Qrim tatarlari rahbari birdamlikka chaqirdi

  • 19 May 2014
Refat Chubarov millatdoshlarini birdamlikka chaqirdi

Qrim Tatarlari Majlisi raisi Refat Chubarov millatdoshlarini Majlis va Qrim musulmonlari diniy idorasi - muftiyat atrofida birlashishga chaqirdi.

Simferopolda bo‘lib o‘tgan yig‘inda chiqish qilgan janob Chubarov shuningdek Qrimning har bir qishlog‘ida milliy maktablar, sinflar ochish va masjidlar qurishga chaqirdi.

"Biz Qrimda bor edik, bormiz va qolamiz. Nima bo‘lsa ham, Majlis Qrimda ishlayveradi", - dedi janob Chubarov o‘z bayonotida.

Asosan Qrim Tatarlari yashovchi Aq-Masjid shaharchasida bo‘lib o‘tgan ommaviy yig‘inda 7-9 ming nafar inson ishtirok etdi, deb xabar beradi BBC Ukrain Xizmati muxbiri.

Namoyish ishtirokchilari Qrim Tatarlari huquqlarini tiklash talabidagi shiorlar va milliy bayroqlarni baland ko‘tarishgan.

BBC muxbiri so‘zlariga ko‘ra, yig‘in o‘tayotgan hududga ko‘p sonli militsiya kuchlari tashlangan, tepada harbiy tikucharlar aylanib turgan.

Qrim Tatarlari yig‘ini bo‘lib o‘tishi kutilgan Lenin markaziy maydonini ikki mingga yaqin OMONchilar qo‘riqlashgan.

Qrim hukumati 6 iyunga qadar ommaviy yig‘inlar o‘tkazishni taqiqlab qo‘ygandi.

Biroq keyinchalik Qrim Tatarlarining surgun qilingan kunda majsid va qabristonlarda kichik xotira marosimlari o‘tkazishga izn bergan.

Qrim tatarlar 1944 yilda Stalin tuzumi tomonidan nemis fashistlar bilan til biriktirishda ayblanib Markaziy Osiyoga deportatsiya qilingan edi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002