Ukrainada Malayziya yo‘lovchi uchog‘i halokatga uchragan

  • 17 Iyul 2014
Amsterdamdan Kuala-Lumpurga parvoz qilgan uchoqda 280 yo‘lovchi, 15 ekipaj a‘zosi bo‘lgan

Olinayotgan xabarlarga ko‘ra, bortida 295 inson bilan Amsterdamdan Kuala-Lumpurga parvoz qilayotgan Malayziya uchog‘i Ukrainaning Rossiya chegarasiga yaqin hududida halokatga uchragan.

Parvoz nomi MH 17 bo‘lgan "Boing-777" uchog‘i bilan Ukraina osmonida aloqa to‘satdan uzilgani haqida xabar qilgan "Malayziya Havo yo‘llari" shirkati.

Uchoqda 280 yo‘lovchi, 15 ekipaj a‘zosi bo‘lgan.

Ukraina Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Anton Gerashchenkoning Facebook da yozishicha, 295 odamni olib ketayotgan uchoq Ukraina sharqida urib tushirilgan.

Boshqa bir ukrain rasmiysi aytishicha, uchoq o‘zining har doimgi yo‘nalishi - yer sathidan 10000 metr balandlikda radarlardan g‘oyib bo‘lgan.

Bu joylarda Ukraina armiyasi bilan rossiyaparast bo‘lginchilar o‘rtasida janglar bormoqda.

"Hozirgina Torez aholi maskani ustida terrorchilar Putin taqdim etgan "Buk" raketa kompleksi bilan Kuala - Lumpur - Amsterdam fuqarolik uchog‘ini urib tushirganlar. Bugun ertalab mahalliy vatanparvarlar bunday komplekslarning Torez tarafdan Snejnoye tomonga harakatlanayotganini ko‘rganlar", deb yozgan Ukraina Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Anton Gerashchenko.

Rossiyaning ITAR-TASS axborot agentligi xabar qilishicha, uchoq Rossiya chegarasidan 60 kilometrcha uzoqlikda yerga qulagan.

Rossiyaning boshqa bir axborot agentligi "Interfaks" xabariga ko‘ra, uchoq Donetsk shahridan 80 kilometr uzoqlikda, Snejnoye aholi maskani yaqinida qulagan.

Ukrainaning Donetsk viloyati Torez shahri yashovchilariga tayanib Rossiyaning "RIA Novosti" agentligi xabar qilishicha, AN-26 uchog‘i qulagan.

"Biz uchoqqa raketa urilganini, portlash yuz berib, orqasidan qora tutun qoldirib yerga qulaganini ko‘rdik. Osmondan qandaydir qoldiqlar to‘kildi", deb aytgan mahalliy odamlar.

Torezliklar "Boing" uchog‘ini AN-26 deb qabul qilgan bo‘lishlari mumkin.

O‘zlarini Donetsk xalq respublikasi deb e‘lon qilgan bo‘lginchilar Malayziya yo‘lovchi uchog‘i halokatiga aloqalari yo‘qligini aytgan.

O‘zini Donetsk xalq respublikasi xavfsizlik kengashi a‘zosi deb taqdim qiladigan Sergey Kavtaradze Ukraina armiyasini uchoqni urib tushirishda ayblagan.

Uning aytishicha, bo‘lginchilar qo‘lida 10 kilometr balandlikdagi uchoqni urib tushiradigan qurol yo‘q."Bizning ko‘chma zenit-raketa tizimlarimiz eng balandi uch ming metrdagi nishonni ura oladi. Uchoqni Ukraina tomoni urib tushirgan", deb aytgan Sergey Kavtaradze.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002