O‘zbekistonning ilk mustaqil telekanali STV o‘chib qolgan

  • 31 Oktyabr 2013
Twitter orqali STVning yopilganidan xabar topgan Gulnora Karimova unga munosabatini bildirgan

O‘zbekistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra Samarqand shahridan faoliyat yurituvchi STV telekanali efirdan yo‘qolgan. STVga Gulnora Karimovaning yaqin hamkori sanaladigan Firdavs Abduholiqov asos solgan.

STV 31 oktyabr kuni efirga chiqmay qolgan. Tomoshabinlar bu borada birorta ogohlantirishsh bo‘lmagini aytishmoqda. Telekanalning web sahifasi stv.uz hozircha ishlab turibdi. Ammo kanalni onlayn ko‘rish xizmati ishlamayapti.

Saytda kanalning nima sababdan efirga chiqmayotgani borasida biror ma‘lumot berilmagan.

BBC vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida STVga qo‘ng‘iroq qilganida go‘shakni olgan xodim kanal efirga chiqmayotganini tasdiqladi.

"Texnik nosozlik sabab o‘chib qoldi. Hozir yigitlarimiz sozlash uchun ishlayapti", - deya javob berdi o‘zini tanishtirmagan xodim.

STV xodimi boshqa savollarga javob bermasdan go‘shakni zudlik bilan qo‘yib qo‘ydi.

STV mustaqil telekanaliga 1991 yili Firdavs Abduholiqov asos solgan. U O‘zbekistondagi ilk mustaqil, nodavlat media sanaladi.

STV Samarqand viloyati va shahri aholisi hayoti haqida hikoya qiluvchi informatsion-siyosiy, musiqaviy – ko‘ngilochar kanal hisoblanadi.

Sutkasiga 17 soat efirga chiquvchi ushbu kanalning 2 million atrofida tomoshabini borligi aytiladi.

STVning efirdan yo‘qolishi Gulnora Karimovaga tegishli ekanligi aytiladigan tele va radiokanallarning yopilish manzarasida ro‘y bermoqda.

Twitter orqali STVning yopilganidan xabar topgan Gulnora Karimova unga munosabatini bildirgan.

"Bu bir guruh zarar yetkazuvchilarga qarshi o‘zgacha fikrlovchi va Prezidentga mustaqillikka erishgan kundan beri sodiq xizmat qilgan STV kanali bo‘ladi. Ushbu "mard yigitlar" haqiqatni gapiruvchi xususiy kanallarni bir birma yo‘q qilishadi", - degan Gulnora Karimova.

Ammo u ushbu holat ko‘pga cho‘zilmasligini ta‘kidlagan.

"Mamlakat rahbariga emas, balki ushbu "kuchishlatar tizimlar"ga sodiqlar qoladi. Ammo har qanday xom xayollarga berilishsa ham bu uzoq davom etmaydi".

Gulnora Karimovaga tegishli ekanligi aytiladigan 4 telekanal va 3 radiokanal faoliyatining vaqtincha to‘xtatilishi ortidan huquq-tartibot organlari Karimova boshchiligidagi Fond Forum faoliyati va unga bog‘liq tashkilotlar ustidan tekshiruv boshlagan.

Toshkentda joylashgan xususiy ochiq aktsiyadorlik tijorat Invest Finance bankdagi Fond Forumning hisoblari, Terragroup, "Dom stilya" va Gulnora Karimovaning rasmiy ofisiga tegishli barcha hisoblar muzlatilgan.