BBC navigation

Prezident Imomali Rahmon: "O‘quv yurtlariga mashinada kelmang"

Сўнгги янгиланиш 5 ноябр 2013 - 15:58 GMT

Prezidentlik saylovlari arafasida Tojikiston rahbari talabalarga yana bir bor o‘quv yurtlariga mashinada kelmasliklarini buyurgan.

Muxbirlarga ko‘ra, prezident Imomali Rahmon hozir mamlakatda ko‘pchilikning muhokamasiga sabab bo‘layotgan ushbu mavzudan ham foydalanib qolayotgan bo‘lishi mumkin.

Ayon bo‘lishicha, yuqori martabali amaldorlar farzandlarining ishtirokidagi avtohalokatlar va bu ishlarning qanday yakun topayotgani so‘nggi paytlarda ommaviy-axborot vositalarida eng qizg‘in muhokama etilayotgan mavzulardan biriga aylangan.

Boshqa tomondan, odamlardagi ijtimoiy adolatsizlik hissini pasaytirish uchun ham prezident bir yilning o‘zida ketma-ket ikki bor bu kabi buyruqni berayotgan bo‘lishi mumkin, deydi Dushanbedagi muxbirimiz Mardon Muhammad.

Ma‘lumki, Tojikiston nafaqat mintaqa, balki dunyoda ham eng qashshoq davlatlar sirasiga kiradi.

Mamlakat o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgan o‘tgan chorak asr vaqt davomida bu yerda ham ijtimoiy tabaqalashuv chuqur ildiz otgan.

Boylari bir siqim bo‘lgan paytda, mamlakat aholisining aksariyati kambag‘allikda hayot kechiradi.

Tojikiston mehnatga yaroqli aholisining yarmidan ko‘prog‘ining turmushi mehnat muhojirligi orqasidan o‘tadi.

Kimning cho‘ntagi nimani ko‘taradi?

Agar, Jahon Bankining bundan ikki yil avvalgi rasmiy ma‘lumotlariga tayanilsa, Tojikistonda har 1.000ga 29 ta mashina to‘g‘ri kelgan.

Deylik, Tojikistonda hozir eng minimal ish haqqi 50 AQSh dollari atrofida.

Ammo istalgan xorijiy rusumdagisi qalashib yotgan Tojikiston bozorlarida eng qimmat mashina 100.000 AQSh dollarigacha boradi.

Bir necha o‘n ming dollarlik mashinalarni esa, bugun Tojikistonda hukumat amaldorlari, ularning farzandlari va yirik biznesmenlar o‘zlariga ep ko‘rishadi.

So‘nggi paytlarda Tojikistonda aynan hukumat amaldorlarining farzandlari tomonidan sodir etilayotgan jiddiy avtohalokatlar soni ortgani kuzatiladi.

Muxbirimizga ko‘ra, xuddi shu holat ota-onalarning turli chiqishlariga sabab bo‘lib, ommaviy-axborot vositalarida keng muhokama etilayotgani bois ham prezidentning buyrug‘iga talabalar keskin munosabat bildirishmagan.

Ammo, agar buyruqqa itoat etishmasa, katta miqdorda jarimaga tortilishlari va ish, hatto, o‘qishdan haydalishlarigacha ham borib yetishi mumkin ekan.

Tojikiston o‘quv dargohlarida, bundan tashqari, mobil telefonlar, dabdabali ziyofatlar, ochiq liboslar va qimmatbaho taqinchoqlarda kelish ham man etilgan.

Qo‘shni Turkmanistonda esa, xuddi shunga o‘xshash taqiq 2007 yilda kuchga kirgandi.

Bundan maqsad - jinoyatchilik va tengsizlikning oldini olish ekanini aytilgandi.

"Xronika Turkmenistana" internet nashri esa, hatto, ayrim talabalardan yo mashinada kelishni bas qilish va yo o‘qishdan haydalishga rozi bo‘lishlari xususida tilxat yozdirib olinayotgani haqida ham xabar bergandi.

Изоҳлар

 posting

Биринчи бўлиб изоҳ қолдиринг

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.