Gulnora Karimova siyosiy ambitsiyalaridan voz kechdimi?

  • 1 Noyabr 2013
Gulnora Karimova twitterni mavqeini bildiruvchi platformaga aylantirgan
Gulnora Karimova twitterni mavqeini bildiruvchi platformaga aylantirgan

Gulnora Karimova hukumat tepasini do‘zaxiy joy deya o‘zini chetga olish harakati tahlilchilar tomonidan turlicha talqin qilinmoqda. Ayrimlar "prezidentning to‘ng‘ich qizi siyosiy ambitsiyalariga nuqta qo‘ydi" deyayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomon Karimovaning siyosiy ambitsiyalarini ko‘mib qo‘yishga hali ertaligini ta‘kidlamoqda.

Frantsiyada istiqomat qiluvchi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Karimova bundan oldin oliy hokimiyatga iddoasi va intilishi borligini sha‘malar orqali bildirib kelganini aytadi.

"Hozirgi paytda prezidentlikka intilmayotgani va u joyni do‘zaxiy deb atashi, uning atrofida kechayotgan juda ham chuqur inqirozli bir vaziyatdan dalolat beradi. Bu bayonotlar orqali Gulnora Karimova o‘zining vaziyatini yumshatmoqchi. Bu ambitsiyani ochiqchasiga, ommaviy ravishda ilk marotaba inkor qilmoqda. Gulnora Karimova tushunayaptiki, uning oliy hokimiyatga intilishi qo‘shimcha bir muammolar yaratayapti va ushbu bayonot orqali hozirgi kundagi vaziyatini yengillashtirmoqchi", - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Toshkentdan jurnalist Sergey Yejkovning BBCga aytishicha, Gulnora Karimova hokimiyatga intilmasligini ma‘lum qilgan bo‘lsa so‘zida turadi.

"Avvalo, odamlarga ishonish kerak. Agar Gulnora Karimova ushbu do‘zaxiy joyda ishlashni istamasligini aytgan bo‘lsa, rostdan ham ishlagisi kelmayapti. Men buni prezident kursisi uchun hech qanday siyosiy o‘yinlarda ishtirok etmasligi haqida o‘zbek siyosiy elitasiga yuborilgan bir xabar sifatida qabul qilaman", - deydi Sergey Yejkov.

Yejkov janoblarining qo‘shimcha qilishicha, Gulnora Karimova shu vaqtgacha ambitsiyalari haqida gapirgan bo‘lsa-da, siyosiy ambitsiyalari haqida gapirmagan. Jurnalist Gulnora Karimova ushbu so‘zining ustida turishiga ishonishini aytdi.

"Erkak aytgan so‘zidan qaytmaydi. Balki ushbu atamani Gulnora Karimovaga qo‘llab bo‘lmasa ham, bu haqda ommaviy ma‘lum qilgan odam o‘zi bayon qilgan pozitsiyani ushlashi kerak", - deya qat‘iy fikr bildirdi u.

Sergey Yejkov prezidentlik kursisi haqida hali gapirishga ertaligi va Karimovaning ushbu bayonotlari hali boshlanmagan prezidentlik poygasiga ta‘sir qilmasligini aytadi.

"Karimovdan keyingi kursi haqida gapirishga hali erta. Keling O‘zbekistonning hozirgi prezidenti hali Islom Karimov ekanligidan kelib chiqib gapiraylik. Hozircha prezidentlik poygasi va saylovlari haqida gap ketayotgani yo‘q. Ungacha hali vaqt bor", - deydi Sergey Yejkov.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Gulnora Karimova O‘zbekistonda katta boylik orttirgani va ijtimoiy-siyosiy mavqe yaratganini aytadi. Uning hokimiyatga intilishi siyosiy imperiyasi va biznesini saqlashning yagona sharti sifatida ko‘rilgan.

Tahlilchiga ko‘ra, Gulnora Karimova otasining o‘rnini egallagan taqdirdagina, o‘z xavfsizligi va boyliklarini saqlashning kafolati ekanligini yaxshi tushunadi

"Shuning uchun o‘ylaymanki, uning hozirgi aytayotgan bayonotlari mavjud kontekst, vaziyatdan kelib chiqib aytilayotgan bir fikrlar. Lekin, aytaylik, yarim yil, bir yildan keyin vaziyat iliqlashsa yoki o‘zgarsa o‘sha vaziyatdan kelib chiqib u o‘zining yangi bayonotlarini beradi, deb o‘ylayman. Gulnora Karimova osonlikcha o‘zining siyosiy ambitsiyasidan voz kechmaydi. Chunki Oliy hokimiyat uning xavfsizligi va boyliklarini saqlashning yagona sharti sifatida ko‘riladi", - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Tahlilchiga ko‘ra, ish qanchalik jiddiylashsa ham Gulnoraga Islom Karimovning katta qizi bo‘lgani sabab jinoiy ish qo‘zg‘atilmaydi. Uning ma‘lum resurslari yopiladi.

"O‘ylaymanki, Islom Karimov hozirgi vaqtda Gulnora Karimovaning siyosiy kelajagi borasida o‘ylab ko‘rayapti. Ma‘lum muddatdan keyin Karimovda bir tasavvur paydo bo‘lishi kerak. Ya‘ni Gulnora Karimovaning siyosiy, ijtimoiy karьerasi qanday davom ettirilishi kerakligi haqida. Shundan keyin ular qaytadan gaplashib ko‘radi".

Rabbimovning ta‘kidlashicha, Islom Karimov atrofida kadrlar yetishmasligi kuchli ekanligini va oila bir-biriga uzviy bog‘liq ekanligini yaxshi tushunadi. Karimov qizlarining xavfsizligini ta‘minlash uchun u yoki bu choralarni ko‘rishga majbur bo‘ladi.

"Shuning uchun Islom Karimov Gulnoraga bosim o‘tkazayotgani tabiiy. Chunki Gulnoraning hatti harakatlari Gulnoraning o‘ziga ham, Karimovlar oilasiga ham, O‘zbekistondagi siyosiy rejimga ham ko‘pgina muammolar yaratdi va talofatlar yetkazdi. Bir qancha resurslar, kanallarni yopish orqali Islom Karimov qizini boshqacha taktika va boshqa strategiyaga majbur qilishi mumkin", - deydi Kamoliddin Rabbimov.