Barakliklar Qirg‘izistonga ko‘chishmoqda

  • 16 Iyun 2014
Chegarani kesib o‘tish tobora qiyinlashib bormoqda

Qirg‘iziston Favqulodda holatlar vazirligi O‘zbekiston hududida joylashgan Barak eksklavi aholisining mol-mulklarini Qorasuv tumaniga ko‘chirib kelgan.

Hozir O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaraosha munosabatlar qattiq tartibga solingani aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, Barakda hozir o‘ttizdan ko‘proq oila qolgan, xolos.

Imkoniyati borlar esa Barak qishlog‘ini tark etayotganlari aytilmoqda.

Avvalroq Barak aholisi uchun Qirg‘iziston hukumati o‘z hududidan 18 gektar yer ajratib bergan.

Ammo moliyaviy yordam masalasi hal bo‘lmagani uchun hamon qurilish ishlari boshlangani yo‘q.

Barakdan ko‘chganlar esa ijaraga olingan hovlilar va yo qarindosh-urug‘larinikida istiqomat qilishmoqda.

Yoshi saksonni hatlagan Attaqur To‘raqulov chegarani kesib o‘tishdagi qiyinchiliklarga toqat qilib bo‘lmasligini aytadi.

Xuddi shu sababdan u tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ini tark etishga qaror qilgan.

U kabi Barakni tark etayotganlar soni esa borgan sari ko‘paymoqda.

Barak qishlog‘i raisi Burqonbek Ashirov ham hamma muammo chegarani kesib o‘tish bilan bog‘liq bo‘lib qolganini aytadi.

"Ikkala tarafdan ham chegara chizig‘iga tutash hududda vaziyat og‘ir. Bu yerda chorvachilik bilan ham kun qilib bo‘lmaydi. Qoramol soni keskin qisqarib ketdi. Barakda ro‘zg‘or tebratish yil sayin og‘irlashmoqda", deydi Burqonbek Ashirov.

Baraklik ayollardan biri esa, aynan chegaradagi qattiq tartib tufayli u o‘z kasal farzandini shifoxonaga yetkazishga qiynalgan.

"Zo‘rg‘a ulgurdim, o‘g‘limdan ajralib qolar edim", deydi u.

Barak Qirg‘izistonga tegishdi, ammo O‘zbekiston hududida joylashgan yagona eksklavdir.

Ammo ikki o‘rtadagi chegara hududida Barakdagi kabi muammolar talaygina.

So‘nggi yillarda Barak aholisi o‘zaro bordi-keldi masalalarini hal qilishni so‘rab bir necha bor Qirg‘iziston hukumatiga murojaat qilgan.

Hozirga qadar bu murojaatlar bilan barakliklarning ahvoli o‘nglangani yo‘q.

Qaytaga agar chegaradagi o‘tish nuqtalarida vaziyat o‘nglanmasa, Barakda hech kim qolmasligidan xavotirlar yangramoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002