"O‘zbek mulozimida shikoyatga quloq tutish madaniyati yo‘q"

  • 2 Aprel 2014

O‘zbekiston matbuoti xabarlariga ko‘ra, mamlakat Aloqa, Axborotlashtirish va Telekommunikatsiyalar bo‘yicha qo‘mitasidagi yig‘ilishda fuqarolarning Internet orqali davlat organlariga murojaatlariga javoblar samarali yo‘lda ro‘y bermayotganligi tanqid ostiga olingan.

O‘zbekistonda oxirgi vaqtlarda "elektron hukumat" loyihasi amalga oshirila boshlagan bo‘lib, fuqarolarga turli xizmatlar ko‘rsatish va arizalarini qabul qilish Internet xizmati orqali amalga oshirilishini yo‘lga qo‘yishga harakat qilinmoqda.

Lekin biz bilan suhbatlashgan ayrim fuqarolar elektron shakl u yoqda tursin, an‘anaviy tarzda murojaat qilgan fuqarolar arzlariga quloq tutish madaniyati o‘zbekistonlik muzlozimlarda hali shakllanmaganligini aytishdi.

Ulardan biri huquq faoli Jahongir Shosalimovdir. Unga ko‘ra, nafaqasining past qilib belgilanganligi borasida bergan arizasini ba‘zi mulozimlar umuman muhokama qilishdan bosh tortganlar, boshqalari esa shikoyatga quloq tutish o‘rniga do‘q-po‘pisa qilganlar.