Сўнгги янгиланиш 8 июн 2011 - 13:05 GMT

Turkiya Futbol Uyushmasi: Gus Hiddink 'Chelsea'ga o‘tmoqda

Turkiya Futbol Uyushmasi gollandiyalik taniqli murabbiy Guus Hiddinkning bosh murabbiylikni tashlab, yana "Chelsea"ga qaytishiga tan bergan ko‘rinadi.

Guus Hiddink o‘tgan yildan boshlab Turkiya milliy terma jamoasiga boshchilik qilib kelayotgan va shartnomasining tugashiga yana bir yil qolgandi.

Uyushma rahbarlaridan biriga ko‘ra, gollandiyalik murabbiy "Chelsea"ga yo‘q deyolmaydi.

Belgiya bilan so‘nggi o‘yinida 1:1 durang natija qayd etib, yorqin o‘yin ko‘rsatolmagan bo‘lsa ham, Turkiya milliy terma jamoasining 2012 yilgi Ovro‘po chempionatining final bosqich bellashuvlariga chiqish imkoniyatlari yomon emas.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, Guus Hiddink Mahmut Ozgenerning Turkiya Futbol uyushmasining prezidenti etib qayta saylanmasligidan ham norozi.

"Agar Ozgener o‘z lavozimida qolsa, Hiddink ham Turkiyadan ketish-ketmaslik masalasini o‘ylab ko‘rgan bo‘lardi," deydi uyushmadagi manba.

Boshqa tomondan, "Chelsea"ning taklifi ham yaxshigina ekani bois, Gus Hiddink uni rad etolmaydi va Turkiya Futbol uyushmasi ham buni yaxshi anglab turibdi.

Uyushma rahbarlaridan birining aytishicha esa, "Hiddink har kuni ishlash, milliy chempionat va yana Chempionlar ligasida ham g‘alaba qozonishni istaydi".

Ammo Guus Hiddink "Chelsea"ga qimmatga tushishi tayin. Chunki gollandiyalik murabbiy Turkiya Futbol uyushmasi bilan shartnomasini bekor qilgudek bo‘lsa, moviylar uyushmaga kattagina tovon puli to‘lab qo‘yishlari lozim bo‘ladi.

Turkiya milliy terma jamoasiga bosh murabbiylik qilayotgani uchun Gus Hiddink hozir yiliga 3.6 million euro oladi.

Turkiyalik futbol amaldorlari "Chelsea" Guus Hiddink bilan muzokaralar olib borish xususida halicha rasman murojaat etmagan bo‘lsa ham, bugun-erta shunday taklif bilan chiqishini aytishmoqda.

Agar muzokaralar muvaffaqiyatli yakun topsa, Guus Hiddink 2009 yilda o‘zi Angliya Kubogini olib bergan "Chelsea"ga qaytadi.

O‘sha paytda Rossiya milliy terma jamoasining bosh murabbiysi bo‘lgan Guus Hiddink yarim yilcha moviylarga ham boshchilik qilib turgandi.

Ammo Rossiya milliy terma jamoasining so‘nggi Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsiz ishtiroki ortidan gollandiyalik murabbiy turkiyaliklar bilan yangi shartnoma imzolagandi.

Janob Hiddink o‘shandan buyon berib kelayotgan suhbatlarida "Chelsea" bilan ham, klubning o‘zini Rossiyaga taklif etgan milliarder sohibi Roman Abramovich bilan ham aloqalari uzmay va ulardan o‘z maslahatlarini darig‘ tutmay kelayotganini aytib keladi.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.