Iroq mahkamasi Malikiyni dastakladi

  • 11 Avgust 2014
Iroq Bosh vaziri Nuri al Malikiy
Iroq Bosh vaziri Nuri al Malikiy

Iroq Oliy mahkamasi Bosh vazir Nuri al Malikiyning uchinchi muddatga qolishga haqli ekani borasida qaror chiqargan.

Sud janob Malikiyning bloki parlamentdagi katta sonli o‘rinlarni egallagani va bu uning yana bir muddat hukumatni boshqarishga haqli ekani borasidagi da‘vosini dastaklashini aytgan.

Mazkur qaror malikiyparast kuchlar Bag‘dod ko‘chalarida nazorat o‘rnatishi manzarasida olingan.

Avvalroq, Iroq Bosh vaziri Nuri al Malikiy mamlakat prezidentini konstitutsiyada belgilangan qonunlarni buzgani uchun mahkamaga berishini bildirgandi.

Boshqa tarafdan iste‘fo chaqiriqlari

Televizion orqali chiqishida janob Malikiy parlament o‘ziga uchinchi muddat bosh vazirlik vakolatini bermagani masalasiga Fuad Ma‘sum aralashmaganidan norozi ekanini aytgandi.

U prezidentni "siyosiy hisob-kitoblar va ... Iroq xalqi manfaatlaridan ba‘zi guruhlarni yuqori qo‘yish bilan kostitutsiyaga zid ish tutishda" aybladi.

Janob Malikiyning koalitsiyasi aprel oygi saylovlarda aksar o‘rinlarni egallagan, biroq parlament unga uchinchi muddat bosh vazirlik vakolatini bermagan.

Mamlakat shimolida jihodiy isyonkorlik avj olishi ortidan Nuri al Malikiyning iste‘fosi talab qilindi.

O‘zi shialardan bo‘lgan Malikiyning tanqidchilari uni mazhablararo masalalardagi siyosati bilan bugungi inqirozni keltirib chiqarganlikda ayblashadi.

Bosh vazir iste‘fosini talab qilayotgan sunniylar va kurdlar safiga uning o‘z shia mazhabdoshlari qo‘shilishgan.

Qo‘shma Shtatlar janob Ma‘sumni dastaklab bayonot bergan. Amerika Iroqda barcha tomonlarni qamrab oluvchi hukumat tuzishga undab keladi.

Bosh vazirni dastaklovchi xavfsizlik kuchlari Malikiy janoblari nutq irod qilishidan biroz oldin Bag‘dod atrofidagi asosiy mavqelarni egallab olishgan.

Ammo, zo‘ravonliklar yuz bergani haqida xabarlar yo‘q.

Avvalroq, Iroq kurdlari Islomiy jangarilarni yengish uchun xalqaro harbiy yordam talabi bilan chiqishgandi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari allaqachon "Islomiy Davlat"ning Kurdiston markazi bo‘lmish Erbil yaqinidagi jangchilarini nishonga oluvchi qator havo hujumlari uyushtirgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02