Gulnora Karimova: 'Meni kaltaklashdi'

  • 25 Mart 2014

O‘zbekiston Prezidentining qizi Gulnora Karimova yaqingacha Markaziy Osiyodagi eng qudratli shaxslardan biri edi.

O‘tgan yili u “nazardan qoldi”, ammo internetda bundan besh haftacha ham avval anchayin faol edi.

Birdaniga Gulnora sukut qa‘riga cho‘mdi.

Menga yetib kelgan uzun bir maktub tushkunlik va alamzadalik bilan sug‘orilgan edi.

“Menga keskin ruhiy bosim o‘tkazishmoqda. Meni kaltakladilar. Qo‘limdagi kaltak izlarini sanashingiz mumkin”, deb yozadi u.

Maktubda u o‘zining uy qamog‘ida o‘tirgani, kundalik tahdidlar, kamera ostida kuzatuvlar va politsiya nazoratidan noliydi.

Bu maktubni menga O‘zbekistondan jo‘natishdi.

O‘zbekiston dunyoning eng ihotalangan va tazyiqkor rejimlaridan biri.

Maktubni anonim shaxs yo‘llagan va o‘zini “ adolatni tiklash harakatidagi shaxs", deya ta‘riflagan.

Bu shaxs ayni maktub so‘nggi kunlar ichida yozilgani va unga yashirincha olib chiqib berilganini aytadi. Ammo tafsilotlarni oshkor etmaydi.

Maktubga imzo chekilmagan, ammo qo‘lyozma mutaxassisi bilan tekshirilganida ayni xat Gulnora Karimovaga tegishli ekani anglashilinadi.

Karimova xonim dissident emas, u yaqin – yaqingacha o‘z otasining vorisi o‘laroq ta‘riflanardi.

"Men mamlakatda qonun ustivorligi ta‘minlangan deb o‘ylar edim, qanchalar go‘l bo‘lganman”, deb yozadi u.

Karimova xonimga tegishli deb ishonilgan qo‘lyozma bilan bu maktubni solishtirgan mutaxassisga ko‘ra, ayni noma muallifi 75 foiz Gulnora Karimova ekani aniqlandi.

"Asliyat bo‘lmagani uchun 100 foiz o‘xshashlikni topish imkonsizdir, ammo ikki qo‘lyozma muallifi bir kishi ekani ehtimoli juda yuqoridir”, deydi Isroillik mutaxassis Inessa Goldberg.

Bu maktub O‘zbekistonning qudratli shaxslaridan biri qanday qilib pastga qulashi, rejimning asosiy vakillari bilan kurashiga doir ayrim qorong‘u qolayotgan tomonlarni “yoritadi”.

Bu kurash qariyb uzluksiz ravishda Twitterda bayon etilib turdi.

Bir paytlar AQSh diplomatik yozishmalarida mamlakatdagi “eng nafratlanilgan shaxs” o‘laroq ta‘riflangan Karimova xonim o‘z otasi nazaridan tushayotgani, buning oqibati, bizneslarining birin ketin yo‘q qilinishi, TV stantsiyalarining yopilishi, o‘z tarafdorlarining hibs qilinishi, xayriya faoliyati to‘xtalishi haqida Twitter orqali dunyoni ogoh qilib turdi.

Gulnoraning imperiyasi qulab borar ekan, u ochiqchasiga o‘z otasining xavfsizlik bo‘yicha asosiy odami bo‘lmish Rustam Inoyatovni “hokimiyatni egallab olishda” aybladi.

Ba‘zida men va u bir-birimiz bilan tvitterlashdik.

Media va internet keskin tsenzura qilinadigan mamlakatda uning tvitlari bu davlatda nimalar bo‘layotgani haqida misli ko‘rilmagan ochiq bir ishoralarni berardi.

Ammo 16 fevral kuni uning Twitter hisobi ishlamay qoldi.

Uning so‘nggi tviti O‘zbekiston xavfsizlik xodimlari Gulnoraning Toshkentdagi lyuks xonadoniga bostirib kirishidan bir kun avval bitilgandi.

Xavfsizlik xodimlari bu xonadonda bo‘lgan bir necha shaxsni hibs qiladi.

Bundan bir necha oy ham ana shu hibsga olinganlarga biror bir huquq-tartibot xodimining qo‘l tekkizishi tasavvurga sig‘maydigan hol edi.

Gulnoraning ushbu maktubi xavfsizlik xodimlarining bu amaliyoti qanday kechgani haqida ma‘lumot beradi.

"Hammasidan yomoni bunaqa holatda siz inson kabi yasholmaysiz. Sizni kameralar bilan kuzatib borishadi. Qurollangan shaxslar atrofingizda... Asablaringiz charchagan, depressiya...Maxsus kuchlar tomingizda sakrab yurishadi. Narsalaringiz ag‘dar-to‘ntar qilingan. Derazalar, eshiklar sindirilgan va bundan ham battari ko‘zlari bog‘langan shaxsni sudrab olib chiqib ketishadi”, deb yozadi Gulnora.

“Ko‘zlari bog‘langan” shaxs, aftidan, Rustam Madumarovdir. U Karimovaning biznes hamkori va xabarlarga ko‘ra, yigiti hamdir. Rustam va uning yana ikki hamkorini o‘sha tuni hibsga oladilar. Ularni soliq soxtagarligi, pullarni noqonuniy o‘zlashtirish, xorij valyutasiga noqonuniy egalik qilish va pul yuvishda ayblaydilar.

Uzuq-yuluq, ayrim payt tushunish qiyish bo‘lgan bir tilda Karimova xonim so‘nggi haftalarni tasvirlaydi.

“Yuzlab, ehtimolki, minglab sobiq xodimlari hibsga qo‘rqitilgani va hibsga olingani” haqida yozadi.

Gulnoraga ko‘ra, u o‘zi “kerak bo‘lmagan haqiqatlarni” ayta boshlagani uchun jazolanmoqda.

Bu xonadonda televizion yo‘q, internet yo‘q, telefon yo‘q, deydi Gulnora va o‘z qizi Imonning salomatligidan xavotir bildiradi.

Unga yaqin bo‘lgan Toshkentdagi manbaga ko‘ra, Gulnora hozir o‘z qizi 16 yoshli Imon bilan birga uy qamog‘ida qolmoqda.

Bu manba o‘zining kimligini oshkor etishni istamaydi.

Uning aytishicha, AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari Imonni ko‘rgani kelishgan.

Imon Amerika fuqarosidir.

Amerikaning Toshkentdagi elchixonasi o‘z vakillarining Imonni ko‘rgan ko‘rmagani haqida axborot berishdan bosh tortdilar.

Ammo “ Tashqi ishlar vazirligining umumiy siyosatiga ko‘ra, bizning xorijdagi Amerika fuqarolari xavfsizligini ta‘minlashdan ko‘ra yuksakroq vazifamiz yo‘q”, deb javob berdi.

Maktubda Gulnora Karimova o‘z onasi, singlisi va otasining ayrim yaqin ittifoqchilariga qarshi turfa ayblovlarni ilgari suradi.

Ularni reketchilik, shantaj va qiynoqqa solishlarda ayblaydi.

"Bu kabi Pinochet uslubidagi jazolashlar sababi men millionlab insonlar sukut saqlab turgan voqealar xaqida gapira boshladim”, deb yozadi Gulnora.

Ammo aksariyat uchun Gulnora Karimovaning o‘z oilasi va boshqalarga nisbatan bu kabi hujumi ikkiyuzlamachilikdan boshqa hech narsa emas.

Chunki Gulnora mana shu rejimning ayrimlar ta‘rifida “tannoz” vakilasi edi.

Uning yirik biznes imperiyasi bor edi.

Mamlakatda tanilgan pop-qo‘shiqchiga aylangandi.

Moda va san‘at homiysi bo‘ldi.

Xayriyachilik qildi.

O‘zbekistonning BMTdagi vakilasi bo‘lib ishladi.

Men aynan Gulnora Karimova nomi bilan reketchilik yo‘lini qo‘llab biznesi va ishi tortib olingan bir necha o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashganman.

2012 yilda Shved jurnalistlari topgan dalillarga ko‘ra, Shved-Fin telekom shirkati TeliaSonera 2008 yilda O‘zbekiston mobil bozoriga kirish uchun 300 million dollar pora bergan ekan.

Bu pullar izi Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan shirkat tomon ketgani aniqlandi.

Shirkatga 25 yoshli Gayane Avakyan sohiblik qilishi aytiladi.

Gayane Gulnora Karimovaning fuqaroviy turmush o‘rtog‘i va pop-xonanda Rustam Madumarov bilan birga 17 fevral kuni hisbga olingan ikkita ayol yordamchisidan biridir.

Hozirga kelib, bu – korruptsiya bilan bog‘liq Shvetsiya tarixidagi eng yirik hodisaga aylandi va shu hafta dushanba kuni Gulnora Karimova rasman gumondor, deya e‘lon qilindi.

Hozir ushbu jinoiy ish doirasida olib borilayotgan tergov jarayoniga qator Ovro‘po davlatlari va AQShdagi 10 ta shirkat aralashgan.

Ikki hafta burun shveytsariyalik mas‘ullar Karimova xonimga qarshi noqonuniy pullarni o‘zlashtirish aybi bo‘yicha jinoiy ish ochishganini ham e‘lon qilishgandi.

Gulnora Karimovaning o‘zi esa, doimo TeliaSonera shirkatiga biror bir aloqasi yo‘qligini aytib keladi.

Shirkatning o‘zi ham biror bir qing‘ir ish qilmaganini ta‘kidlaydi.

Gulnora esa, maktubida yana bir bor o‘ziga qarshi olib borilayotgan kampaniyaga otasining xavfsizlik xizmati rahbari Inoyatov boshchilik qilayotganini urg‘ulaydi.

“U o‘zini qurbon va otasini kimdir o‘z yo‘liga solgan inson sifatida tasvirlaydi”, - deydi Markaziy Osiyodagi yetakchi Ferghana.ru veb sahifasi muharriri Daniil Kislov.

Kislovning ishonishicha, qizini uy qamog‘iga tashlash va yaqin do‘stlarini hibsga olish buyrug‘ini Karimovdan o‘zga hech kim bermagan bo‘lishi mumkin. Uning aytishicha, O‘zbek rahbari qizini quyushqonga sig‘maydigan hayot tarzi uchun jazolamoqda.

“O‘tgan 15 yil vaqt Karimov xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistondagi inson huquqlari, qamoqxonalardagi qiynoqlar, davlat shifoxonalaridagi majburiya sterilizatsiya va paxta dalalarida bolalar mehnatidan foydalanilayotganiga oid tanqidlariga jiddiy e‘tibor bermasligini ko‘rsatdi”, - deydi Daniil Kislov.

Kislovning iddao qilishicha, Karimovni ko‘proq Gulnoraning o‘g‘ri baron kabi reputatsiyasi qizi muayyan muddat o‘z qo‘liga olgandek ham ko‘ringan O‘zbekistonning xorijiy sarmoya jalb etish imkoniyatlariga yetkazgan ziyoni ko‘proq tashvishlantiradi.

Kislovning taxminicha, hibslar bilan Karimov o‘zboshimcha qizi va dunyoga O‘zbekistonda boshqaruv hanuz o‘z qo‘lida ekanini aytmoqchi.

Og‘ir xasta ekaniga oid gap-so‘zlarga qaramay, 76 yoshli Karimov shu yil fevral oyida Sochida bo‘lib o‘tgan Qishki Olimpiada O‘yinlarining ochilish marosimi chog‘ida hushyor va tetik ko‘rindi. Qudratni hali-veri qo‘ldan beradigan odamdek ham ko‘rinmadi.

Biroq Gulnorani to‘rt devor orasiga solish qarori Karimovning ojizligini ko‘rsatadimi?

Bu aniq bir narsaga dalolat qiladiki, u tap tortib o‘tirmaydigan va juda ko‘p narsalarni biladigan qizi yetkazishi mumkin bo‘lgan ziyondan tashvishda.

Ammo, Gulnoraning internetga imkoniyati to‘sib qo‘yilgani bilan, u hamon o‘z ovozini eshittirishga muvaffaq bo‘layapti.

Menga maktub yuborishi ortidan, u boshqa bir O‘zbekzabon ommaviy-axborot vositasiga ham o‘z xatini yetkazishga muvaffaq bo‘lgan.

Unda Gulnora otasidan xorijga borib, tibbiy muolaja olishiga izn berishini so‘raydi.

“Men bu kabi hodisalar o‘zini zamonaviy va rivojlangan, deya taqdim etib keluvchi O‘zbekistondek davlatda yuz berishi mumkin, deya hech qachon o‘ylamagandim”, - deydi Gulnora menga yozgan maktubida.

“Lekin yaqindan tashlangan nazar menga u yerda kechayotgan voqealarning bor xunuk qiyofasini ko‘rsatdi. Men avval fikrlariga qo‘shilmagan insonlarning so‘zlariga quloq tutish bilan esa, bu kabi hollarning uzoq vaqtdan buyon davom etib kelayotganini angladim”.

Garchi Karimova xonimning ular haqlari himoyachisiga aylanganiga sanoqli o‘zbeklar ishonishsa-da, bu xabar boshqa ko‘plariga o‘xshashib ketadi.