Malayziya: Yo‘qolgan uchoq uchuvchilari uylari tekshirildi

  • 17 Mart 2014

Malayziya havo yo‘llarining bedarak ketgan uchog‘i uchuvchilari uylari politsiya tarafidan tekshirilgan. Uchoq 8 kun oldin bordida 239 kishi bilan g‘oyib bo‘lgandi.

Politsiya, shuningdek, 53 yoshli Zahari Ahmad Shoh va uning hamkasbi 27 yoshli Fariq Abdul Hamidning oila hayoti va ruhiy holati bilan ham qiziqqan.

Avvalroq, rasmiylar uchoqning aloqa tizimi ataydan o‘chirib qo‘yilgani borasida aytishgan.

Kuala Lampur-Pekin yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan samolyot o‘z yo‘lini o‘zgartirganiga ishoniladi.

Malayziya Bosh Vaziri Najib Razaqning aytishicha, sun‘iy yo‘ldoshlardan olingan dalillar uchoq aloqa tizimi o‘chirilishidan keyin ham yana yetti soat osmonda uchib yurganini ko‘rsatadi.

Bosh vazirning qo‘shimcha qilishicha, samolyotni Qozog‘istondan tortib Hind ummoniga qadar har qayerda bo‘lishi mumkinligi taxmin etiladi.

Ammo, janob Razaq uchoq olib qochilgan deyishdan tiyiladi, ammo "hamma ehtimollar" tekshirilayotganini aytadi.

Boshida katta e‘tibor qaratilmagan uchoqning olib qochilishi nazariyasi hozir yana ehtimollar ro‘yxatiga kiritilgan.

Uchoqning aloqa tizimi havoda o‘chirib qo‘yilgani haqidagi ma‘lumot uchuvchilar buni o‘z ixtiyorlari bilan qilishganmi yoki majburlanganmi degan savollarni uyg‘otadi.

Buning ortidan esa, uchoqda bo‘lgan shaxslar, yo‘lovchilar va xodimlarga qaytadan diqqat qaratiladi. Tekshiruvchilar bu odamlarda yaqin o‘rtada ruhiy xastalik, oilaviy va yo o‘ta asabiylashuv muammolari bo‘lganmi yo‘qligi bilan qiziqishmoqda.

To‘rt haftagina muqaddam Efiopiya havo yo‘llari uchuvchisi Shveytsariyadan siyosiy boshpana so‘rash maqsadida o‘z samolyotini olib qochgandi.

Malayziya uchuvchilarining ruhiy holatiga oid rekordda qusur ko‘rinmagan esa-da, ularning uylarida baribir tekshiruv o‘tkazilgan.

Terrorchilik borasidagi farazlarga keladigan bo‘lsak, ochiq-oydin gumondorlar yo‘q.

Mintaqadagi bir paytlar qudratli terrorchi guruh sanalgan "Jamoati Islomiya" bu kabi ishni amalga oshirishga qodir deb ko‘rilmaydi.

Xitoy bo‘lginchilari hodisa ortida turganlariga ham shubha qilinadi.

Boshqa biron bir tanilgan guruh mas‘uliyatni zimmasiga olib chiqmadi.

Shunday ekan, bu ish ortida jinoiy maqsadlar yotgani ehtimoli nazardan soqit qilingani yo‘q.

Malayziya hukumat hozir uchoqni qidirish amaliyotlariga 25 davlat qo‘shilganini aytishmoqda. Qidiruv amaliyotlari Markaziy Osiyodan tortib Hind ummoni janubiy hududlariga qadar yerni qamrab oladi.