BBC navigation

'Shaxmat Gulag mahbusini aqldan ozishdan asragandi'

Сўнгги янгиланиш 3 январ 2014 - 15:47 GMT

Devid Edmondsning yozishicha, shaxmat rossiyalik inson huquqlari faoli Natan Shcharanskiyni qamoqxonada aqldan ozishidan saqlab qolgan.

"Bezovta qilmang, men shaxmat o‘ynayapman".

Qamoqxona nozirlari bunga Natan Shcharanskiy jinni bo‘layotgan yoki allaqachon aqldan ozganiga mustahkam dalil sifatida qarashgan.

Chunki, uning hibsdagi hujrasida shaxmat taxtasi yoki donalari u yoqda tursin, na yotoq, na stul va na stol bor edi. Ammo, uni aqldan ozishdan saqlab qolgan narsa bu - shaxmat ekani haqiqat.

Sharanskiy o‘sha paytda yahudiylarning Isroilga ko‘chish huquqlari uchun kampaniya olib borgandi. 1977 yil uning bo‘yniga amerikaliklar foydasiga josuslik qilishga oid to‘qima ayblov qo‘yildi.

Buning ortidan esa, Natan Shcharanskiy umrining 9 yilini Sibirdagi qamoqxonada o‘tkazdi.

Jazo muddatining yarmi bir kishilik kamerada, 400 kuni jazo hujrasida o‘tdi. Unga qariyb ovqat berilmas, kiyimlari shu qadar yupqa ediki, qishda bu qiynoqning bir usuliga aylanardi.

Natan Shcharanskiy bolaligidan shaxmatga iqtidorli edi. 14 yoshida u o‘zi tug‘ilib o‘sgan Ukrainaning Donetsk shahri chempioni bo‘lgandi.

Natan taxtaga qaramay turib, miyasida bir vaqtning o‘zida bir necha o‘yinni o‘ynay olardi. U har doim bunga yarqiroq, ammo foydasiz mahorat sifatida qarardi.

"Biroq, qamoqda bu menga nima uchun kerakligi aniq bo‘ldi", deya xotirlaydi u.

Bo‘m-bo‘sh, muzxonaga o‘xshash jazo hujrasida so‘zlashishga kimsa yo‘q, uning o‘qishi va yozishi taqiqlangandi. Ammo, u miyasida shaxmat o‘ynardi, albatta, u har ikki tomonni - oq donalarni ham, qoralarni ham o‘z yurardi: "Minglab o‘yinlar va men barchasida yutardim".

Stefan Tsveygning shaxmat haqidagi "Shohona o‘yin" asari asosiy qahramoni Doktor Bning taqdiri esa, o‘zgacha yakun topadi.

U ham Shcharanskiy kabi mahbus, xuddi uningdek, barcha vaqtini shaxmat o‘ynash bilan o‘tkazadi. Biroq, Shcharanskiydan farqli o‘laroq u alal-oqibat aqldan ozadi. Tsveygning romanida shaxmatga haddan ortiq mukkasidan ketgan o‘yinchining keng tasavvur qilingan obrazi gavdalantirilgan.

"Shaxmat o‘yinchisining g‘ayrioddiy bo‘lishida hech qanday noodatiylik yo‘q. Bu odatiy hol", degandi yana bir shaxmat haqidagi roman - "Lujin himoyasi" muallifi Vladimir Nabokov.

Bunday ko‘r-ko‘rona qarash ko‘pda shaxmat masterlari elitasi xulq-atvoridan kelib chiqqan. Qo‘shma Shtatlardan yashab o‘tgan ikki mashhur shaxmatchini bunga misol qilib keltirish mumkin.

19 asrda yashab o‘tgan Pol Morfiy ham, 20 asrda dong‘i chiqqan Bobbi Fisher ham odamovi va paranoyya kasaliga yo‘liqishgandi.

Xullas, agar shaxmat ba‘zi odamlarni aqldan ozdirgan bo‘lsa, hayratlanarli hisoblanmaydi.

"Shaxmat odamlarni aqldan ozdirmaydi, u aqldan ozganlarni sog‘ ushlab turadi"

Shaxmat kuchli diqqatni talab qiladi, mashaqqatli aqliy mehnat, har bir yurishdan keyin soatlab davom etadigan fikrlash - yaqin, uzoq, chegarasiz ehtimollarni ko‘rishga urinish, bularning hammasi jonsaraklik alomatlarini keltirib chiqarishi kutiladi.

Aslida shunisi qiziqki, ayrim shaxmatchilar boshqalardan farq qiluvchi va ruhiy o‘zgacha atvorda bo‘ladilar, ammo aksariyat ratsional va his tuyg‘ulari jilovlangan holda qoladi.

Xalqaro masterlardan biri Bill Hartston bir paytlar shaxmat odamlarni aqldan ozdirmaydi, u aqldan ozganlarni sog‘ ushlab turadi, degan gapni aytgandi.

Ammo, Shcharanskiy misolida shaxmat sog‘ odamni jinni bo‘lib qolishdan asragandi.

U uzoq yillik qamoq davrini eslarkan: "KGB meni o‘zimni borgan sari ruhan kuchsiz his qila boshlashimga umid qildi. Aksincha, men o‘zimni borgan sari kuchliroq his qilardim".

Alal-oqibat u Isroilga borib, siyosatga kirarkan, qator masalalarda munozarali, tajovvuzkor pozitsiyalarda turishiga to‘g‘ri keldi va bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga qadar chiqa oldi.

1986 yil uning qamoqdan ozod qilinishi esa, Sovuq Urushning eng esda qolarli lahzalari bo‘ldi.

Hodisa fevralning qahraton kunlaridan birida Berlindagi Sharq va G‘arbni ajratib turuvchi Glinikskiy ko‘prigida yuz berdi. Ikki sho‘ro josusiga almashtirilgan Sharanskiyga ko‘prikdan to‘g‘ri kesib o‘tish buyurildi. Bu xato edi.

Agar Shcharanskiydan talonchi-qallobdek harakatlanishni talab qilsangiz, u o‘zini ruhoniy yoki ritsardek tutadi.

Shcharanskiydan ko‘prikni to‘g‘ri kesib o‘tish buyrug‘iga itoatsizlik bilan zig-zag yurish qilgandi.

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.