BBC navigation

Karimov tinchlikka chaqirdi, lekin Ukrainani tilga olmadi

Сўнгги янгиланиш 19 март 2014 - 14:29 GMT

Каримов тинчликка чақирди, лекин Украинани тилга олмади

Ўзбекистон Президенти Ислом Каримов, ўз таъбирида, "турли минтақаларда" давом этаётган можароларни фақат тинч йўллар билан ҳал қилишга чақирган.

Томоша қилишmp4

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov, o‘z ta‘birida, "turli mintaqalarda" davom etayotgan mojarolarni faqat tinch yo‘llar bilan hal qilishga chaqirgan.

Uning bu chaqirig‘i Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan yillik tantanali yig‘in chog‘ida yangradi.

"Bizning xalqimiz nimani istaydi? Avvalo o‘z yurtida, qo‘shni mintaqalarda, butun olamda tinchlik-osoyishtalik hukm surishini, turli-turli hududlarda hali-beri davom etayotgan mojaro va qarama-qarshiliklar kuch ishlatmasdan, takror aytaman, kuch ishlatmasdan, faqatgina tinchlik yo‘li bilan, zo‘ravonlikni chetga surib, siyosiy muzokaralar yo‘li bilan hal qilishni xohlaydi. Nima deysizlar?", - deb tantana ishtirokchilariga murojaat qildi O‘zbekiston prezidenti.

Tadbir O‘zbekiston televideniyesi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri namoyish etilgan. Bayram tadbirida prezident Karimovning chiqishi 15 daqiqacha davom etdi, hamda u so‘nggi yillarda an‘anaga aylanganidek, raqsga tushishni kanda qilmadi.

G‘arb kuzatuvchilari, jumladan "Vashington Post" tahlilchilari fikrida, Qrimda yuzaga kelgan vaziyat Ukraina va Moskvadan tashqarida eng ko‘p Markaziy Osiyo davlatlari rahbariyatining xavotirlariga sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin.

"Ukraina rahbari Viktor Yanukovichning qudratdan chetlatilishi bilan yakun topgan Ovromaydondagi namoyishlarning muvaffaqiyati Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarini o‘z hokimiyatlarining qanchalik mustahkamligi borasida xavotirga solishi shubhasiz", - deyishadi ular.

Janob Karimov Navro‘z munosabati bilan chiqishida tinchlik va osoyishtalikka chaqirar ekan, Ukraina yo Qrimni nomma-nom tilga olmadi, biroq Rossiyaning tajovuzi va Ukraina xalqining notinch yo‘llar bilan hukumatni ag‘darishi uning o‘y-fikrini qoplagan bo‘lsa ajabmas.

Rasmiy munosabat

Avvalroq, Ukrainadagi voqealarga ilk bor munosabat bildirgan O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi hodisalardan chuqur xavotir va tashvishda ekanini aytgandi.

Vazirlikning "Jahon" axborot agentligi tomonidan tarqatilgan bayonotida aytilishicha, "Ukrainada ro‘y berayotgan voqealar... mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligiga jiddiy xavf solishi mumkin".

O‘zbekiston Ukrainada yuzaga kelgan ziddiyatni xalqaro huquq doirasida tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirgan.

"O‘zbekiston Ukrainadagi muammoli jarayonga aralashgan tomonlar bosiqlik ko‘rsatib, tez orada kelishuvga erishilishiga umid bildiradi", deyilgandi "Jahon" agentligi murojaatida.

O‘zbekistondagi boshqa ommaviy axborot vositalarida Ukraina hodisalariga munosabat hanuz ko‘rinmaydi.

O‘zbekistonliklarning Ukraina voqealaridan qanchalik xabardor va qanday fikrda ekanligini ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan kuzatish mumkin.

Toshkent va viloyatdagi aksariyat aholi Ukrainada nimalar bo‘layotganini Rossiya kanallari orqali kuzatayotganlarini aytishadi.

Ba‘zi tahlilchilarga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston ham Rossiyaning aralashuvisiz muammolarni yecha olishga ko‘zlari yetmagani bois, bunday nozik mavzularda fikr bildirishni xohlashmaydi.

Fevral oyida Ukraina Maydonidagilarni yoqlab Toshkent ko‘chasiga chiqqan bir necha faollar militsiya tomondan to‘xtatilib, mahkama orqali jazoga tortilgandi.

Изоҳлар

 posting

Биринчи бўлиб изоҳ қолдиринг

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.