O‘zbekiston matbuoti prezident qizining tadbirlariga e‘tibor bermadi

  • 29 Oktyabr 2013
Rasmiy ommaviy axvorot vositalarining jurnalistlari matbuot anjumanida ham ko‘rinishmagan.

Bi-bi-si monitoringga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning Fond Forumi tashkillashtirgan Art Week Style.Uz tadbiri bu yil jurnalistlarning e‘tiboridan chetda qolgan.

Marosim Toshkentda 22-27 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tdi.

Dalatga qarashli ommaviy axborot vositalari, xususan asosiy telekanallar har yili xorijdan taniqli shaxslar taklif qilinib, katta dabdaba bilan o‘tadigan modalar haftaligini umuman yoritmagan.

Haftalik ilovasi, tadbir doirasidagi nashrlar Art Week Style.Uz haqida ma‘lumot bergan yagona axborot vositalari bo‘ldi.

Bi-bi-si monitoringga ko‘ra, bundan farqli ravishda o‘tgan yili markaziy telekanallar va davlat matbuotida Art Week Style.Uz keng yoritilgan.

Rasmiy ommaviy axvorot vositalarining jurnalistlari matbuot anjumanida ham ko‘rinishmagan. Uzmetronom internet nashri ham bu holatga e‘tibor qaratib, "Yaqinginada ularning hammasi Fond Forumning tadbirlarida juda ilg‘or bo‘lgan"ini yozdi.

Davlat axborot vositalarining jimligi Gulnora Karimovaning tadbirlarini yoritadigan va qo‘shiqlarini tinmay aylantiradigan tele va radiokanallarning to‘satdan uzib qo‘yilishi bilan to‘g‘ri keldi.

22-26 oktyabr kunlarida mamlakatning asosiy "Axborot" informatsion dasturida Art Week Style.Uz ning borishi to‘g‘risida birorta ham xabar berilmagan. Shu bilan birga madaniy haftalik o‘tayotgan paytda boshqa madaniy voqealarga ancha keng to‘xtalgani kuzatilgan.

"O‘zbekiston" telekanalida o‘tgan yili 4-10 oktbr kunlariga to‘g‘ri kelgan Style.Uz keng miqyosda namoyish qilingan.

Ikkinchi asosiy Yoshlar kanali ham o‘z yangiliklar dasturida Gulnora Karimova tashkil qilgan tadbirlar borasida sukut saqlagan.

"Xalq so‘zi", "Narodnoye slovo" va "Pravda Vostoka" nashrlari moda haftaligidan hech bir hisobot tayyorlamagan.

"Milliy tiklanish" gazeti loyihaning ochilish marosimi haqida xabar bergan davlatning yagona nashri bo‘lgan.

Ommabop Darakchi nashri esa 24 oktyabrdagi moda haftaligidan reportajni bosgan.

Art Week Style.Uz ochilishidan bir kun oldin Karimovaga aloqador barcha telekanallar to‘satdan uzib qo‘yilgan.

Karimovaning uch radiostantsiyasi ham 24 oktyabrda o‘z faoliyatini to‘xtatgan.

Ko‘pchilik nazarida ambitsiyali va nufuzli Gulnora Karimovaga otasining merosxo‘ri, ya‘ni bo‘lajak prezident sifatida qarab kelinayotgandi.

Va telekanallarning o‘chirilishi ba‘zilar uchun hokimiyat uchun kurashning bir qismi sifatida qabul qilindi.

Bundan oldin Gulnora Karimovaning Tvitter sahifasi o‘chirilgan, undan keyin WordPressdagi blogi sirli ravishda yo‘qolib qolgan.

Gulnora Karimova bularning hammasida mamlakat ichidagi "ko‘rolmaslar"ni aybladi.

Ko‘p o‘tmay uning Tvitter raqami tiklandi.

Karimova xonim Tvitter orqali davlat telekanallarining saviyasini tanqid qilib, ularni zamondan orqada qolib ketganligini yozdi.