Internet kim uchun qo‘poruvchi kuch?

Matbuot xabarlariga ko‘ra, O‘zbekiston parlamenti quyi palatasi qo‘mitasi rahbari Internetdagi qo‘poruvchi kuchlarga qarshi kurashga chaqirgan.

Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsion texnologiyalar qo‘mitasi raisi Abdurashid Jo‘raboyevning aytishicha, O‘zbekistonga qarshi Internetda axborot urushi olib borilayapti.

O‘zbek rasmiylari "qo‘poruvchi kuchlar" deganda nima nazarda tutilganini ochiqlamaganlar, biroq sharhlovchilar fikricha, bunga "Arab inqiloblari" ortidan O‘zbek muxolifatining Internetda faollikni kuchaytirgani sabab bo‘lmoqda.

Matbuotda paydo bo‘lgan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsion texnologiyalar qo‘mitasi raisi Abdurashid Jo‘raboyev Internetdagi qo‘poruvchi kuchlarga qarshi kurashish zarurligi haqida parlament majlisida gapirgan.

"Internet bizning davlatimiz, hukumatimiz va hatto prezidentimizga qarshi ig‘vogorona axborotga to‘la. Bu qo‘poruvchi kuchlar, g‘alamislar bizning muvaffaqiyatlarimizni badnom qilayaptilar. Ularga qarshi rejali kurash olib borilishi kerak", deya Abdurashid Jo‘raboyevdan iqtibos keltirgan ommaviy axborot vositalari.

O‘zbekistonda to‘siq qo‘yilgan "Uzmetronom.com" Internet sahifasining Bosh muharriri Sergey Yejkov, parlament qo‘mitasi rahbari O‘zbekiston prezidentining nuqtai nazariga qarshi fikr bildirishi mumkin emas, deb hisoblaydi.

"O‘zbekiston prezidenti aksincha, Internet global miqyosda axborot almashish vositasiga aylanganini urg‘uladi hamda O‘zbekiston o‘z kelajagini ushbu vaziyatdan kelib chiqib qurishi lozimligini aytdi", deydi Sergey Yejkov.

Parlament qo‘mitasi rahbari Internetning har qanday kuchning bo‘lgani singari ham yaratuvchanlik va ham qo‘poruvchilik xususiyatiga ega ekanini ta‘kidlash niyatida bo‘lgandir, deydi "Uzmetronom.com"

Ko‘plab tahlilchilar fikricha, shu yil boshida qator Yaqin Sharq mamlakatlarida aksilhukumat namoyishlari uzoq yillik hukmdorlarni qudratdan ketkazgani hamda ommaviy chiqishlar Internet vositasida tashkillashtirilgani O‘zbekiston mulozimlari tomonidan xavotirlik bilan qabul qilindi hamda O‘zbekistonda bunday hodisalar takrorlanmasligi choralari ko‘rildi.

"Arab bahori"dan ruhlangan xorijdagi O‘zbek muxolifati shu yil may oyida birlashishga qaror qilgan va O‘zbekiston Xalq harakati tashkil etilgan, bu harakat O‘zbekistonda hukumatni nozo‘ravonlik yo‘llari bilan almashtirish maqsadini o‘z oldiga qo‘yganini e‘lon qilgan.

O‘zbekiston Xalq harakati o‘z faoliyatida Internetdan keng foydalanishini bildirgan.

Mustaqil jurnalist Qudrat Bobojon aytishicha, Xalq harakati faollarining O‘zbekistondagi huquq-tartibot organlari xodimlariga qo‘ng‘iroq qilib, fuqarolarni ta‘qib etmang, degan mazmundagi qonuniy talabni qo‘yganlari, O‘zbekiston rasmiylari tomonidan qo‘poruvchilik amali, deb ko‘rilayotganining bir isbotidir.

O‘zbekistonda hukumat nuqtai nazaridan farq qiladigan qarashlarni yoritib boradigan Internet saytlariga to‘siq qo‘yilgan. Ammo aholisining soni soni rasman 28 milliondan oshgan deb aytilayotgan mamlakatda Internet foydalanuvchilar soni tezlik bilan ko‘payayotgani, shu yil aprelida ularning soni 7 milliondan oshgani xabar qilingan.

Internet makonida "Prezident Karimovni diktator deb atash mumkinmi?" degan sarlavhalar bilan maqolalar ham paydo bo‘layotgan ekan, kuzatuvchilar bundan keyin O‘zbekistonda Internet nazorati kuchaytirilishini kutish mumkinligini bildirishadi.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC navigation

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.