Lara Fabian o‘zining Toshkentdagi kontsertini bekor qildi

  • 24 Oktyabr 2013
"Men matbuotda ko‘tarilgan shov-shuvdan larzaga keldim", deb yozadi Lara Fabian

Taniqli Belgiyalik xonanda Lara Fabian 26 oktyabr kuni Toshkentda Forum Fondi uyushtirayotgan kontsertda ishtirok etishini bekor qilgan.

U o‘zining websaytida e‘lon qilgan bayonotida bunday deb yozgan:

"Matbuot orqali tarqatilgan ACAT press-relizi orqali endigina o‘rganganim - men 26 oktyabrda kuylashim kerak bo‘lgan Toshkent Madaniy Festivali Prezidentning qizi tarafidan boshqarilar ekan.

Mening shu zahotiyoq javobim - mamalakatdagi mening jamoamga: bu sharoitlarda o‘z chiqishimni bajarolmasligim deb yozish bo‘ldi va men bu chiqishimni bekor qildim.

Men matbuotda o‘zim haqimda ko‘tarilgan shov-shuvdan larzaga keldim, ayniqsa "Lara Fabian insonlarni qiynoqqa tutuvchi O‘zbek rejimini ko‘z-ko‘z qilmoqda", degan so‘zlar menga ozor yetkazdi.

Shuni esga solmoqchimanki, 25 yil davomida men chin qalbimdan kuylab kelganman va ashulalarimda sevgi, tinchlik va totuvlik g‘oyalarini targ‘ib etganman.

Yana shuni aytish joizki, inson huquqlarini toptagan hukumat a‘zosi va yo unga yaqin bo‘lgan shaxs boshqargan kontsertda kuylash bilan inson huquqlari poymol etilgan mamlakatda kuylash orasida farq mavjud. Birinchi holatda men kuylashdan bosh tortaman, chunki bu kabi hukumatni ko‘z-ko‘z qilishdan yiroqman. Ikkinchi holatda esa men huquqlari kundalik ravishda toptalgan insonlar uchun kuylayman va ularga lahzalik bo‘lsa-da orom baxsh etaman. Mening uchun farq hukumat va insonlar uchun kuylashda. Mening qadriyatlarim birinchi holatni tark etishga undaydi, lekin inson huquqlariga hurmat ko‘rsatmagan mamlakatlarda o‘z tinglovchilarimga hurmat yuzasidan kuylashimni davom etaveraman".

Inson huquqini muhofaza qilish tashkilotlari Lara Fabianning bo‘lajak kontsertini qattiq tanqid ostiga olishgan va uni bekor qilishni so‘rashgan edi.