Gulnora Karimova Shvetsiyada jinoyat sodir etganlikda gumondor deb e‘lon qilindi

  • 24 Mart 2014
Bir necha mamlakatda Gulnora Karimova bilan bog‘liq tergovlar davom etmoqda.

Shvetsiyadagi Korruptsiyaga qarshi kurash bo‘limi prokurori Gulnora Karimovani korruptsiya bilan bog‘liq jinoyat sodir etishda rasman gumonlanuvchi deb e‘lon qilgan.

Korruptsiyaga qarshi kurash bo‘limi prokurori Gunnar Stetlerga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova Shvetsiyaning Teliasonera mobil aloqa shirkati bilan bog‘liq pora berish jinoyati yuzasidan hali ham davom etayotgan tergovda gumonlanuvchi deb ko‘rilmoqda.

"Gulnora Karimova Teliasoneraning O‘zbekistondagi amaliyotida poraxo‘rlikka aralashgan deb gumon qilinayapti. 2007 yildan 2010 yilgacha bo‘lgan davrda bir necha jinoiy amallar sodir etgan deb ko‘rilmoqda", deb aytdi BBCga Gunnar Stetler.

Gumonlanayotganlar orasida Teliasonera shirkatining ko‘pchilikka tanish kamida uch xodimi bor, deydi Shved prokurori.

Bu tergovda necha O‘zbekiston fuqarosi jinoyatga aloqador deb ko‘rilayapti, degan savolga Gunnar Stetler, tergov manfaati nuqtai nazaridan bu axborotni oshkor etmaslikni ma‘qul ko‘rishini bildirdi.

Shvetsiya prokurori mahkamaga yo‘llagan ma‘lumotnomasida aytilishicha, Shvetsiya mobil aloqa shirkati O‘zbekistonda pora bergani bilan bog‘liq tergov doirasida 8 mamlakatga so‘rov yuborilgan.

Bu mamlakatlar orasida Shvytsariya, Frantsiya, Turkiya, Hollandiya, AQSh va Rossiya borligi aytilgan.

Bir necha davlatda xuddi Teliasonera ishiga o‘xshash jinoyat tergovlari boshlangan.

Shved prokuraturasiga ko‘ra, shubhali oldi-berdilar ortida Gayane Avakyan emas, Gulnora Karimova turgan va bu oldi-berdilardan salmoqli manfaat ko‘rgan.

Shvetsiya jurnalistlari bu mamlakatning Teliasonera mobil aloqa shirkati O‘zbekiston bozoriga kirish uchun Gulnora Karimovaga pora bergani da‘vo qilingan bu yerga bosing hujjatli filьm tasvirga olishgan va bu filьm televideniye orqali namoyish etilganidan keyin tekshiruv boshlangan edi.

Teliasoneraning O‘zbekistonda mobil aloqa litsenziyasini qo‘lga kiritishdagi sherigi deb ko‘rilgan "Takilant" shirkatining Shvetsiyadagi mablag‘ini muzlatishga qaror qilingan.

Shvetsiyadagi tergov davom etar ekan, Shveytsariyadagi tergov mobaynida bu yerga bosing Gulnora Karimovani pul yuvishda gumonlanuvchi deb e‘lon qilishga qaror qilingan.

bu yerga bosing AQSh Adliya vazirligi va Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari ham Teliasoneraning O‘zbekiston bilan oldi-berdisiga doir tekshiruvlarni boshlagan.

O‘zbekiston prokuraturasi ham Gulnora Karimovaga yaqin kishilar ustidan tergov boshlagan.

Unga yaqin sanalgan uch kishi Toshkentda hibsga olingani xabar qilingan.