Iroq shia rahbari Muqtado as-Sadr siyosatdan ketmoqchi

  • 17 Fevral 2014

Iroqning nufuzli diniy ulamosi, shia rahbarlaridan Muqtado as-Sadr o‘zining siyosiy faoliyatini to‘xtatishini e‘lon qildi.

As-Sadr o‘z qarorini islom qoidalariga rioya qilish, o‘z oilasi sha‘nini asrash maqsadi bilan izohlagan. As-Sadr Saddam Husayn davrida otasi va yaqin qarindoshi shahid bo‘lganini eslatadi.

"Men bundan keyin siyosiy ishlarga aralashmaslikni lozim topdim. Mamlakatdagi hech bir partiya hukumatda va undan tashqarida bizning manfaatlarimizni namoyon qilmaydi", - deyiladi as-Sadrning murojaatida.

Muqtado as-Sadrning murojaati saylovlarga ikki oy qolganda bildirildi. As-Sadr siyosatga bog‘liq barcha idoralarini yopishga va‘da bermoqda. Uning aytishicha, bundan keyin ijtimoiy, ma‘rifiy loyihalar bilan shug‘ullanadi.

Ayni paytda imom as-Sadrning tarafdorlari parlamentdagi 325 o‘rindan 40 tasini egallagan.

Muqtado as-Sadr AQSh qo‘shinlarining Iroqqa bostirib kirishiga qarshi chiqishlari bilan yaxshi tanilgan edi.

Shuningdek, u Iroqning ag‘darilgan, so‘ngra qatl qilingan rahbari Saddam Husaynning ashaddiy dushmanlaridan biri hisoblangan. Saddam Husayn qatli payti uning shaxsan o‘zi qatnashgani haqidagi xabarlar chiqqandi.

As-Sadrning "Mahdiy armiyasi" Iroqda Amerika kuchlariga qarshi to‘qnashuvlarda faol ishtirok etgan.

Shuningdek u ko‘p qurbonlarga sabab bo‘lgan shia va sunniy mojarolarida ham asosiy o‘rin tutgan shaxslardan sanaladi.

Biroq oxirgi yillarda shia bosh vazir Nuri Malikiy bilan qarama-qarshilikda yutqazib, ilgarigi nufuziga ta‘sir qilmay qo‘ymadi.

Muqtado as-Sadr diniy oilada voyaga yetgan. Aksilamerika faoliyati bilan shug‘ullangan. Uning "Mahdiy armiyasi" 2006-2007 yillarda odam o‘g‘irlash, qiynoqlar va yuzlab sunniylarning o‘limida ayblangach, Eronga qochib o‘tgan. So‘ngra Nuri Malikiy hukumatiga qarshi kurashadi. Ko‘p jangchilari qo‘lga olinib, tashkiloti tarqalgach, hukumat bilan kelishuv imzolashga majbur bo‘lgan.

As-Sadrning armiyasi Iroqdan Amerika qo‘shinlari chiqib ketishiga hissa qo‘shgan. U Iroq xalqini birlashishga chaqirib keladi.