"Qrimdagi Ukrain harbiylariga Rossiya tarafiga o‘tish sharti qo‘yilgan"

  • 19 Mart 2014

Qrimdagi Rossiyaparast qurolli kuchlar va Ukraina harbiylari ro‘parama-ro‘para kelishi Qrim inqirozining ilk soatlaridan boshlangan.

Qrim Rossiyaniki deb e‘lon qilinganidan keyin Ukraina harbiylaridan yoki Rossiya armiyasiga qo‘shilish yoki Qrimni tark etish talab qilinmoqda.

BBC O‘zbek xizmati Qrimdagi Ukrain harbiylari vaziyatini tushuntirib berishni BBC Jahon xizmati muharriri Oleksiy Soloxubenkodan so‘radi.

Yarim orolda hozir qancha harbiy bor?

Oleksiy Soloxubenko: Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Qrimda 20 ming atrofida Ukraina harbiylari joylashgan. U yerda 38 ta harbiy baza bor. Bu bazalarning ichiga harbiy-dengiz bazalar, piyoda qo‘shinlari, artilleriya, istihborot va harbiy-havo kuchlari bazalari kiradi. Qrimda Rossiyaning 25 ming qo‘shini joylashtirilgani xabar qilingan. So‘nggi voqealar paytida yarim orolga Rossiyadan yana ko‘plab qo‘shimcha qo‘shinlar safarbar etilganini ko‘rdik. Qrimda sirli o‘z-o‘zini boshqarish kuchlari deb atalgan qurollilarni ham ko‘rayapmiz. Xullas, hozir Qrimda yirik sondagi harbiylar jamlanganini ko‘ramiz.

BBC: Xabarlarga qaraganda, hozir Qrimdagi Ukrain harbiylariga Rossiya tarafiga o‘tish sharti qo‘yilgan. Bunga ko‘nmaganlarning esa u yerda oilalari, uy-joyi bor, farzandlari maktablarga boradi. Mana shunday vaziyatda Ukrain harbiylari nima qilishlari kerak?

Oleksiy Soloxubenko: Bu Rossiya hukumatining rasmiy mavqei. Kecha BBC bilan suhbatda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov buni tasdiqladi. Bu chindan ham juda qattiq ultimatum. Siz aytganingizdek, Qrimda uzoq yillardan buyon ishlab kelgan Ukraina zobitlari bor. U yerda ularning mol-mulki bor. Ular Rossiya tarafga o‘tishni istashmaydi. Bu vaziyatga Ukraina hukumati ham qandaydir ta‘sir ko‘rsatolmaydi. Chunki Ukraina hukumati na Rossiya, na Qrim rasmiylari bilan muloqot qilmayapti hozir. Shuning uchun ham insoniy nuqtai nazardan bu muammoning yechimi mushkul bo‘lib qolayapti.

BBC: Hozir Qrimdan olinayotgan xabarlarda u yerdagi bizneslarni tortib olish boshlangani xabar qilinmoqda. Bu xabarlar naqadar asosli?

Oleksiy Soloxubenko: Biz olgan oxirgi xabar - bu Qrim rahbarlarining Ukrainaga tegishli bo‘lgan barcha davlat mulklari Qrim tasarrufiga o‘tishi haqida e‘lon qilganlaridir. Qrim Rossiya tarkibiga kirdi deb e‘lon qilingani uchun endi bu mol-mulk Rossiya davlat mulkiga aylanadi. Qrimda Ukraina davlatiga tegishli banklardan tashqari "Chernomornaftogaz" neft qazib olish shirkati muhim biznes hisoblanadi. Bu shirkat Qrim sohillari atrofida dengizda gaz va neft qazib chiqarish bilan shug‘ullanadi. Agar bu shirkat Rossiya davlat mulkiga aylantirilsa, kuppa-kunduzi sodir etilgan talonchilik bo‘ladi. Allaqachon Rossiyaning "Gazprom" shirkati vakillari Qrimda ekani haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Bundan tashqari, Ukraina savdo-tijorat kemalarining qatnovi nima bo‘ladi, Azov dengiziga nima bo‘ladi - bu savollar Qrimda biznes va iqtisodiyotga bog‘liq mushkulliklar paydo qilgan ko‘pdan-ko‘p savollardan ayrimlaridir.