Unutilgan tojik ayollari erlarini izlab Rossiyaga ketishmoqda

  • 22 Noyabr 2013

Erlari Rossiyaga ketib bedarak ketgan tojikistonlik ayollar hukumatdan o‘z turmush o‘rtoqlarini topib vatanga deportatsiya etilishini so‘raganlar.

Dushanbedagi muhojirlik idorasiga ko‘ra, bu kabi hollar tobora ko‘p qayd etilmoqda. BBC bilan suhbatda bo‘lgan 38 yoshli Mohira Holovaning aytishicha, uning eri besh yil avval Rossiyaga ishlash uchun yo‘l olgan va shundan beri na ayoliga yo na uch farzandiga pul yo‘llagan.

"Kelinimdan bilsam, u uyoqda uylanibdi. Bu yerdagi bollariga bir tiyin yo‘llamayapti. Deportatsiya qilishsin! Balki shunda farzandlari oldiga qaytar", - deydi u.

Mohira Holova qator boshqa ayollar ham Tojikiston muhojirlik xizmatiga erlarini yurtga majburan qaytarishda yordam so‘rab murojaat etganlar.

Mazkur mavzu Rossiyaning o‘zida ham qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan.

Rossiyaning Birinchi kanalida uzatiluvchi Andrey Malaxovning "Gapiraverishsin" (Pust govoryat) nomli tok-shousida tojikistonlik muhojir Said Sharipovning bir necha farzandlarini tashlab Moskva viloyatida rus ayoli bilan turmush qurgani namoyish etildi.

Shouning rusumiga mos holda, janob Sharipovning Tojikistonda qoldirgan ayoli, bo‘y yetgan farzandlari, va qari onasi studiyaga keltirilib, yuzi shuvut qilindi.

Tojikistondagi BBC muxbiri Mardon Muhammadga ko‘ra, rasmiy Dushanbening bu muammoga jiddiy yondoshishi ehtimoli kam, chunki mamlakatda ishsizlik davom etar ekan, hukumat muhojirlik darajasini pasaytirishdan manfaatdor emas.