Сўнгги янгиланиш 13 сентябр 2010 - 15:15 GMT

NATO: 'O‘zbekiston Islomiy harakati rahbarlaridan biri o‘ldirilgan'

Afg‘onistondagi NATO boshchiligidagi ittifoq kuchlariga ko‘ra, shu oy boshida shimoliy Tahor viloyatiga uyushtirilgan havo hujumlari chog‘ida O‘zbekiston Islomiy harakatining rahbarlaridan biri o‘ldirilgan.

NATO harbiylarining aytishlaricha, Muhammad Amin o‘z vaqtida Tolibon harakatining Tahor viloyati bo‘yicha rahbari muovini ham bo‘lgan.

Ammo tahorlik mas‘ullar hujumga uchragan karvon orasida biror bir xorijiy jangari bo‘lmaganini aytishmoqda.

Harakatning sobiq rahbari Tohir Yo‘ldoshning o‘tgan yili Pokistonda, amerikaliklarning havo hujumlarida o‘lgani ishoniladi.

Buning ortidan paydo bo‘lgan xabarlarda uning o‘rniga kuyovi Usmon Odil tayinlangani aytilgandi.

"Al-Qoida" tarmog‘i bilan yaqindan hamkorlik qilgan O‘zbekiston Islomiy harakati AQSh boshchiligidagi ittifoq kuchlarining Afg‘onistonga 2001 yilgi ishg‘oli ortidan Pokistonning qavmlar yashovchi Janubiy Vaziristondan mintaqasidan boshpana topgandi.

Ammo Pokiston xavfsizlik kuchlarining o‘tgan yili mintaqada olib borgan yirik harbiy amaliyotlari ortidan guruhning yana Afg‘oniston shimolida faollashgani kuzatiladi.

Harakat a‘zolarining soni borasida aniq raqamlar yo‘q.

Ularning bir necha yuz atrofida bo‘lishi taxmin etiladi.

Bi-bi-si so‘nggi rivojlanishlar manzarasida harakatning bugungi ahvoli haqida batafsilroq ma‘lumot olish uchun peshovarlik jurnalist Rahimuloh Yusufzay bilan bog‘landi:

Rahimulloh Yusufzay: O‘zbekiston Islomiy harakati turli xil davlatlarda faoliyat olib boradi. Pokistonning qavmlar yashovchi mintaqalarida, qisman Afg‘onistonda, O‘zbekiston va Tojikiston kabi Markaziy Osiyo mintaqasida ham o‘z a‘zolari va tarafdorlariga ega, deb o‘ylayman. Lekin harakatning markazi Pokistonning Vaziriston hududida. Afg‘onistondagi Tolibon tuzumi qulagan 2001 yildan buyon harakat a‘zolarining soni borasida aniq bir raqam yo‘q. Pokistonlik mas‘ullarning ma‘lumotlari ham bir xil emas. Menimcha, ularning sonini yuzlab deb ayta olamiz. Chunki orada kechgan turli xil janglarda ularning aksariyati o‘ldirilgan yoki qo‘lga olingan. Harakatga uzoq yillardan buyon Tohir Yo‘ldosh rahbarlik qilib kelgan. O‘tgan yili uning o‘ldirilganiga oid xabarlar tarqaldi. Yana yaqinda ham. Shuning uchun hozir hamma Tohir Yo‘ldosh o‘lganiga ishonadi. Tohir Yo‘ldoshning o‘limi ortidan boshqa bir shaxs uning o‘rniga tayinlangandi. Ammo kimligi aytilmagandi. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, hozir harakatga Tohir Yo‘ldoshning kuyovi Usmon Odil rahbarlik qilmoqda. Menimcha ham bu to‘g‘ri bo‘lsa kerak, ya‘ni harakatning asosiy qanoti Usmon Odilning qo‘l ostida. Va ular Pokistonda joylashgan.

Savol: O‘zbekiston Islomiy harakati yangi a‘zolarni yollayotgan bo‘lishi mumkinmi? Agar shunday bo‘lsa, kimlarni yollayapti? Bu xususda qanday xabarlar bor?

Rahimulloh Yusufzay: Menimcha, ular O‘zbekistondan harakatga yangi a‘zolarni yollashga harakat qilishayapti. Bundan tashqari, mahalliy ittifoqchilar topishga ham urinishmoqda. Biroq bu oson ish emas. Chunki O‘zbekiston bilan Pokistonning Vaziriston mintaqasi bir-biridan ancha olisda joylashgan. Borish-kelish oson emas. Harakat yangi a‘zolarni yollayman deganda ham ularning katta sonda O‘zbekistondan bu yerga kelishlari yoki xizmatga yollovchilarning u yerga borishlari oson ish emas. Harakat yangi xizmatga yollayotganlari bilan taqqoslaganda ko‘proq a‘zolarini qurbon bermoqda. Shu sababdan ham, menimcha, kuchi qirqilib bormoqda.

Savol: O‘zbekiston Islomiy harakatini hozir moliyaviy va harbiy jihatdan kim ta‘minlayapti? Deylik, qurol-yarog‘ masalasida?

Rahimulloh Yusufzay: O‘zbekiston Islomiy harakati o‘zlariga o‘xshash guruhlar bilan hamkorlik qilib kelgan. O‘z vaqtida Afg‘onistondagi "Al-Qoida" tarmog‘i bilan ittifoqchilik qilgan. Ammo asosiy ittifoqchisi Afg‘onistondagi Tolibon harakati bo‘lgan. Harakat ana shu ittifoqchilik orqasidan kun ko‘rgan. Ammo Afg‘onistondagi Tolibon tuzumining qulashi ortidan afg‘on toliblari ham bor-budlaridan mosuvo bo‘lib, Pokistondan boshpana topishgandi. O‘zbekiston Islomiy harakati hozir asosiy ko‘makni Pokistondagi Tolibon harakatidan oladi. Afg‘onistonda jang olib borayotganlari esa, u yerdagi Tolibon jangarilarining qo‘liga qarab qolgan. Harakat "Al-Qoida" tarmog‘idan ham biroz moliyaviy yordam olayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo ularning o‘z manbalari ham bo‘lishi, deylik, Markaziy Osiyo davlatlaridan ham moliyaviy ko‘mak olayotgan bo‘lishlari mumkin. Keyin yana garovgirlik orqasidan ham pul ishlayotgan bo‘lishlari ehtimoli ham yo‘q emas.

Savol: Qudratli deb ko‘rilgan rahbari Tohir Yo‘ldoshning o‘limi harakatning faoliyatiga qanchalik jiddiy ta‘sir qilgan? Ularning harakatlari susaydi, deb ayta olamizmi?

Rahimulloh Yusufzay: Afg‘onistondagi toliblar shimoliy Qunduz viloyatida o‘z faoliyatlarini kuchaytirib, muayyan qismini o‘z nazoratlari ostiga olishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu esa, O‘zbekiston Islomiy harakati a‘zolarining ham o‘tishlari uchun zamin hozirladi. Ular bu yerga Markaziy Osiyo davlatlaridan ham, Pokistondan ham osonlik bilan o‘tib kelishlari mumkin. Ular hozir Qunduz, Mozori Sharif, Badaxshon va Tahorda Tolibon bilan hamkorlikda faoliyat olib borishmoqda. Ya‘ni, bundan to‘qqiz yil burun o‘zlari tashlab chiqqan hududlarga qayta kirib borishga muvaffaq bo‘lishmoqda. Bu jiddiy rivojlanish. Chunki ular bu yerdan judayam osonlik bilan O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonga kesib o‘tishlari mumkin. Bunday manzarada harakatning yangi a‘zolarni xizmatga yollashi ham osonlashadi. Ammo jangarilarini boy berib, rahbarlari Tohir Yo‘ldoshdan mahrum bo‘lganliklari uchun Pokistondagi faoliyatlari sustlashib bormoqda.

BBC navigation

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.