Gulnora Karimova - ziddiyat ko‘lami kengaymoqda

  • 1 Noyabr 2013
Gulnora Karimova twitterda raqiblarini bir bir po‘stagini qoqmoqda
Gulnora Karimova twitterda raqiblarini bir bir po‘stagini qoqmoqda

Karimova xonim Twitterda otasi kaltaklagani haqidagi savolga oydinlik kiritdi. U bunday mish-mishlarning ortida oligarx Usmonov turgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. Sal oldinroq esa Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatov hokimiyat uchun kurashni boshlab yuborganini yozgandi.

Twitter foydalanuvchilaridan Skripkovskayaning "Gulnora Islomovna, "sizni otangiz urgani rostmi", degan savoliga Karimova ushbu gaplar bo‘lmag‘ur ekanligini aytgan.

"Agar siz ushbu marazmga ishonsangiz, nima uchun menga otamning ismi bilan murojaat qilayapsiz. Bu ahmoqgarchilikni bajarish uchun ikkimizdan birimiz o‘ta adekvatsiz bo‘lishimiz kerak. Ikkinchidan, o‘zimga shunchalik hurmatsizmanmi? Ushbu mish mishlar kimga foydali ekanligini hech o‘ylab ko‘rganmisiz", - deya savol so‘ragan Gulnora xonim.

Karimova, "bunday xabarlar mahalliy darajadagi ig‘vogarlardan tortib, mashhur publitsistlaru, "ilg‘or" oligarx Usmonov kabilarga foydali bo‘lishi mumkin", deya o‘zi javob bergan.

Gulnora Karimova Usmonov deganda Rossiyadagi asli o‘zbekistonlik oligarx Alisher Usmonovni nazarda tutganmi yoki boshqani aniqlik kiritmagan.

Karimovadan ushbu savolni so‘rashga Usmon Haqnazarov imzosi ostida yozadigan publitsistning O‘zbekiston Xalq Harakati web sahifasiga chop etgan "Prezident Islom Karimov o‘z qizi Gulnorani nima uchun kaltakladi" nomli maqolasi sabab bo‘lgan.

Bir kun oldin Gulnora Karimova Respublika Milliy Xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatovning ambitsiyalariga sha‘ma qilgan.

U Twitterda shunday deb yozadi:

"Agar maxsus xizmatlarining birinchi odami xursand bo‘lish o‘rniga, aksincha uning (Ya‘ni Gulnora Karimovaning-tahririyat) xalq orasidagi obro‘yidan qo‘rqsa, demakki UNING shaxsiy ambitsiyasi va rejalari bor (g‘amgin yuz belgisi)".

Uning ushbu twitiga javoban Kamil ismli Gulnoraning followeri: "Siz nima deb o‘ylaysiz? Inoyatov O‘zbekiston prezidenti lavozimini egallash uchun kurashadimi?" - deb so‘ragan.

Gulnora Karimova unga javoban "Kurashadi! U kurashni boshlab yuborgan! Nahotki tashqaridan ko‘rinmayotgan bo‘lsa!" - deb yozadi.

Shu bilan birga Gulnora Karimova Inoyatovning urinishlarini "ro‘yobga chiqmaydigan xomxayol" deb atagan.

"To‘ng‘ich qiz tashvishlar girdobida"

So‘nggi 10 kunning ichida Gulnoraga tegishli tele va radio kanallarning yopilishi va ushbu kanallar hamda Fond Forum faoliyati huquq tartibot organlari tomonidan tekshirilishi xorij OAV ning ham e‘tiboriga tushgan.

The Economist nashri "G‘alayon.uz yoki O‘zbekistonning to‘ng‘ich qizi tashvishlar girdobida" nomli maqola chop etgan.

Maqolada so‘nggi muammolar kimdir Gulnoraning ambitsiyalarini zaiflashtirish uchun qilinayotgandek tasavvur paydo qilishi yoziladi.

"Oktyabr oyida Karimova xonim har yili o‘tkazadigan style.uz festivali arafasida, u boshqaradigan kamida 3 telekanal to‘satdan o‘chib qoldi. Belgiyalik pop yulduzi inson huquqlarini buzuvchi O‘zbekistonni oqlashga hissa qo‘shmasligini bildirib kotsertini bekor qildi. Keyinchalik soliq idoralari Gulnora Karimovaning xayriya jamg‘armalari faoliyatini tekshirayotgani haqida mish-mishlar paydo bo‘ldi", - deb yoziladi maqolada.

"O‘zbekistonda boshqa muhim qarorlar kabi merosxo‘rlik masalasi ham yopiq eshiklar ortida hal qilinadigan ko‘rinadi. Shunga qaramasdan, Karimova xonimda biroz ijtimoiy mojaro kiritish imkoniyati bor", - deyiladi maqolada.