Braziliya 2014: "Ravshan Ermatov qoyilmaqom qaror berdi"

  • 16 Iyun 2014

O‘zbekistonlik nomdor hakamning bu yilgi jahon chempionatidagi ilk uchrashuvi futbolga ixtisoslashgan turli xalqaro internet nashrlari va G‘arbning yetakchi futbol sharhlovchilari tomonidan ana shunday bahoga sabab bo‘lmoqda.

Ravshan kecha yakshanba kuni Shveytsariya va Ekvador o‘rtasidagi "F" guruhining dastlabki uchrashuviga hakamlik qilish bilan jahon chempionatidagi faoliyatini boshlagandi.

O‘yin 2:1 hisobida Shveytsariyaning g‘alabasi bilan poyoniga yetgan va aynan ikkinchi golga sabab bo‘lgan holatdagi qarori uchun Ravshan bugun dunyo futbol olamidagi ko‘pchilikning olqishlariga sazovar bo‘lgan.

Hammasi 1:1 durang hisobi qayd etilib turgan o‘yinning hakam tomonidan qo‘shib berilgan so‘nggi to‘rt daqiqasi ichida yuz beradi.

Uchrashuvning 93-daqiqasida Ravshan Ermatov Ekvador o‘yinchisi tomonidan qo‘pollik bilan o‘yin qoidasi buzilganiga qaramay, hushtagini chalishning o‘rniga, oyog‘idan chalib yiqitilgan shveytsar futbolchisi Valon Behramiyga o‘yinini davom ettirishga ruxsat beradi.

Xuddi shu nuqtadan boshlangan hujum Haris Seferovichning Ekvador darvozasini zabt etishi bilan nihoyalanadi va Braziliyada birinchi durang natija sifatida qayd etilishi kutilayotgan uchrashuv Shveytsariyaning g‘alabasi bilan yakun topadi.

O‘yinning xuddi shu lahzasida Ravshanning bergan qaroriga baho berarkan, britaniyalik yetakchi futbol sharhlovchilaridan Jon Hartson BBCning 5-radiosi uchun qilgan jonli sharhi chog‘ida "o‘zbekistonlik hakam o‘yinni juda yaxshi boshqarganini" e‘tirof etadi.

"Valon Behramiy chalib yiqitilgan paytda hakam uchrashuvni to‘xtatmay, unga o‘ynashga ruxsat berdi va bu ajoyib natija bilan yakun topdi. Bu – Ekvadorga nisbatan shafqatsizlik bo‘lishi mumkin. Biroq futbolda ayab o‘tirish degan narsa yo‘q", - deydi Jon Hartson.

Xuddi ana shu onlayn matnli jonli sharh chog‘ida o‘z fikrini qoldirgan britaniyalik futbol ishqibozlaridan biriga ko‘ra, "Bu – jahon chempionatida o‘zi guvohi bo‘lgan eng yaxshi hakamlikdir".

Ayni shunday baho kechagi o‘yin ortidan futbol va sportga ixtisoslashgan worldsoccertalk.com, sportsmole.co.uk, www.worldsoccer.com kabi qator xalqaro internet nashrlaridagi tahlillarda ham o‘z ifodasini topgan.

"Biz qator hakamlarning yanglish qarorlari uchun qanchalik tanqidlarga tutilganliklariga guvoh bo‘ldik. Shu bois ham, ular yaxshi hakamlik qilishgan paytda buni olqishlash ham adolatdan bo‘ladi. Jumladan, Ravshan Ermatovning qarori ham mislsiz bo‘ldi", - deb yozadi worldsoccertalk.com web sahifasi.

Ayrim G‘arb internet nashrlaridagi tahlillarga qaralsa, Braziliyadagi jahon chempionatining Shveytsariya va Ekvador o‘rtasidagi u qadar katta e‘tibor topmagan o‘yini aynan Ravshanning hakamlik qarori bilan birinchilikning eng qiziqarli uchrashuvlaridan biriga aylangan.

Ba‘zi bir sport nashrlari esa, uchrashuvning 70-daqiqasida Yosip Drmich tomonidan Ekvador darvozasiga kiritilgan, biroq shveytsar futbolchisining o‘yindan tashqari holatda ekani aytilib, bekor qilingan gollik nuqtani savol ostiga olishgan.

Ularda iddao etilishicha, hakam yordamchisining qaroriga zid tarzda o‘yindan tashqari holat bo‘lmagan.

Ammo, worldreferee.comda e‘lon qilingan ma‘lumotlarga tayanilsa, Ravshan Ermatov hakamlik qilgan ilk uchrashuv 7.6 ball bilan jahon birinchiligida shu paytgacha o‘ynalgan 9 o‘yin orasidan eng yuqori bahoga loyiq deb topilgan.

Eng quyi baho esa, boshqa bir Osiyo qit‘asi vakili, Braziliyadagi jahon chempionatining ochilish uchrashuvini boshqargan yaponiyalik hakam Yuichi Nishimuraga berilgan. U o‘zining ilk hakamligi uchun bor-yo‘g‘i 5.7 ball olishga muvaffaq bo‘lgan, xolos.

Ravshan Ermatovning hakamligi olqishlangan xalqaro internet nashrlaridagi bu kabi chiqishlar o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarining e‘tiborlaridan ham chetda qolmagan.

Ular turli ijtimoiy muloqot tarmoqlarida bu xususda o‘z fikrlarini izhor etisharkan, birlari "Ravshan Ermatov endi jahon chempionatining final uchrashuvini ham boshqarsa kerak", deb bashorat qilgan bo‘lishsa, boshqalari Osiyo qit‘asi vakillari sha‘nini munosib himoya qilayotganini uchun uni maqtashgan.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, Ravshan Ermatov bu galgisi bilan ketma-ket ikkinchi bor jahon chempionatida butun sobiq Sho‘rolar Ittifoqini namoyon etayotgan yagona hakam bo‘ladi.

Uning Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan so‘nggi jahon chempionatidagi hakamlik mahorati ham katta olqishlarga sazovar bo‘lgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002