Ukraina: Luganskdan qochayotgan odamlar halok bo‘lishdi

  • 18 Avgust 2014

Ukraina armiyasi bildirishicha, mamlakat sharqidagi Lugansk viloyatidan qochqinlarni olib chiqayotgan mashinalar raketalar va minomyotlar bilan o‘qqa tutilishi oqibatida ko‘plab odamlar halok bo‘lishgan.

Novosvitlivka qishlog‘i yaqinida yuz bergan mazkur hujum uchun Ukraina Rossiyaparast isyonchilarni aybladi, ammo isyonchilar ayblovlarni rad qilishdi.

Isyonchilarning matbuot markazi Luganskda og‘ir qurollar bilan qaqshatqich janglar ketayotganini xabar qildi.

Ukraina qo‘shinlari hali ham isyonchilar qo‘lidagi Lugansk tashqarisiga joylashib olganlar. Luganskda esa oziq-ovqat va suv zahiralari tugab borayapti, elektr ta‘minoti ko‘p joylarda uzilgan.

Harbiy voiz Andriy Lisenko Rossiya qurollantirgan "jangarilar" Lugansk sharqidagi yo‘lda ketayotgan qochqinlar karvonini minomyotlar va Grad raketalari bilan nishonga olishganini aytdi.

"Ko‘p odamlar o‘ldirildi, ular orasida ayollar va bolalar ham bor", - dedi u.

Boshqa harbiy voizning aytishicha, odamlar mashinalar ichida tiriklayin yonib ketganlar.

O‘zini "Donetsk Xalq Respublikasi" deya e‘lon qilgan hudud voizi Andrey Purgin isyonchilar karvonga hujum qilishganini rad etdi.

"Ukrainlarning o‘zlari muntazam ravishda bu yo‘lni uchoqlar va Grad raketalar bilan hujumga olishadi. Aftidan ular yana ko‘proq oddiy fuqarolarni o‘ldirishdi, huddi oxirgi bir necha oyda davom etib kelayotgani kabi", - dedi u.

Ukrain qo‘shinlari Luganskka yaqinlashar ekanlar, har kuni yuzlab oddiy fuqarolar shaharni tashlab qochishmoqda.

Lugansk va Donetsk viloyatlari o‘zlarini "Xalq Respublikalari" deya may oyida e‘lon qilishlaridan beri ilk marta Luganskdagi politsiya idoralaridan birida yakshanba kuni ukrain bayrog‘i qayta ko‘tarilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02