Gulnora Karimova: "Fond Forum" yopildi"

  • 21 Noyabr 2013

Oxirgi vaqtlarda Twitter mikroblog sahifasida o‘ta faol bo‘lib kelgan O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaning oxirgi izhorotida aytilishicha "Fond Forum" tashkiloti o‘z ishini to‘xtatmoqda.

"O‘z ishiga sodiq ko‘ngillilar va xodimlar, shuni e‘lon qilmoqchimizki, "Fond Forum" bosh qarorgohi o‘z faoliyatini to‘xtatmoqda", deb yozdi Gulnora Karimova 21 noyabr kungi twitlaridan birida.

Uning keyingi twitlarida Karimova xonimning ilova qilishicha, u hammadan iqtidorlari va mashaqqatli mehnatlari uchun minnatdor va Fond o‘z o‘stiga olgan majburiyatlarini bajarishga va‘da beradi.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova yetakchiligidagi "Fond Forum" qoshida sanoqsiz nodavlat tashkilotlari tashkil etilgan.

Rasmiy nomi "O‘zbekiston madaniyati va san‘ati forumi" bo‘lgan, xalq orasida "Fond Forum" nomi bilan tanilgan ushbu nodavlat jamg‘armasi 2004 yilning fevralida tashkil topgan.

Jamg‘arma faollari uning "mahalliy ilm-fan, madaniyat, maorif va sportni qo‘llab-quvvatlash uchun birlashgan fuqarolar va jamoat tashkilotlarining ixtiyoriy o‘z-o‘zini boshqaruvchi ochiq nodavlat birlashmasi" ekanini aytishadi.

Ularga ko‘ra, bugungi kunda jamg‘armaning Pekin, Moskva, Tokio, Parij, Vena, Madrid, Nyu-York, Berlin, Jeneva va Londonda bo‘linmalari bor.

"Buyuk Britaniya, Ispaniya, Belgiya, Bolgariya, Misr, Lyuksemburg va boshqa mamlakatlardagi hamkorlar bilan madaniy aloqalar yo‘lga qo‘yilgan", - deyiladi "Fond Forum" rasmiy web sahifasida.

Oxirgi ikki oy mobaynida O‘zbekistonda Gulnora Karimova homiyligi ostida bo‘lgani ishonilgan qator tashkilotlarga reydlar uyushtirilgani, asosan bu tashkilotlar faoliyatini yoritish bilan shug‘ullangan qator telekanallar yopib qo‘yilgani xabar berildi.

Gulnora Karimova homiyligi ostida har yili o‘tkaziladigan "Style.uz" haftaligini bu yil davlat nazorati ostida bo‘lgan matbuot deyarli yoritmadi.

Payshbana kuni Gulnora Karimova uzatgan twitlar orasida shuningdek, bo‘lib o‘tayotgan hodisalarda o‘z onasini ayblovchi anchayin batafsil yozma izhorotlarning suratlari ham bor.

Ko‘rinishicha, mikroblogda 140 harfdan ortiq izhorotni yozish imkoni bo‘lmaganligi sababli Gulnora Karimova o‘zining kengroq izhorotlarini qog‘ozga tushirib, keyin fotosuratini chop etishga majbur bo‘lgan.

Bundan avvalgi twitlarida Krimova xonim o‘ziga nisbatan tazyiqlar ortida uning hokimiyatga intilishlarini to‘xtatish maqsadida bo‘lgan mamlakat Havfsizlik Xizmatining rahbari turganligini da‘vo qilgandi.

Bugungi tavitlaridan birida Gulnora Karimova shuningdek, o‘z singlisiga o‘xshab kemada shirinlik yeb, ko‘ngilxushlik qilib vaqtni zoye ketkazish o‘rniga, doimo qo‘lidan kelguncha xalqqa xizmat qilishga urinib kelganligini aytgan.

Bir necha oy avval Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan kishilar tomonidan xorij banklarida ochilgan hisoblradagi millionlab dollar mablag‘lar noqoqnunuy pullarni yuvish borasida ochilgan jinoiy ish yuzaisdan muzlatib qo‘yilgan.

Keyinchalik Toshkentda joylashgan xususiy ochiq aktsiyadorlik tijorat Invest Finance bankdagi "Fond Forum"ning hisoblari, Terragroup, "Dom stilya" va Gulnora Karimovaning rasmiy ofisiga tegishli barcha hisoblar muzlatilgani xabar berilgandi.

O‘tgan iyun oyida Gulnora Karimovaga tegishli ekanligi ishonilgan Fransadagi qator ko‘chmas mulklar politsiya tomonidan muhrlangandi.