BBC navigation

Gulnora Karimova: Hokimiyatga intilayotganim yo‘q

Сўнгги янгиланиш 31 октябр 2013 - 14:36 GMT
Karimova xonim hokimiyatni "do‘zaxiy joy" degan

Karimova xonim hokimiyatni "do‘zaxiy joy" degan

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi biznesi va mediya sohasiga bo‘layotgan bosimlar ortidan hukumat tepasiga kelish istagi yo‘qligini bildirgan.

Karimova xonim Twitterdagi sahifasida hukumat tepasini "do‘zaxiy joy" deya ta‘riflagan.

"Men hukmdor emasman! ) Va ushbu do‘zaxiy joyga talpinayotganim yo‘q...", - degan Karimova o‘z muxlislarining biriga bergan javobida.

"Ayollar, yoshlar va orzulariga ishonish kerakligini va‘da qilganlarimga ishlash uchun ularning nima bilan yashayotganini ko‘rish kerak. Ana shunda ular senga ishonishadi va nima qilsang haqiqiy ... bo‘ladi", - deya fikrini davom ettirgan u.

Karimova xonim otasining merosxo‘ri bo‘lishga loyiq da‘vogarlardan biri sifatida ko‘riladi. Undan prezident bo‘lish niyatlari haqida bundan oldin ham ko‘p marta so‘ralgan, ammo ushbu savollarga aniq javob berishdan qochib kelgan.

Yopilishlar ortida davlat agentligi

Yana boshqa yozishmalarda Gulnora Karimova hukumat 4 telekanalni yopib qo‘yganini tasdiqlagan. Karimovaga tegishli ekanligi aytiladigan TV Markaz, NTT, Forum TV va SofTS kanallari 21 oktyabr kuni bir vaqtning o‘zida efirda yo‘qolgandi.

Twitterdagi Karl nomli foydalanuvchi ushbu telekanallar qonunchilikning 12 bandini buzganini va shu sababdan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining tavsiyasi bilan hukumat yopish haqida qaror chiqarganini yozadi. U ushbu qonunbuzarlik holatlarining ro‘yxatini ham keltiradi. Ro‘yxatda ushbu kanallar, "OAV to‘g‘risida", Davlatning yoshlar siyosati asoslari, "Erkin axborotni kafolatlash va printsiplar to‘g‘risida", "Reklama to‘risida", "Mualliflik huquqlari to‘g‘risida"gi qonunlarni buzganlikda ayblanadi.

Karl Karimovadan: "Shaxsiy kanallar O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan yopildimi", deya so‘raydi. Gulnora Karimova: "Ushbu ro‘yxat qanchalik ahmaqona tuyulsa ham, Ha", - deb javob bergan.

Karimova xonim Karldan: "Siz ushbu ro‘yxatni qayerdan oldingiz, endi u ijtimoiy mulkka aylandimi", - deya so‘raydi.

Bir o‘quvchining: "Ushbu kanallar endi ko‘rsatmaydimi?" degan savoliga Gulnora Karimova: "Shunga o‘xshaydi", deya javob beradi.

Stalin – bu mening otam

O‘zbekiston huquq-tartibot organlari tomonidan barcha tele va radio kanallari faoliyati vaqtincha to‘xtatilganidan so‘ng, Gulnora Karimova Twitterdagi sahifasida faolligicha qolmoqda.

Karimova ushbu platformani davlat kanallari va xizmatlarini ayovsiz tanqid qilishda foydalanayotgani kuzatiladi. Prezidentning to‘ng‘ich qizi hukmronlik intilish niyatlari yo‘qligini yozishdan ikki kun oldin o‘zining qatag‘on siyosati bilan tanilgan diktator Stalin haqida post qoldirgan.

"O‘rtoq Stalin bo‘lgan va mavjud... bu mening otam! Va bu to men o‘lguncha shunday qoladi..." V Stalin ("Xalqlar otasining o‘g‘li" filmidan)", - deya yozdi.

Kuzatuvchilar Karimova xonimning biznesiga bo‘layotgan so‘nggi bosimlar ortidan undan g‘azablangan otasi Islom Karimov turgan bo‘lishini taxmin qiladi.

Twitterdagi Stalin haqidagi bitiklar Islom Karimovga qaratilgan yoki qaratilmagani noma‘lum.

Shu vaqtgacha Gulnora Karimova Twitterda otasi haqida iliq fikrlarda bo‘lib kelgan. Uning faoliyatiga nisbatan biron bir tanqidiy munosabat bildirmagan.

Gulnora Karimovaga tegishli ekanligi aytiladigan 4 telekanal va 3 radiokanal faoliyatining vaqtincha to‘xtatilishi ortidan huquq-tartibot organlari Karimova boshchiligidagi Fond Forum faoliyati va unga bog‘liq tashkilotlar ustidan tekshiruv boshlagan.

Toshkentda joylashgan xususiy ochiq aktsiyadorlik tijorat Invest Finance bankdagi Fond Forumning hisoblari, Terragroup, "Dom stilya" va Gulnora Karimovaning rasmiy ofisiga tegishli barcha hisoblar muzlatilgan.

Изоҳлар

 posting

Биринчи бўлиб изоҳ қолдиринг

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.