Eron Prezidentining kutilmagan twiti

  • 15 Avgust 2014

Eron Prezidenti hijobsiz riyoziyotchi ayolning suratini Twitterda "twit"lash bilan kutilmagan ishni qildi. Uning bu qarori ijtimoiy matbuotda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Asli Eronlik Professor Maryam Mirzaxoniy yaqinda matematika sohasi bo‘yicha eng yuqori xalqaro mukofot bilan taqdirlangan.

Va u Nobel mukofotiga teng ko‘riladigan Filds medalini qo‘lga kiritgan ilk ayol bo‘lgandi.

Prezident Ruhoniy Twitter orqali yangilikdan xursandchiligini bayon qilgan. U: "Filds medalni qo‘lga kiritgan ilk ayol bo‘lgani, biz eronliklarni juda faxrlantirgani uchun #MaryamMirzakhani ga tabriklar", deb yozgan.

Bunga qo‘shimcha u o‘z twitiga olima ayolning ikki fotosuratini ham ilova qilgan.

Bittasi suratda riyoziyotchi olima hijobda, ya‘ni Eron qonunlariga binoan ayollardan talab qilinadigan qiyofada, boshqasida boshi ochiq ko‘rinadi.

Bu akslar qariyb 3,000 marta qayta twit qilingan va internetda izohlarning to‘lib-toshishiga turtki bergan.

Ko‘plar bu munosabatni ikkiyuzlamalik sifatida tanqid qilgan.

"Biz Eron ayollarini ilm olish va u kabi (Maryam Mirzaxoniy nazarda tutilmoqda - BBC) muvaffaqiyat qozonishga bo‘lishga rag‘barlantirasizmi? Yoki, ularga har doimgidek zulm qilasizmi?" deydi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri.

"Eron diasporasi Prezident Ruhoniy Mirzaxoniyning suratini qo‘llaganidan juda xursand..." deydi boshqa biri. Va ikki yil oldin oliygohlarda ta‘lim olishni istagan ayollarga kiritilgan qator cheklovlarni eslatib o‘tadi.

Ayni paytda Ruhoniyning mujdasi yaxshiroq shart-sharoitalar ilinjida Eronni tashlab ketgan ziyoli, oliy ma‘lumotli ayollarni ortga qaytarishga urinish sifatida ham talqin qilindi.

"Bu Eron yoshlarini rag‘barlantiradi. Muhojirlik yagona yo‘l deb o‘ylashga izn bermaydi", deb yozadi yana bir web foydalanuvchisi.

Yaqin yillarda o‘n minglab ayollar faoliyatlaridagi yuqoriroq cho‘qqilar ko‘zlab Ovro‘po va Shimoliy Amerika tomon chiqib ketishgan.

Mirzaxoniyning o‘zi Eronni universitetda bakalavr darajasini bitirib tark etgan va hozir Qo‘shma Shtatlar doimiy yashovchisi hisoblanadi.

Boshqalarning so‘zlariga ko‘ra, Prezidentning kutilmagan qadami yuzasidan juda ozchilik g‘azab izhor qilgan.

"Eron gazetasi" (The Iran Newspaper) Mirzaxoniyning suratini chop qilgan yagona nashr bo‘lgan

Shunga qaramay, milliy matbuot mamlakat rahbarining iziga iz qo‘ya olmagan.

"Eron gazetasi" (The Iran Newspaper) Mirzaxoniyning suratini chop qilgan yagona nashr bo‘lgan. Qolganlar mazkur yangilikdan ustalik bilan o‘zini olib qochishgan.

Eron matbuotida o‘ranmagan ayol suratini berishga o‘ta kamdan-kam holatlarda jur‘at qilinadi. Ular bu bilan hijobni tahqirlash va yo aksil-Islomiy qadriyatlarni targ‘ib qilish kabi ayblovlarga yuz tutishdan qo‘rqishadi.

Bundan oldin Hasan Ruhoniy mamlakatdagi Islomiy kiyinish tartibiga yumshoqroq yondashishiga ishora qilgandi.

O‘tgan yil iyul oyida u "engilroq" kiyingan ayollarga qarshi amaliyotga to‘sqinlik qilgandi.

Yil boshlarida ko‘plab Eron ayollari Facebookda hijobsiz tushgan suratlarini chop qilishgandi.

Sizning fikringiz?

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02