Сўнгги янгиланиш 17 ноябр 2011 - 13:36 GMT

Toshkent viloyatida vahhobiylikda ayblangan 16 nafar dindorga hukm o‘qildi

Ayblanuvchilarning yaqinlari O‘zbekiston rahbariyati va adliya tizimini "qarg‘ashgan"

Toshkent viloyatida o‘tgan yopiq mahkamada vahhobiylikda ayblangan 16 nafar dindor 6 yildan 12 yilgacha qamoq jazolariga mahkum etilgan.

Bu haqda xabar bergan norasmiy O‘zbekiston Inson mustaqil inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhiga ko‘ra, Yangibozor shahrida o‘tgan mahkamada Yangiyo‘l tumani yashovchilari bo‘lgan 16 nafar shaxs diniy-ektremistik tashkilot tuzish, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz hamda davlat chegarasini buzishda aybdor, deb topilgan.

Inson huquqlari himoyachilari Yuqori Chirchiq tuman mahkamasida, favqulodda xavfsizlik choralari ostida o‘tgan jarayon haqida mahkama boshlanganidan bir necha kun o‘tib, ayblanuvchilarning yaqinlari orqali xabar topishgan.

Tashabbus guruhining ayblanuvchilar yaqinlariga iqtibosan bildirishicha, shu yil yozida yangiyo‘l tuman militsiyasi tomonidan hibsga olingan ayblanuvchilar dastlabki tergov davrida qiynoqqa solingan va iqrorlik ko‘rsatmalari berishga majburlangan.

"Tergovchi mahbuslarni shafqatsiz qiynoqlar ostida oq qog‘ozga imzo chekishga majburlagan", deyiladi xabarda.

"Qarg‘ish"

Mahkamani kuzatgan inson huquqlari faoli Sur‘at Ikromovning aytishicha, hukm e‘lon qilinganidan so‘ng, undan larzaga kelgan ayblanuvchilarning yaqinlari yig‘lab, dod-faryod solishgan va "repressiya qilingan dindorlarning qarovchisiz qolgan ayollari, bolalari va keksa ota-onalari uchun mamlakat rahbariyati va adliya tizimini Alloh nomi bilan qarg‘aganlar".

Mahkama binosi avtomat bilan qurollangan maxsus kuchlar tomonidan o‘rab olingan va tevarak-atrofdagi uylarning tomlariga merganlar qo‘yilgan.

Mahkamaning so‘nggi majlisida qo‘rqitilgan ayblanuvchilar ayblari isbotlanmaganiga qaramay, kechirim so‘rashgan.

Sur‘at Ikromovga ko‘ra, ayblanuvchilarning himoyachilari va yaqinlari mahkama hukmini asossiz va buyurtma, deb bilishadi.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda minglab dindorlar Islomga mustaqil ravishda amal qilganlari uchun mahkum etilganliklar.

Mamlakat qamoqxonalarida keng qo‘llanilishi aytiladigan qiynoqlarning asosiy qurbonlari ham diniy e‘tiqodi uchun qamalganlar, deb ishoniladi.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC navigation

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.