MN17 qulagan joyga ekspertlar nihoyat yetib borishdi

  • 31 Iyul 2014
Xalqaro tergovchilar ishiga qaqshatqich janglar to‘siq bo‘lib kelayotgandi

Ukraina hukumati harbiy amaliyotlarni to‘xtatishi ortidan xalqaro ekspertlar mamlakat sharqida MN17 uchog‘i qulagan joyga nihoyat yetib borganlar.

Avstraliya va Gollandiya politsiyasi mutaxassislari Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining karvoni tarkibida yetib kelishdi.

Hukumat qo‘shinlari va isyonchi kuchlar o‘rtasidagi janglar ularning halokat hududiga yetib borishlariga to‘siq bo‘lib kelayotgandi.

Avstraliya hukumati fojea joyida 80dan oshiq jasadlar qolayotganiga ishonadi.

Mashinalardan chiqar ekanlar, ekspertlar ikki hafta oldin nobud bo‘lgan yo‘lovchilarni xotirlab bir daqiqa sukut saqladilar.

Mutaxassislar yetib kelganida ham yaqin orada portlash ovozlari eshitilgan.

AFP jurnalisti halokat joyidan 10 chaqirimlik masofada "qudratli" portlash yuz bergani va havoga qora tutun burqsib ko‘tarilganini aytdi.

Rossiya aviatsiyasi mutaxassilar ham halokat joyini borib ko‘rish uchun Ukrainaga kelganlar.

Avvalroq Ukraina parlamenti Malayziya uchog‘i qulab tushgan hududga xalqaro qurolli politsiya joylashtirilishi taklifini bir ovozdan qo‘llab quvvatlagan.

Taklifga binoan, uchoq qulagan hududga 950 nafar Gollandiya va Avstraliya politsiyachilari joylashtiriladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02