BBC navigation

Qrimda mustaqil jurnalistlar hujumlarga uchramoqda

Сўнгги янгиланиш 19 март 2014 - 13:37 GMT

Qrimda oxirgi ikki kun ichida kamida olti jurnalist do‘pposlangan, qo‘lga olingan yoki xabar berishiga to‘siq qilingan. Bu haqida qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi xabar tarqatdi.

Unga ko‘ra, yakshanba kuni Qrim hukumati Ukrainadan mustaqilligini e‘lon qilishi bilan yakunlangan referendum ortidan mintaqadagi matbuot erkinligi yanada cheklanishda davom etdi.

Mintaqaviy ziddiyatni mart oyi boshidan beri yoritib kelayotgan jurnalistlar noqonuniy qo‘lga olinishlar, siquvga olishlar va to‘siqlarga uchrab kelmoqda.

"Qrim yashovchilarining kelajagi mavhum qolayotgan bo‘lishi mumkin, lekin u yerda ishlayotgan jurnalistlarning kelajagi porloq emasligi aniq. Biz hukumatni matbuotga voqealarni erkin holda yoritishga ruxsat berishiga va jurnalistlarga banditlar va uchinchi kuchlar yordamida hujumlar qilishni bas qilishiga chaqiramiz", - dedi tashkilotning Ovro‘po va Markaziy Osiyo dasturi muvofiqlashtiruvchisi Nina Ognyanova.

Seshanba kuni noma‘lum va niqobli kishilar Simferopol shahrida Qrimning mustaqil ATR internet nashri muxbiri Ibraim Umerovga hujum qilganlar.

Jurnalist o‘z hamkasblari bilan mahalliy avtosalonga qarshi uyushtirilgan reyd haqida xabar tarqatayotgandi.

ATR nashri Qrimning musulmon ozchiligi bo‘lmish tatar jurnalistlari tomonidan yuritiladi.

Xabarlarga ko‘ra, hujumchilar Umerovni yuziga va oyoqlariga urishgan, hamda uning yozuv jihozlari va telefon batareyasini musodara qilganlar. Jurnalist tizzasi va yuziga olgan jarohatlar ortidan tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan.

Dushanba kuni kamida to‘rt nafar boshqa mahalliy va xalqaro jurnalistlar alohida hollarda hujumga uchraganlar.

Harbiy ustbosh kiygan, hamda pichoqlar va xipchinlar bilan qurollangan kishilar Shvetsiyaning TV4 kanali muxbiri Yoxan Fredrikson va operatori Yachek Machulani Sevastopoldan tashqarida qo‘lga olganlar.

Hukumat ma‘lumotiga ko‘ra, "harbiy inshootlar"ni filmga olayotgani uchun jurnalistlarning pasportlari va yozuv jihozlari musodara qilingan.

Fredrikson va Machula ayblarni rad qilishdi. Kechroq ular o‘z jihozlarini qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldilar.

Simferopoldagi Tergovchi jurnalistlar markazi xabar qilishicha, Yaltada mahalliy "Segodnya" xabar agentligining muxbiri Dmitriy Bunetskiy va suratkashi Sergey Nikolayevga noma‘lum kishilar guruhi hujum qilib, ularni do‘pposlagan.

Hujumchilar jurnalistlarni yerga qulatib, ularning ko‘kraklari va yuzlariga tepganlar. "Segodnya" xabar qilishicha, Bunetskiy va Nikolayevning yuzlari va ko‘kraklari ko‘kargan va tishlari singan.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Изоҳлар

 posting

Биринчи бўлиб изоҳ қолдиринг

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.