A‘zam Farmonov, Yusuf Juma va boshqalarning oyoq kiyimlarini Ovro‘po Komissiyasi Prezidenti Joze Manuel Barroso kiyib ko‘rishini, ortib qolganlarini Prezident Karimovga topshirishini so‘raydi.

Ishtirokchilar so‘ng ramziy holda poyafzallarni Ovro‘po Komissiyasi tomon uloqtirishgan.

"Bizning asosiy talabimiz siyosiy mahkumlarning ozod etilishi. Avvallari G‘arb rahbarlari Karimov bilan uchrashishidan avval har safar bir necha siyosiy mahbuslar ozod etilardi. Men ham AQSh Prezidenti Bill Klinton bilan uchrashuv arafasida ozod etilganman. Lekin bu safar Ovro‘po Ittifoqi bilan uchrashuv arafasida hech kim ozodlikka chiqarilmadi. Biz bundan juda norozimiz," - deydi janob Bekjon.

Namoyishning tashkilotchilardan bo‘lgan Amnesty International vakili Devid Nikols sokin protest rejadagidek o‘tgani, hamda unga xalqaro matbuot katta qiziqish bilan qarayotganini bildirdi.

Ayni damda O‘zbekiston prezidentining tashrif buyurgani munosabati bilan Ovro‘po Komissiyasi binosi uzra O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilgan.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC navigation

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.