BBC navigation

Gulnoraning sheriklari yana mahkamaga tortiladimi?

Сўнгги янгиланиш 15 июл 2014 - 13:31 GMT

Madumarov va Avakyan Gulnora Karimova biznes imperiyasidagi eng asosiy o‘yinchilardan edilar

BBC manbalaridan olingan xabarlarga ko‘ra, Gulnora Karimovaning yaqin hamkorlari ko‘rilgan Gayane Avakyan va Rustam Madumarovga nisbatan chiqarilgan hukm hozircha faqat "odam o‘g‘irlash" va "tovlamachilik" ayblovlari asosida chiqarilgan.

Toshkentdagi bir manbaning BBCga aytishicha, mazkur hukmlar Karimova xonimning sobiq bosh hisobchisi va bir vaqtlar Gulnora Karimovaning eng ishonchli xodimi va "o‘ng qo‘li" deb ko‘rilgan Nurmuhammad Sodiqovning o‘g‘irlab ketilishi va noma‘lum joyda ushlab turilishi ishiga bog‘liq.

Manba, ayni damda, Avakyan va Madumarovlarga qarshi iqtisodiy jinoyatlar, xususan soliqdan bo‘yin tovlash bo‘yicha mahkama ishi davom etayotganini aytadi.

Agar haqiqatdan shunday bo‘lsa, bu Avakyan va Madumarovga nisbatan yana yangi mahkama ishlarining o‘tkazilishini anglatadimi?

Toshkentlik advokat Ruhiddin Komilovning BBCga aytishicha, O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksiga binoan, tergovning bir qismi bo‘yicha sud hukmi chiqarilishi va jinoiy tarkibi bo‘lgan boshqa harakatlar tergov etilishda davom etishi mumkin.

"Qolgan epizodlar bo‘yicha alohida sud bo‘ladi. Demak, hali tergov harakatlari davom etayapti, va tugallanmagan xulosalar bor, degani bu. Odam o‘g‘irlash bo‘yicha hukm chiqqan bo‘lsa, demak, bu holat bo‘yicha sud ishi nihoyasiga yetgan. Sudni birlashtirish, tergovni birlashtirish bizning qonunchilikda ko‘zda tutilgan. Sud boshqa holatlar uchun ajrim chiqarishi shart emas, u holatlar bo‘yicha tergov davom etaveradi", - deydi advokat.

Sud ishi xufyona tarzda o‘tar ekan, unda qanday ayblovlar ilgari surilgani va sudlanganlar aynan qaysi jinoyatlar uchun aybdor deb topilganlari noaniq.

Agar, sudlanuvchilar odam o‘g‘irlash, ya‘ni O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 137-moddasi bo‘yicha mahkamaga tortilgan bo‘lsalar, bu jinoyat uchun O‘zbekistonda maksimum 10dan 15 yilgacha qamoq jazosi belgilanadi.

Kodeksning 84-moddasiga binoan, "Soliq va boshqa to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash"da aybdor deb topilgan shaxs 3 yildan 5 yilgacha qamoq jazosiga yuz tutishi mumkin. To‘lanmagan soliqlar qoplangan taqdirda, ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilmaydi.

Prezident qizining fuqaroviy eri ekani ishonilgan Rustam Madumarovga 10 yillik qamoq jazosi berilgan. Ammo sud zalida umumiy avf qo‘llanib, jazoning uchdan bir qismi bekor qilingan va unga 7 yillik qamoq jazosi belgilangan.

Gayane Avakyan esa boshida 9 yilga hukm etilgan, ammo umumiy avf qo‘llanilib, unga 6 yillik qamoq jazosi tayinlangan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

* to'ldirish shart bo'lgan qator


Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.