BBC navigation

Tahlil: Iroq parchalanib ketadimi?

Сўнгги янгиланиш 17 июн 2014 - 14:46 GMT

Ал-Қоидага дарс берадиган гуруҳ - "Ироқ ва Шом Исломий давлати"..?

Iroqning muxtor hududi Kurdiston Bosh vaziri fikricha, Iroqning yaxlit davlat bo‘lib qolishi dargumon.

"Sunniy ekstremist jangarilar tobora ko‘p hududlarni bosib olaverar ekan, Iroqning bir butun mamlakat bo‘lib qolishiga ko‘zim yetmaydi", deb aytgan Nechirvan Barzoniy.

BBC muxbiri Jim Muir bilan suhbatda janob Barzoniy aytishicha, Iroqni Mosul shahri bosib olingunicha bo‘lgan holatga qaytarish "deyarli imkonsiz"dir.

Barzoniy: Bu Mosuldan boshlangandi. Biz hozir Mosul ishg‘ol etilishidan avvalgi va keyingi Iroqni ko‘rayapmiz. Menimcha, Iroqdagi vaziyatni avvalgi holiga qaytarish juda ham qiyin bo‘ladi.

BBC: Vaziyatni avvalgi holiga qaytarish uchun nima talab qilinadi?

Barzoniy: Bu muammoga harbiy yo‘llar bilan yechim topib bo‘lmaydi. Iroq hukumati bunga siyosiy yechim topishi kerak. Ular siyosiy jarayonni boshlashlari zarur. Buning eng yaxshi yo‘li sunniy qabilalari va jamoalarini siyosiy jarayonga qo‘shishdir. Bugunga kelib sunniylar o‘zlarini unutilgandek, bu jarayondan chiqarib tashlanganday his qilishadi.

BBC: Ya‘ni sizningcha, bu birgina "Iroq va Shom" guruhi qurolli xuruji emas, balki sunniylar isyonidir, shundaymi?

Barzoniy: Albatta, biz bu vaziyatga "Iroq va Shom" guruhining ishtirokini inkor eta olmaymiz. Ammo, bu yerda gap birgina "Iroq va Shom" guruhi haqida bormayapti, deb o‘ylayman. Mening ishonishimcha, bunday vaziyat Bag‘dod hukumatining sunniy hududlarga bo‘lgan munosabati natijasidir. Barcha sunniy jamoalari o‘zlarini tashlandiqday his qilishadi. Men Bag‘dod sunniy jamoalarini siyosiy jarayonga qo‘shilishga ko‘ndirishi kerak, deb o‘ylayman.

BBC: Janob Malikiy qudratda ekan siyosiy yechim bo‘lishi mumkinmi?

Barzoniy: Samimiy bo‘lishimiz kerak: hozirda o‘zaro ishonch yo‘q. Bugunda Malikiy va sunniylar, Malikiy va kurdlar, hattoki Malikiy va shialar o‘rtasida o‘zaro ishonch yo‘q. Meni o‘ylashimcha, bu qiyin masala.

BBC: Amerikaliklar Iroq hukumatiga yordam berishga tayyor ekanliklarini aytishdi. Amerika amalda nima qila oladi?

Barzoniy: Ular amalda istihborot ma‘lumotlari bilan yordam berishlari mumkin. Iroqqa illo qo‘shin jo‘natishlari shart emas. Yordam yo‘llari ko‘p. Ammo, eng avvalo, ular Iroqqa jiddiy yordam berish haqida qaror olishlari zarur.

BBC: Amerika "biz yordam beramiz, lekin Malikiy ketishi kerak", deyishi kerakmi sizningcha?

Barzoniy: Malikiysiz vaziyat yana barqarorlashadigan bo‘lsa, menimcha, Amerika bu ishni qilishi kerak.

"Iroq va Shom Islomiy davlati" kim?

Iroqdagi eng shafqatsiz jangari guruh

Ayni guruh Iroq va Suriya hududlarida faoldir.

"Iroq va Shom Islomiy davlati" (bundan keyin IShID) 2013 aprel oyida "Iroqdagi al-Qoida" tashkilotidan ajralib chiqib mustaqil guruhga aylandi.

Vaqt o‘tishi bilan "Al-Qoida" mazkur guruhning amaliyotlaridan o‘zini uzoqlashtirganidan keyin IShID Suriya hukumati kuchlariga qarshi jang olib borayotgan ashaddiy jihodiy guruhlardan biri bo‘lib qoldi. Ayni paytda guruh jangarilari Iroqda ham harbiy yutuqlarga erishmoqda.

IShID qisqartmasidagi oxirgi "S" arab tilidagi "al-Shom" so‘zi ingliz harflarda yozilishidan kelib chiqqan.

Guruh kattaligi haqida aniq ma‘lumotlar yo‘q, biroq minglab jangarilarni, jumladan, horijiy jihodchilarni o‘z ichiga olgan degan tasavvur keng tarqalgan.

Muhbirlarning aytishlaricha, aftidan IShID hozirgi vaqtda "Al-Qoida"dan ham oshib o‘tayotgan dunyoda eng xavfli jihodiy guruh deb ko‘riladi.

Tashkilotni Abu Bakr al-Bag‘dodiy boshqaradi.

Bu odam haqda ma‘lumot juda kam. 1971 yili poytaxt Bag‘doddan shimoldagi Samarra shahrida tug‘ilgan va 2003 AQSh yetakchiligidagi ishg‘oldan so‘ng isyonchilikka qo‘shilgan deb ishoniladi.

2010 yili u "Iroqdagi al-Qoida" yangi guruhining rahbari sifatida paydo bo‘ldi.

Bag‘dodiy tajribali dala qo‘mondoni va mahoratli xarbiy taktik deb ko‘riladi. Bu omil, tahlilchilarning fikricha, ko‘proq yosh shuhratparast jihodchilarni guruhga jalb etadi.

Misol uchun, "Al-Qoida"ni boshqarayotgan Ayman al –Zavahiriy diniy ulamo bo‘lgani sabab, yoshlar tashkilot a‘zosi bo‘lishga unchalik intilmaydilar.

Londonda joylashgan King's College professori Piter Nyumanning hisobotiga ko‘ra, Suriyada jang olib borayotgan G‘arb mamlakatlaridan kelgan jangarilarning sakson foizi ushbu guruhga qo‘shilgan.

IShIDning da‘vo qilishicha, guruh safida Britaniya, Fransa, Olmoniya va boshqa Ovro‘po mamlakatlari hamda AQSh, Arab dunyosi va Kafqozdan kelgan jangarilar bor.

Suriyaning boshqa isyonchi guruhlaridan farqli o‘laroq, "Iroq va Shom islomiy davlati" Suriya va Iroq bo‘ylab hududlarni qamrab oladigan islomiy amirlikni barpo etishni maqsad qilib qo‘ygan.

Guruh sezilarli harbiy yutuqlarga erishgan. 2013 yilning mart oyida Suriyaning Raqqa shahrini zabt etishga muvafaq bo‘lgan.

Bu esa ilk viloyat markazi isyonchilarning nazoratiga o‘tganini anglatadi.

2014 yilning yanvarida Iroqning sunniylar ozchiligi bilan shialar boshqargan hukumat o‘rtasidagi o‘sib borgan tangliklardan foydalanib, aholi aksari sunniylardan iborat bo‘lgan va Iroqning Anbar nomli g‘arbiy viloyatidagi Faluja shahrini o‘z qo‘liga kiritgan.

Guruhning harbiy harakatlari shu bilan to‘xtagani yo‘q va viloyat markazi hisobolangan Ramadi shahrining yirik qismlarini qo‘lga kiritib, Turkiya va Suriya bilan chegaradosh hududlarda o‘z hozirligini o‘rnatishga qodir bo‘lgan.

Mazkur guruh o‘z nazoratiga olgan hududlarda shafqatsiz usullarni qo‘llayotgan guruh sifatida ham nom chiqargan.

Biroq, bu guruhning iyun oyida Mosul shahrini zabt etgani dunyoni larzaga soldi.

AQShning aytishicha, Iroqning ikkinchi yirik shahrining IShID qo‘liga o‘tishi butun mintaqa uchun havf tug‘diradi.

Ushbu harbiy yutuq guruhni jahonda eng badavlat guruhga aylantirdi.

Boshida, IShID prezident Bashar al–Assadga qarshi guruh kurashini qo‘llab turgan Fors ko‘rfazi davlatlari, hususan Quvayt va Saudiya Arabistonidagi boy shaxslarning xayriya pullariga tayanib turgan.

Bugungi kunda aytilishicha, "Iroq va Shom Islomiy davlati" uning nazorati ostidagi sharqiy Suriyada joylashgan neft konlaridan katta daromad ko‘rmoqda. Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, guruh ishlab chiqarilgan neft ta‘minlovini Suriya hukumatiga qayta sotmoqda. Bundan tashqari, ishonilishicha, tarixiy maskanlardan talon-taroj qilingan antiqa buyumlarni ham sotib kun ko‘rmoqda.

Professor Nyumanning fikricha, shu yilnning iyun oyida Mosulni zabt etishidan oldin, "Iroq va Shom islomiy davlati" naqd puli va mol-mulki 900 million AQSh dollarini tashkil qilgan, nazoratni o‘rnatgach guruh boyligi 2 milliard dollarga oshgan.

Guruh a‘zolari Iroq Markaziy bankining Mosuldagi bo‘limlaridan yuz millionlab dollarni o‘g‘irlashgani borasida xabar qilingan.

Agar shimoliy Iroqning neft konlari ustidan nazoratni ushlab tursa, guruhning moliyaviy boyligi o‘sib boraveradi.

Isyonchilar orasidagi ziddiyat

IShID guruhi Suriyada faol bo‘lgan al-Qoidaning rasmiy ittifoqdoshi bo‘lmish al-Nusra Jabhasidan mustaqil tarzda harakat qiladi va boshka isyonkor guruhlar bilan aloqalari tarangdir.

Bag‘dodiy al-Nusra bilan ittifoq tuzmoqchi bo‘lganida, al-Nusra taklifini rad etganidan beri ikkala guruh alohida faoliyat yuritmoqdalar.

Zavahiriy IShIDga e‘tiborni ko‘proq Iroqqa qaratish va Suriyani al-Nusraga qoldirish borasida chaqiriq bilan chiqqan, biroq Bag‘dodiy va uning askarlari ochiqdan ochiq al-Qoida rahbariga buysunishdan bosh tortganlar.

Suriyaning o‘zida esa safdosh isyonkorlarga hujumlarni uyushtirgani va Suriya muholifatining fuqaroviy dastaklovchilariga tahdid qilgani bois IShIDga nisbatan adovat kuchayib bormoqda

2014 yilning yanvarida G‘arb dastaklayotgan isyonkorlar va boshqa islomiy guruhlar birgalikda Suriyani aksari xorijiy jihodchilardan xalos etish maqsadida IShIDga qarshi qator hujumlarni boshlashgan.

O‘zaro ichki nizolarda minglab odamlar halok bo‘lgani xabar qilingan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.