Сўнгги янгиланиш 25 январ 2011 - 15:08 GMT

Mirjalol Qosimov: 'Bugun milliy terma jamoamizning yutishiga shubham yo‘q'

Yana sanoqli soatlardan so‘ng Qatarda bo‘lib o‘tayotgan 2011 yilgi Osiyo Kubogining yarim final bellashuvida O‘zbekiston Avstraliyaga qarshi maydonga tushadi.

Bu ikki milliy terma jamoaning Osiyo kubogi o‘yinlari doirasida ilk bor bir-birlariga qarshi to‘p surishidir.

Bundan tashqari, O‘zbekiston ham, Avstraliya ham shu paytgacha hech qachon o‘yinlarning yarim finaliga chiqishmagan.

O‘zbekiston ikki bor, Avstraliya esa, bir bor chorak finaldan pastga qulashgan.

Avstraliyaning Osiyo Kubogi o‘yinlaridagi ishtirokini bor-yo‘g‘i 2007 yilda boshlagani nazarda tutilsa, O‘zbekiston bu masalada raqibiga nisbatan ancha tajribaliroq.

Qit‘a chempionligi doirasidan tashqarida bu ikki milliy terma jamoa ikki bor uchrashishgan.

Ular 2010 yilgi Jahon chempionatining saralash bosqich uchrashuvlarida bir-birlariga qarshi ikki bor maydonga tushishgan.

Ammo har ikki gal ham Avstraliyaning qo‘li baland kelib, O‘zbekiston milliy terma jamoasi mag‘lub bo‘lgan.

Lekin bu gal o‘zbekistonlik futbolchilar ularni yengishga qodir ekanliklarini aytishmoqda.

Ularga ko‘ra, jahon futbolining ta‘mini yaxshi tatigan bo‘lishlari va Ovro‘poning maydonlarida olgan tajribalariga qaramay, ular ham o‘zlariga o‘xshagan odam. Va o‘zlarini hech kim qo‘rqita olmaydi.

O‘zbekistonlik futbolchilar ruhlari balandligi, uchrashuv taqdirini 11 metrlik jarima to‘piga qoldirmay o‘z foydalariga hal qilishlarini aytishmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiysi Vadim Abramov bu gal Osiyo Kubogi o‘yinlarining final bosqichiga chiqish va hatto, kubokni qo‘lga kiritish da‘vosida ekanliklarini bayon qilgandi.

Vadim Abramovning uchrashuv arafasida bergan suhbatlaridan birida futbolda jismonan baquvvat bo‘lish ikkinchi darajali ahamiyat kasb etishi, futbolchilari ruhan kuchli ekani va shu sababdan ham, har qanday raqibni yenga olishlari mumkinligini aytgan.

O‘zbekiston ham, Avstraliya ham guruh bosqich saralash uchrashuvlarini bir xil natija - ikki g‘alaba va bir durang natija bilan yakunlashgan.

O‘zbekistonlik futbolchilar chorak final bellashuvida Iordaniyani 2:1 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga chiqishgan.

Ammo Avstraliya milliy terma jamoasi so‘nggi Osiyo chempioni Iroqni faqat qo‘shimcha vaqtning so‘nggi daqiqalaridagina 1:0 hisobida yengib, ushbu sharafga muyassar bo‘lgan.

Xo‘sh, bu kabi tarixiy maqsadga yetishish yo‘lida Avstraliya o‘zbekistonlik futbolchilar uchun qanchalik kutilmagan raqib bo‘ldi. Biz ushbu savol bilan O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq murabbiysi, o‘z vaqtida O‘zbek futboli yulduzlaridan biri bo‘lgan Mirjalol Qosimovga murojaat etdik:

O‘zbekiston-Avstraliya uchrashuvidan avval to‘rtinchi bor Osiyo chempioni bo‘lish ishqida yongan Yaponiya ilk yarim final uchrashuvida Sharqiy Osiyolik raqibi Janubiy Koreya bilan maydonga tushadi.

Bugungi ikki uchrashuv ortidan esa, 29 yanvar kuni "Xalifa" stadionida yagona kubok uchun kurash olib boruvchi ikki milliy terma jamoaning kim ekani ayon bo‘ladi.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

(Кўпи билан 500 белги)

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.