So‘rov: Rossiyada dindorlar soni ko‘paymoqda

  • 24 Dekabr 2013
Islom Rossiyada ikkinchi an‘anaviy yirik din sanaladi

"Levada-tsentr" o‘tkazgan so‘rov natijalaridan ma‘lum bo‘lishicha, Rossiyada Pravoslav va Islom diniga e‘tiqod qilayotganlar soni ko‘payib bormoqda va o‘zini dahriy sanaydiganlar kamaymoqda.

So‘rovga ko‘ra, so‘ngi 11 yil ichida pravoslav nasroniylar 18 foizga ko‘paygan.

Agar 2002 yilda so‘ralganlarning yarmi o‘zlarini pravoslav hisoblashgan bo‘lsa, 2013 yilga kelib, ularning soni 68 foizga qadar o‘sgan.

Ushbu vaqt mobaynida Rossiyadagi musulmonlar soni 4 foizdan 7 foizga oshgan.

So‘ralganlarning 1 foizi boshqa diniy jamoalarga mansubliklarini aytganlar.

O‘zlarini dinsiz, deb ataydiganlar soni esa 32 foizdan 19 foizga qisqargani aytiladi.

U yoki bu dinga mansubligini aytgan odamlar sonining ko‘payganiga qaramay, Rossiyada faol dindorlar soni uncha ko‘p emas.

Dindorlarning ko‘pchiligi ibodat uchun cherkov yoki masjidga doimiy bormasliklari ma‘lum bo‘lgan.

Ularning 35 foizi hech qachon jamoat bilan birga ibodat qitlmaganliklarini aytishgan.

1 foiz odam haftada bir necha marta cherkov yoki masjidga borishini aytgan.

So‘ralganlarning 16 foizi yilda bir marta cherkov yo-da masjidga borishini bildirgan.

Diniy ozchilik

Rossiyada Islom an‘anaviy tarzda ikkinchi yirik din bo‘lib kelgan.

So‘nggi paytlarda musulmonlar soni Rossiyaga ish izlab borayotgan sobiq sovet sharqining musulmon aholisi hisobiga ko‘payib borayotgani aytiladi.

Hayit namozida musulmonlarning masjidlarga sig‘may, ko‘chalarda saf tortishlari bugun Moskva uchun odatiy manzaraga aylangan.

Musulmonlar sonining ko‘payib borayotganiga qaramay, o‘tgan oy Moskva hokimiyati yangi masjidlar qurilishiga ruxsat bermagan.

Poytaxt meri Sergey Sobyaninga ko‘ra, Moskvada masjidlar yetarli.

"Moskva masjidlarida bayram namozlarini ado etayotganlarning 60-70 foizi chetdan kelganlar", - deb aytgan janob Sobyanin.

U hozirda faqat "Olimpiya" sport majmuasi yaqinidagi masjid qurilishi borayotgani, boshqa bironta ham yangi masjidga ruxsat bermaganini ma‘lum qilgan.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, Rossiya aholisining 23 milliondan ko‘prog‘i o‘zini Islom diniga mansub deb hisoblaydi.

Mamlakatda 8 mingdan ko‘proq masjid bor.

Bu aksariyat aholisi musulmon bo‘lgan 30 millionlik O‘zbekistondagi masjidlar sonidan ikki barobar ko‘pdir.