Сўнгги янгиланиш 1 декабр 2011 - 13:44 GMT

O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘tgan yili to‘qsonga yaqin a‘zosini yo‘qotgan

O‘zbekiston Islomiy Harakatining o‘tgan yili halok etilgan jangarilarining aksariyati afg‘onistonlik bo‘lishgan

"Al-Qoida" tarmog‘iga aloqadorlikda ko‘riluvchi "O‘zbekiston Islomiy Harakati" o‘tgan yili o‘ldirilgan qo‘mondonlari va jangarilarining ro‘yxatini e‘lon qilgan.

The Long War Journal veb sahifasi xabariga ko‘ra, ular O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Rossiya, Afg‘oniston, Pokiston va Olmoniyadan bo‘lishgan.

Harakatning bu xususdagi bayonotidan parchalarni jihodiy internet sahifalarni kuzatib boruvchi SITE Intelligence Group e‘lon qilgan.

O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘z bayonotida halok bo‘lgan a‘zolarining tarjimai hollari, ayrim hollarda esa, suratlarini chop etgan.

Ro‘yxatga qaralsa, ulardan aksariyati (64 tasi) afg‘onistonlik bo‘lishgan va kelib chiqishlari aynan O‘zbekiston bilan chegaradosh shimoliy mintaqalarga borib taqaladi.

Qolganlaridan 10 nafari Tojikiston, 6 nafari Qirg‘iziston va eng ozi, ya‘ni 4 nafari O‘zbekistondan ekanliklari ma‘lum bo‘lgan.

Afg‘onistondagi xalqaro ittifoq kuchlari O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolarining so‘nggi yillarda Afg‘onistonning shimoliy Bag‘lon, Faryob, Qunduz, Sari-Pul va Taxor viloyatlarida yana faollashganini bildirishgandi.

Harakat jangarilari Afg‘onistondagi toliblar bilan bir safda jang olib borishadi va ularning Tolibonning shimoldagi soya hukumati tarkibiga kirganliklari ham aytiladi.

O‘zbekiston Islomiy Harakati

Tohir Yo‘ldoshning o‘limidan bir yil o‘tib, o‘tgan sentyabr oyida uning kuyovi Usmon Odil O‘zbekiston Islomiy Harakatining rahbari etib tayinlangandi

Guruhning faoliyatini yaqindan kuzatib kelayotgan ekspertlarga ko‘ra, ularning bugungi faoliyatlariga oid yangi va 100% ishonchli ma‘lumot yo‘q.

Ammo ularning Pokistonning qavmlar yashovchi Shimoliy Vaziriston mintaqasidan Afg‘oniston shimoliga o‘tishga urinayotganliklariga oid xabarlar bor.

O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari bundan 10 yil burun Afg‘onistonning Amerika boshchiligidagi ishg‘oli ortidan Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlariga qochib o‘tishga majbur bo‘lishgandi.

NATO ham o‘tgan bir necha yil davomida Afg‘onistonning Qunduz doxil shimoliy viloyatlarida O‘zbekiston Islomiy Harakatining a‘zolarini o‘ldirgani yoki qo‘lga olganini da‘vo etib keladi.

Guruhning Afg‘oniston shimolidan turib, O‘zbekiston va Tojikistondan yangi jangarilar yollayotganiga oid xabarlar ham bor.

Ammo, shunisi ayonki, yo‘lboshchisi Tohir Yo‘ldoshning o‘limi ortidan O‘zbekiston Islomiy Harakatining faoliyati ancha zaiflashgan va hujumlarining sur‘atiyu ko‘lami ham avvalgidek emas.

Ular Pokiston va Afg‘onistonda Tolibon harakati hamda "Haqqoniy" jangari guruhining qo‘llovi bilan harakat qilishadi.

Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, bugun O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilarining sonini bir necha yuzta deyish mumkin.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.