BBC navigation

Londondagi Britan-O‘zbek forumi nima uchun jurnalistlardan "sir" tutilmoqda?

Сўнгги янгиланиш 14 ноябр 2013 - 15:44 GMT

Londonda "Sharq marvaridi: Fuqarolik jamiyati institutlarining rivoji: asosiy tushunchalar, modellar va yo‘nalishlar" nomi ostida Xalqaro Britan-O‘zbek forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Mustaqil jurnalistlar taklif etilmagan va bir ma‘noda sirli kechayotgan forumni Buyuk Britaniyada ayollarga qarshi zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi "The Heaven Wolverhampton" tashkiloti, Samarqanddagi "Sabr" Ijtimoiy-Iqtisodiy taraqqiyot markazi, Oliy Majlis qoshidagi nohukumat tashkilotlarni dastaklovchi parlament komissiyasi, o‘zbek va britan elchixonalari va ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab quvvatlovchi fond tashkil qilishgan.

Tashkilotchilar tomonidan chiqarilgan matbuot bayonotida aytilishicha, tadbirning birinchi kuni Londondagi hamashamtli Rassel mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi va asosiy maqsadi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati taraqqiyoti modelini taqdim qilish, hamda hammaning turmush sifatini yaxshilash uchun ikki mamlakat o‘rtasida tajriba almashishdir.

Unda Frantsiya, Rossiya, AQSh, Nigeriya, Belgiya va boshqa mamlakatlar vakillari, diplomatlar, parlament a‘zolari qatnashishlari ham ma‘lum qilingan.

Forumda inson huquqlaridan tortib, nohukumat tashkilotlar, tadbirkor ayollardan tortib mahallalarning ahamiyati kabi mavzularda chiqishlar qilingan.

Kechagi o‘tgan tadbirda nutq so‘zlagan mulozimlardan biri bu O‘zbekiston Inson Huquqlari milliy markazining direktori Akmal Saidov.

Janob Saidov o‘tgan oyda Jenevada BMTning qiynoqlarga qarshi qo‘mitasida ma‘ruza qila turib, O‘zbekistonda qiynoqlar yo‘qligi va siyosiy mahbuslar ham yo‘qligini aytgan, hamda minglab nohukumat tashkilotlar mamlakatda emin erkin faoliyat yuritayotganini da‘vo qilgandi.

Notiqlar orasida taniqli o‘zbek senatori Svetlana Ortiqova ham bor. Ortiqova xonimning nutqi nohukumat tashkilotlar faoliyati qanday qonunchilik asosida olib borilishi va ommaviy axborot vositalarining roli haqida bo‘lgan.

Ayni vaqtda O‘zbekistondagi ijtimoiy muammolarni yoritishga uringan nohukumat tashkilotlar mamlakatdagi inson huquqlari vaziyatini mutassil ravishda tanqid ostiga olib keladilar.

Masalan qamoqxonalardagi sharoitlarni kuzatuvchi Xalqaro Qizil Hoch qo‘mitasi O‘zbekiston hukumatining to‘siqlaridan nolib, bu yil aprelida mamlakatni butunlay tark etdi.

Qo‘mita rahbari hech qanday guvohlarsiz mahbuslar bilan suhbatlashish jarayoniga o‘zbek hukumati ruxsat bermayotganini bildirgandi.

Mustaqil va xorijiy ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonda deyarli faoliyat yurita olmaydi, mustaqil jurnalistlar soxta ayblovlar bilan qamaladi.

Jumladan bu yilgi paxta mavsumida majburiy mehnatni hujjatlashtirishga uringan urganchlik jurnalist Sergey Naumov soxta bezorilik aybi bilan qisqa muddatga qamalgandi.

Forumga mustaqil jurnalistlar, xususan Britaniyaning eng asosiy matbuot vositasi hisoblanmish BBC jurnalistlari ham taklif etilmagan.

BBCning bu forum haqida ma‘lumot olish harakatlarini O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi javobsiz qoldirdi va ma‘lumot bermadi.

Odatda Britaniyada qaysi sohada yo-da qaysi darajda bo‘lmasin anjuman va forumlar hamisha jurnalistlar diqqatini o‘ziga tortadi.

Lekin nima uchun bu galgi forumga jurnalistlar taklif etilmagan?

Bundan tashqari forumdan tasodifan xabar topib qolgan jurnalistlar ham taklifnoma olishga harakat qilgan vaqtlari bunga izn berilmagan.

Ular orasida mustaqil jurnalist Shohida Yoqub ham bor. Uning aytishicha, forumda ishtirok etish borasida O‘zbekiston elchixonasiga bergan so‘roviga rad javobi berilgan.

Elchixona buni jurnalistlar bilan "tang munosabat"ga ega ekanligi bilan izohlagan.

Шоҳида Ёқубнинг Би-би-си билан суҳбати

Шоҳида Ёқубнинг Би-би-си билан суҳбати

Тинглашmp3

Муқобил медиа плейерда ўйналсинми

Изоҳлар

 posting

Биринчи бўлиб изоҳ қолдиринг

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.