BBC navigation

Pokiston jangarilarga qarshi yoppasiga kurashga jur‘at qiladimi?

Сўнгги янгиланиш 17 июн 2014 - 13:34 GMT

Kobul ham Vashington ham Pokiston harbiylaridan Al-Qoida va Toliblar qoldiqlarining Afg‘oniston bilan chegaradosh hududlardan tozalash haqida anchadan beri talab qilib keladi.

Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif Shimoliy Vaziristondagi qabilalar istiqomat qiladigan hududlarda harbiy amaliyotlar boshlash haqida buyruq berar ekan, butun mamlakat bo‘ylab shaharu qishloqlar hushyorlik holatiga keltirilgan.

Armiya qo‘mondoni general Rahil Sharif chiqargan bayonotga ko‘ra, qabiladosh hududlardagi "barcha terrorchilar va ularning qarorgohlari yo‘q qilinadi".

Ammo bu masalada turfa savollar o‘rtaga chiqmoqda...

Hozirda harbiylar faqat uchoqlar bilan bu hududlarni bombardimon qilishmoqda, piyoda qo‘shinlar mintaqaga yaqin yo‘laganlaricha yo‘q.

Havo hujumlari Markaziy Osiyodan kelgan jangarilar, xususan O‘zbekiston Islomiy Harakati va Pokistonning Tolibon harakatini nishonga tutmoqda.

Har ikkala guruh ham Pokiston hukumatini dushman sanaydi.

Asosan Afg‘onistonga hujumlar uyushtirib kelgan Haqqoniy tarmog‘i va Vaziristondagi ikki jangari guruhning taqdiri nima bo‘ladi?

Ularga qarshi harbiy amaliyotlar yo‘lga qo‘yiladimi?

Ulardan biri Hafiz Gul Bahodir guruhidir.

Bu guruh Shimoliy Vaziristonni nazorat qiladi.

Ayni guruh o‘z hududidan nafaqat Haqqoniy tarmog‘iga, balki Pokiston Toliblari va Yaqin Sharq hamda Markaziy Osiyodan kelgan jangarilarga ham boshpana bergani ma‘lum.

Mulla Nazir guruhi esa Janubiy Vaziristondagi Vana mintaqasini nazorat qiladi.

Bu guruh ham o‘z amaliyotlarini Afg‘onistonga qaratib keladi.

"Do‘stona terrorchilar"

Jangarilar ham bo‘sh kelayotgani yo‘q

Ikkala guruh ham Pokiston bilan tinchlik kelishuvini imzolashgan.

Ammo yaqinda Hafiz Gul Bahodir guruhi agar Islomobod o‘z mintaqasini bombardimon qilishda davom etsa, unda bu kelishuvni bekor qilishi haqida ogohlantirgandi.

Boshqa bir masala esa Pokistonning Afg‘oniston Xo‘st viloyati bilan chegarasidan o‘z kuchlarini olib chiqib ketishi bilan bog‘liq.

Ikki haftadan beri bu chegara qo‘riqlanmaydi.

Shimoliy Vaziriston markazi Mironshohdagi mulozimlarga ko‘ra, aksar jangarilar o‘shandan beri Afg‘onistonga o‘tib ketishgan.

Voqealar rivojiga e‘tibor berilsa, Pokiston o‘zi istamagan guruhlarni Afg‘onistonga quvib chiqarmoqchi bo‘layapti.

Bu yo‘lda Pokiston armiyasi mintaqadagi "do‘stona" jangari guruhlarni ortiq xafa qilishdan xavotirda ekani ham anglashiladi.

Ayni fikrlarni mintaqadagi mulozimlardan biri izhor etdi.

Pokistondan quvilgan jangarilar esa Xo‘stga borgach, u yerda qaytadan kuch to‘plab birlashadilar, bu kabi holat Svatdan quvilgan jangarilar bilan ham bo‘lgan edi.

Ular Afg‘onistonning Kunar va Nuriston viloyatlariga o‘tishib yana birlashgan edilar.

Ammo Kunar va Nuristonga quvilganlar Afg‘onistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qilishga jug‘rofiy jihatdan mushkulliklarga duch kelishgan bo‘lsa, Xo‘st viloyatiga ko‘chajak jangarilar esa Kobulni bemalol nishonga olishlari mumkin.

Aksariyat jangarilar Xo‘st viloyatidan boshpana topar ekan, kuzatuvchilarga ko‘ra, ular ko‘proq Afg‘onistonga qarshi hujumlarga e‘tibor qaratishadi, ammo ayrim unsurlar yana Pokistonga qaytishi mumkin.

Pokistonda qolayotgan "do‘stona" jangari guruhlar taqdiri nima bo‘ladi?

Aslida ayrim kuzatuvchilar Toliblarning qo‘llab-quvvatlanishi sababi Pokistonning siyosati bilan bog‘liq deyishadi.

Ya‘ni,Toliblar tomonidan Kobul ishg‘ol qilinsa bu bilan Pokiston o‘zining ashaddiy raqibi Hindistonning qo‘shni mamlakatdagi qadamlarini "qirqib" qo‘yadi.

Bu da‘volarni Islomobod doim rad qilib keladi.

Ammo so‘nggi paytlar jangari guruhlarni qo‘llab-quvvatlash Pokistonga qimmatga tushayotgan ko‘rinadi.

Ayrim guruhlar shu qadar "bebosh" bo‘lishganki, ular Pokiston manfaatlariga zid yo‘l tutishmoqda.

Endilikda Islomobod bu "quvilgan" jangarilarni yana o‘z hududiga sizib kirmasligi uchun jiddiy chora-tadbir ko‘rishni rejalagan.

So‘nggi amaliyotlardan ham maqsad shu – jangari guruhlarni qaytib Pokiston hududlariga kiritmaslikdir.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.