Navbat Gulnora Karimovaning radiokanallariga yetib keldi

  • 25 Oktyabr 2013
Bundan oldin Karimovaning telekanllari o‘chib qolgan
Bundan oldin Karimovaning telekanllari o‘chib qolgan

Gulnora Karimovaga tegishli ekanligi aytiladigan 3 ta radiostantsiya bir vaqtning o‘zida efirdan yo‘qolib qolgan. Toshkentdan kelayotgan xabarlarga ko‘ra 24 oktyabr kuni Zamin FM, A’lo FM va Terra FM radiokanallari efiri to‘satdan uzilgan.

Terra group kompaniyalar guruhi tarkibiga kiruvchi ushbu radiokanallar Gulnora Karimovaga tegishli ekanligi aytiladi.

Terra group dan o‘zini Iroda deya tanishtirgan xodim BBCga ushbu radio kanallar 24 oktyabrdan boshlab efirga chiqmayotganini tasdiqladi.

"Profilaktika ishlari o‘tkazilayotgani sabab ushbu radiostantsiyalar efirga chiqmayapti. Profilaktika ishlari qancha davom etishini bilmaymiz. Kompaniyalar guruhi tarkibidagi bosma nashrlar odatiy rejimda ishlayapti", - dedi Iroda.

Kompaniya xodimi bundan oldin ham profilaktika sabab efirda uzilishlar bo‘lganini bildirdi. U nima uchun hamma kanalda bir vaqtning o‘zida profilaktika o‘tkazilayotgani to‘g‘risida ma‘lumotga ega emasligini aytdi.

Ayni vaqtda Terra group kompaniyalar guruhning web sahifasi terragroup.uz ham "yangilanish ishlari olib borilayotgani" sabab ishlamayapti.

Bundan sal oldingroq Karimova xonimga tegishli ekanligi aytiladigan 4 telekanal efirdan g‘oyib bo‘lgan edi. Ushbu kanallarning efirga chiqmayotganligi texnik nosozlik bilan izohlangan.

Gulnoraning telekanallari

TV Markaz va SofTS musiqiy ko‘ngilochar ko‘rsatuvlarga mo‘ljallangan telekanallar bo‘lib, ular Terra Group guruhiga tegishli bo‘lgan.

Terra Group esa, xabarlarga ko‘ra, Gulnora Karimova tomonidan nazorat qilinadi. SofTS Uzbekistan telekanali esa Terra Group bilan Rossiyaning STS Mediasi qo‘shma loyihasi.

U Rossiyaning yetakchi telekanali STSning mashhur teledasturlarini O‘zbekiston hududida efirga uzatib kelgan.

Forum TV yoshlarga mo‘ljallangan madaniy-ma‘rifiy telekanal.

Bu kanal ta‘sischisi odamlar orasida NAESMI nomi bilan mashhur Elektron Ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bo‘lgan.

Biroq bu telekanal asosan "Fond Forum" loyihalarini yoritish bilan shug‘ullangan. NTT mamlakatdagi eng mashhur nohukumat ko‘ngilochar va yangiliklar kanallaridan biriga aylangan.

SofTSdan tashqari uchta telekanal muntazam ravishda Gulnora Karimova yetakchiligidagi "Fond Forum" faoliyatini yoritgan.

Kuzatuvchilar Gulnora Karimovaning so‘nggi paytlarda juda faolligi va omma eshitishi kerak bo‘lmagan gaplarni internetga olib chiqishi otasi Islom Karimovga yoqmagan bo‘lishi mumkinligini faraz qilishadi. Karimov tizginni qo‘yib yubormaslik maqsadida Gulnoraning mavqe‘ni biroz pasaytirishga qaror qilgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinadi.