Matbuot hokimiyatlarni ochiqlikka chaqirdi

  • 18 Avgust 2014
O‘zbek websaytlari hokimiyatlarni ochiqlikka chaqirdi

O‘zbekistonda web sahifalar hokimiyatlarni aholi bilan muloqot qilishdan qo‘rqmaslikka chaqirdi.

Gazeta.uz va kun.uz saytlari aholi poytaxtdagi eng muhim o‘zgarishlarni mish-mishlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali boxabar bo‘layotganini yozgan.

Toshkent shahar hokimiyati ushbu takliflarda jon borligini bildirdi. Mustaqil kuzatuvchilar esa muammo boshqa tashkilotlarda ekanligini aytishmoqda.

Gazeta.uz va kun.uz saytlari Toshkent shahri yo‘llaridagi ta‘mirlash ishlari va bayram tadbirlari tufayli yo‘llarning yopilgani haqida oldindan ogohlantirishlar yo‘qligini yozishgan va yo‘l belgilari qo‘yilsa ma‘qul ish bo‘lishini bildirishgan.

Ko‘proq xohish va istak ruhida yozilgan xabarda haydovchilarni ogohlantirish borasida xorij shaharlarida ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgani aytiladi va bu narsa O‘zbekistonda ham bo‘lishiga umid bildirilgan.

Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi havaskor haydovchi Baxtiyor aka yo‘llarning ta‘miirlash yoki boshqa sabab bilan yopilishini oldindan bilish haydovchilarga qulaylik tug‘dirishini aytdi.

"Bir joyga ketayotgan odam oldinroq bilsa, o‘sha yo‘lni aylanib o‘tish uchun hisobini oladi", - deydi Baxtiyor aka.

Toshkent shahar hokimiyati Axborot xizmati rahbari Husan Ermatov BBC bilan suhbatda web sahifalari yaxshi taklif berishganini bildirdi.

"To‘g‘ri-noto‘g‘ri gap yo‘q, u yerda faqat taklif bor. Judayam yaxshi taklif, biz qo‘llab quvvatlaymiz. Asta sekinlik bilan shu narsaga o‘tishimiz kerak. Bu faqat hokimiyat sayti bilan bog‘liq emas, balki yo‘l qurilishi yoki boshqa tashkilot saytlari bilan bog‘liq narsa. O‘zimizdagi xabardorlikni kuchaytirishga talab qiladigan narsa bu", - deydi Husan Ermatov.

"Bu hokimiyatning ishi emas"

Toshkentdan mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov poytaxtda avtomobil boshqarish jarayonida ogohlantirishlarsiz yo‘llarning yopib qo‘yilish hollariga ko‘p bora duch kelishini bildirdi.

"Bunaqa holatga juda ko‘p tushaman. Bu bo‘yicha O‘zavtoyo‘l va DAN hamda hokimiyat idoralarining ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilib xabar qoldirganman. Lekin buning hammasini haydovchilar va jurnalistlarning faolligi bilan yengib bo‘lmaydi", - deydi Abdurahmon Tashanov.

Jurnalistga ko‘ra, yo‘l sohasidagi faoliyat olib boruvchi O‘zavtoyo‘l tashkilotining matbuot xizmati qilgan ishlari bo‘yicha jurnalistlar oldiga chiqib hisobot bermaydi.

Vaholanki, O‘zbekistonda avtomobil yo‘llarini ta‘mirlash va qurish uchun davlat byudjetidan katta mablag‘lar ajratiladi.

"Ularning bir tizimi bo‘lishi kerak. Yo‘l ta‘mirlanayotgani borasida ogohlantiradigan brigadalari bo‘lishi va hokimiyatlarga yetkazib berishi lozim. Yo‘l qayerda ta‘mirlanayotgan ekan, deb izlab yurishga hokimiyatning ortiqcha xodimi yo‘q-ku. Yo‘l ta‘mirlayotgan odamning o‘zi bu haqda xabar berishi kerak. Ularning tizimi ishlashi kerak", - deydi Abdurahmon Tashanov.

Tashanovga ko‘ra, televideniye orqali yo‘llarni tanqid qilishga qaratilgan ko‘rsatuv qo‘yilgan va unda ham yo‘l quruvchilar qolib hokimiyat tanqid qilingan.

Jurnalist mas‘ul vazirlik yoki agentliklar qolib faqat hokimiyatlarning tanqid qilinishiga e‘tibor qaratdi.

Toshkent shahar hokimiyatida ishlovchi va ismi sir qolishini bildirgan manbaaning ta‘kidlashicha, mahalliy matbuotda so‘nggi vaqtlarda bo‘linish yuzaga kelgan. Tanqidlarning faqat hokimiyatga qaratilishi zamirida biror maqsad yotgan bo‘lishi mumkin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02