BBC navigation

Gulnora Karimova otasining qahriga uchradimi?

Сўнгги янгиланиш 25 октябр 2013 - 16:56 GMT

Shu paytgacha O‘zbekistonning ijtimoiy hayotida juda faol bo‘lgan Prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning faolligini pasaytirish harakatlari kuzatilmoqda.

Gulnora Karimovaga aloqador deb ko‘rilgan tujjoriy tizimlarda tekshirishlar boshlangani, unga tegishli deb ko‘rilgan telekanallarning bir vaqtning o‘zida faoliyatlarini to‘xtatgani ko‘pchilikda qator savollarni paydo qilgan.

21 oktyabr kuni prezidentning qudratli qizi va ehtimoliy merosxo‘riga tegishli deb ishoniladigan TV Markaz, Forum TV, NTT va Rossiyaning STS Mediasi bilan hamkorlikdagi loyiha "SoftS" telekanallari hech qanday ogohlantirishsiz ko‘rsatuv namoyish qilmay qo‘ydi.

Oradan ikki kun o‘tib esa uning Terra guruhiga qarashli Zamin FM, A’lo FM va Terra FM radiokanallari efiri to‘satdan uzilgan.

Va bularning hammasi Karimova xonim Toshkentdagi dabdabali ArtWeek Style.uz san‘at festivaliga mezbonlik qilayotgan bir paytda yuz berdi.

O‘zbekistondagi davlat nazoratidagi radio-televideniye, ro‘znomalarning muxbirlari ArtWeek Style.uz haftaligining ochilish marosimidagi matbuot anjumanida ham qatnashmaslik buyrug‘ini olganlar.

2012 yil kuzidagi Style.uz tadbirlarini ham davlat ommaviy axborot vositalari va ham Gulnora Karimovaning tele va radiostantsiyalari batafsil yoritgandi.

Gulnora Karimova o‘ziga tegishli ekani aytiladigan matbuot vositalarining jimib qolgani yuzasidan hech qanday izoh bermadi.

Avvalroq uning Twitterdagi akkaunti birdaniga yo‘qolib qolgan va Wordpressdagi blogi yopilgan edi.

Bularning hammasi shu paytgacha O‘zbekistonning ijtimoiy hayotida juda faol bo‘lgan Gulnora Karimovaning faolligini pasaytirish harakatlari sifatida talqin etilmoqda.

Xo‘sh, "kim va nima uchun Gulnora Karimovaga qarshi borishga" jur‘at qildi?

Chunki O‘zbekiston sharoitida davlatning eng yuqori lavozimlaridagi shaxslarning ham o‘zlaricha prezidentning qiziga qarshi biror amalga jazm etishlarini tasavvur qilib bo‘lmasligi ko‘pchilikka ma‘lum.

"Karimov nazarida Gulnoraning olib borgan siyosati mutlaqo qoniqarsiz va salbiy"

Hozir Frantsiyada istiqomat qiladigan o‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning fikricha, ushbu harakatlar ortida shaxsan Prezident Islom Karimovning "g‘azabli buyrug‘i" turipti.

"Menimcha, Gulnora shu paytgacha olib borgan jamiyatda o‘zining reytingini ko‘tarish va jamoatchilikning ishonchiga kirish strategiyasi to‘laligicha inqirozga uchradi. Gulnora Karimovaning ommaviy axborot vositalari, unga tegishli Twitter akkaunti bo‘lsin, boshqa Internet sahifalari bo‘lsin, bularning hammasining yopilishi orqasida shaxsan Karimovning juda ham jiddiy, g‘azabli buyrug‘i turipti. Buning ortida" Gulnoraning informatsion siyosati konstruktiv emas, bu siyosat rejim manfaatlari uchun, Gulnoraning o‘zining imidji uchun destruktiv" degan xulosalar turipti", deydi Kamoliddin Rabbimov.

"Islom Karimovning siyosiy vorislik borasidagi ikkita fundamental talabiga javob beradigan birorta ham shaxs yo‘q"

Kamoliddin Rabbimov, siyosiy tahlilchi

Siyosiy tahlilchi fikrlariga ko‘ra, bunday xulosalarga Prezident Karimovning ikkinchi qizi Lola Karimova-Tillayevaning BBCga bergan intervyusi katalizator bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

"Ya‘ni jamoatchilikda Gulnora olib borgan siyosat va Lola olib borgan siyosatga ikki xil reaktsiya bo‘ldi. Gulnora yuritgan siyosatga munosabat mutlaq salbiy bo‘lgan bo‘lsa, Lola olib borgan axborot siyosati, uning intervyusiga aralash munosabat bo‘ldi. Karimov nazarida Gulnoraning olib borgan siyosati mutlaqo qoniqarsiz va salbiy", deydi Kamoliddin Rabbimov.

Bundan oldin Gulnora Karimovaga tegishli biznes deb ko‘rilgan "Zeromaks" shirkati yopilgan.

Shu yil esa Karimova xonimning davlat sohasidagi, diplomatik faoliyati qisqartirilgani haqidagi xabarlar paydo bo‘lgan.

"Va mana oxiri uchinchi sektordagi - nodavlat, notijorat sektoridagi uning shaxsiy faolligiga ham chek qo‘yish jarayonlari boshlandi. Bu Gulnoraning siyosiy ambitsiyalariga jiddiy ta‘sir qiladi. Chunki O‘zbekiston siyosiy rejimining ichkarisida ham Prezident Karimovga vaziyatni baholab beradigan boshqa shaxslar ko‘p. Va hozir o‘ylaymanki, Karimovda Gulnoraning shaxsiyati to‘g‘risida, uning siyosiy ambitsiyalari to‘g‘risida juda ham chuqur shubhalar paydo bo‘lgan bo‘lishi kerak", deydi O‘zbekistondagi shu kecha-kunduzdagi davlatchilikni ichidan yaxshi biladigan siyosiy tahlilchi.

"Lekin Islom Karimovning siyosiy vorislik borasidagi ikkita fundamental talabiga javob beradigan birorta ham shaxs yo‘q. Ya‘ni, bir tarafdan Karimovga sodiqlik. Bu degani, Karimov oilasining xavfsizligini ta‘minlashdagi mutlaq ishonch. Ikkinchisi, hokimiyatni ushlab qola olish potentsiali. Mana shu ikki talabga javob beradigan Karimovning oldida biror bir shaxs yo‘q. Gulnora birinchi talabga javob bersa, ikkinchi talabga javob berolmaydi. Qolganlar, misol uchun Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga o‘xshagan shaxslarda hokimiyatni ushlab qolish potentsiali yuqori bo‘lsa, lekin Karimov ularga to‘laligicha ishona oladi, deb o‘ylamayman", deydi Kamoliddin Rabbimov.

Uning fikricha, Gulnora Karimovaning ijtimoiy faoliyatini cheklashdan ko‘zlangan maqsad, Karimova xonimga "pauza berish".

"Bulardan ko‘zlangan maqsad, jamoatchilik tafakkurini Gulnora Karimova haqidagi salbiy fikrlardan imkon qadar tozalash, bu fikrlarni so‘ndirish. Va undan keyin 2014 yil oxiri va 2015 yil boshlariga borib, agarki Islom Karimov hokimiyatdan ketadigan bo‘lsa, Gulnoraning nomzodi qo‘yiladimi-yo‘qmi, degan siyosiy xulosa qilish", deydi siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.