Bahodir Eliboyev: "Huquq himoyachilari yoki mustaqil jurnalistlarda egiluvchanlik qobiliyati yo‘q"

  • 3 Oktyabr 2013
Bahodir Eliboyev
Bahodir Eliboyev jamoatchilikka majburiy bolalar mehnati va korruptsiya hollari bo‘yicha ma‘lumotlar berib boradi

Farg‘onalik jurnalist va inson huquqlari faoli Bahodir Eliboyev bbcuzbek.com o‘quvchilari va tinglovchilarimizning savollariga javob berdi.

Bahodir Eliboyev 1980 yil 28 aprelda Farg‘ona viloyati Rishton shahrida tug‘ilgan.

Oiladagi besh farzandning uchinchisi.

1992 yili Farg‘ona shahrida ochilgan O‘zbekiston-Turkiya hamkorligidagi o‘zbek-tur litseyiga o‘qishga qabul qilindi.

1999 yili Toshkentdagi O‘zbekiston davlat Jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetiga kirdi.

2003 yili o‘qishni bitirib, "Yosh kuch" jurnalida ishlay boshladi.

2003 yil nihoyasida "Darakchi" gazetasining "Siyosat va iqtisod" bo‘limiga ishga qabul qilindi.

2005 yilda esa Bahodir Eliboyev o‘z hamfikrlari bilan birgalikda "Sat-ranj" ijtimoiy-siyosiy gazetasini ochdi va bu gazetaga bosh muharrirlik qila boshladi.

O‘zbekistondagi ijtimiy-siyosiy jarayonlarni yorita boshlagan mazkur gazeta 3-sonidan keyin berkitildi.

Ortidan Bahodir Eliboyev "Market" nomli boshqa bir gazetani ochdi, ammo bu gazeta ham ikkinchi sonidan keyin yopildi.

"Afsuski, biz berib borgan maqolalar "O‘zbekiston Ovozi" gazetasida "mentalitetimizga to‘g‘ri kelmadi" degan xulosa bilan yopildi", - deydi Bahodir Eliboyev.

2006 yilda Bahodir Eliboyev davlat nashri bo‘lmish "Savdogar" gazetasiga ishga qabul qilinadi.

"Biroz muddat o‘tgach, bu gazeta ham yopildi", - deydi Bahodir Eliboyev. - "Shundan keyin men uchun har qanday tahririyat eshiklari yopildi".

Ayni yilda taniqli inson huquqlari faoli Surat Ikromov bilan hamkorlik qila boshlaydi va bir yil davomida huquqbonlik sirlarini o‘rganadi.

2007 yildan buyon Farg‘ona viloyatida Surat Ikromov tuzgan guruh - "O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhining Farg‘onadagi vakilidir.

Bahodir Eliboyev majburiy bolalar mehnati, korruptsiya va chegara muammolarini yoritib keladi.

Oilali, uch nafar o‘g‘li bor.

----------------------------------------------------------------

Abdulhamid, Toshkent: Bahodirbek assalomu alaykum! Men nima uchun inson huquqlari sohasiga kirib qolganingizni bilmoqchi edim. Nega jurnalistika o‘rniga huquqbonlikni tanlagansiz? Javob uchun oldindan rahmat.

Bahodir Eliboyev: Rahmat Abdulhamid do‘stimizga savollar uchun. Aslida, bu yo‘nalishga toza tasodif bilan kirib qolganman. Men hayotimni jurnalist sifatida davom ettirmoqchi edim. Hozir ham shunday. Lekin mamlakatdagi siyosiy muhit meni o‘z-o‘zidan inson huquqlariga yetakladi. Jurnalist bo‘lib ishlab yurganimda tanishgan insonim Shuhrat Ahmadjonovning fikrlari boshida menga yoqib qoldi. Keyin bir muddat u kishi bilan fikr almashib yubdim. Lekin uning muqim bir ish joyi yo‘q edi. U ham buni sezdi shekilli, meni Surat Ikromov bilan tanishtirib qo‘ydi. Men u yerda matbuot kotibligi vazifasida ishlaydigan bo‘ldim. Bu toza tasodifni baxtli tasodif desam bo‘ladi. Keyinchalik bilsam, mamlakatga mana shunday kasb egalari kerak ekan. Yangi soha, bu ishni odamlar hali to‘laligicha tushunib yetganicha yo‘q. Balki davlat rasmiylari endi-endi tushunib borayotgan bo‘lishi mumkin. Odamlarga qaysidir ma‘noda yordamimiz tegayotganidan xursandman. Mana ishlab yuribmiz.

Jonkuyar: Assalomu alaykum BBC va Bahodir aka. BBC yangiliklarini biz doimo inet orqali o‘qib boramiz va uning holatga haryoqlama yondoshishi bilan bizni o‘ziga jalb etadi.To‘g‘ri, ayrim paytlarda O‘zbekiston siyosatiga nisbatan bir yoqlama qarashlar ham uchrab turadi, lekin baribir jurnalistika o‘zining haqqoniyligi va qo‘rqmasligi bilan ajralib turishi kerak. Men ham 2008 yili O‘zMUning Oliy jurnalistika kurslarini magistraturasini tamomladim. Men Siz kabilarga havas qilganim, sababi sizlar voqeaga nisbatan o‘z fikrlaringiznibildirishni eplaysizlar. Biz ham jurnalistmiz, negadir o‘zimizni tsenzura qilishni hech ham to‘xtata olmayapmiz. Bu nimaga deb o‘ylaysiz? Ta‘lim siyosatimi yoki siyosatning ta‘limimi?

Bahodir Eliboyev: Jonkuyar do‘stimizga savol uchun rahmat. Lekin hayronman ichingizdagi tsenzurani qanday yenga olmayapsiz ekan? Xalq dardini o‘zimni dardim deb qabul qilib ko‘ringchi, balki foyda berar? Til uchida emas, astoyidil his qilish kerakmikin? Siz ham jurnalist ekansiz, menimcha, ta‘lim siyosati bilan siyosatning o‘rtasida farq bor. Bu jumla qandaydir yopishmayapti. Ta‘lim siyosati xuddi ta‘limdagi hiylaga o‘xshab eshitilayapti. Siyosatning ta‘limi esa amaldagi hukumat belgilab bergan ta‘lim tizimidir. Har ikkisi ham rol o‘ynaydi. Ta‘lim maktablardayoq hiylaga aylanib bo‘ldi. Endi siyosatimiz belgilab bergan ta‘lim ham bizni ijrochiga aylantiradi. Siz maktabda ham universitetda ham, boshqarishni emas, ijro etishni o‘rganasiz. Shunday ekan yoshligingizdan ijrochilikka o‘rgangan ekansiz, qanday qilib yozma deganni yoza olasiz? Yoza olish uchun avval ruhingizdagi shuncha yillik itoatgo‘ylikni yenga olishingiz kerak. Ichingizdagi tsenzurani to‘xtatolmayotganingizga fikrim shu.

Rustam Nasimiy, Tokio: Avvalambor, sizning faoliyatingiz uchun katta rahmat! O‘zbekistonning ta‘lim sohasidagi poraxo‘rlik darajasi qaysi viloyat va shaharlarda eng ko‘p rivojlangan deb o‘ylaysiz? O‘zbekiston sharoitida ta‘lim muassasalaridagi korruptsiya bilan kurashishning qanday yo‘llarini taklif etgan bo‘lar edingiz?

Bahodir Eliboyev: Rustam Nasimiy, savolingiz uchun rahmat! Bilasizmi, men hamma viloyat bo‘yicha javob berish vakolatida ham emasman, ma‘lumotim ham yo‘q. Farg‘ona viloyati haqida gapirishim mumkin. Bizning odamlar negadir amalni hazm qila olmaydilar, chamamda. Kimdir ikki yilga mahalla oqsoqoli etib tayinlanadi. Bola puli olish uchun ham unga "uzatish" kerak. Kimdir bog‘chaga ishga kirishi kerak. Albatta, "dasturxon" qilish kerak. Kimdir qaysidir maktabga mudir etib tayinlandi. Bir yil o‘tar-o‘tmas qarasangiz maktab xodimlarining bir qismi uning qarindoshlar. Hayratlanishning keragi yo‘q. Va hokazo … Poraxo‘rlik azaldan bor. Ibtidoiy davrda ham qabila sardori suyakning kattasini g‘ajigan. Insoniyatning istalgan davriga qarasangiz bu illat bilan kimdir kurashgan bo‘lib chiqadi. Afsuski, bugun ham "bu illat bilan qanday kurashish kerak?" degan savol dolzarb bo‘lib qolmoqda. Menimcha, buning bariga yo‘qchilik sabab. Odamda yo‘qchilik bo‘lsa, ertaga qanday yashayman, deb o‘ylaydi. Kamday tuyulaveradi. Yana pora olgisi kelaveradi. O‘z-o‘zidan bu jinoyatga qarshi himoya izlaydi va shunday "tog‘" qidira boshlaydi. Qarabsizki, korruptsiya muammosi ham tayyor. Bunday paytda, menimcha, har bir ishchi xodimni ko‘p muddatga bitta lavozimda saqlamaslik kerak. Yetarki, u o‘zi o‘tirgan kursiga o‘rganib qolmasin. Borgan joyida tanish orttirishga ulgurmasin. Shunda u tushunib yetar, bu kursi ham o‘tkinchi ekanini. Endi variantda! Balki yechim bo‘lib qolar.

Ateist: 1. Nega diniy propaganda bilan shug‘ullanasiz?

Bahodir Eliboyev: Ateist, bu savolingizga ochig‘i tushunmadim. Men diniy tashviqot bilan shug‘ullanmaganman. Hayronman, bu ma‘lumotni qayerdan oldingiz ekan. Meni missionerlikda ayblayapsiz, degan xavotirdaman. Bir insonga savol berishdan oldin Jinoyat Kodeksi bilan tanishib chiqsangiz yaxshi bo‘lardi. Bu savolni berayapsizmi, demak, siz Facebook-dagi ateistlardan birisiz va mening izohlarimni o‘qigansiz. To‘g‘ri, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida ateistlar bilan suhbatlashib, bahslashib turaman. Lekin bu degani targ‘ibot emas-ku. Sizlarni Islom diniga qaysi izohimda chaqirdim ekan? Ateistlar aslida Xudoning yo‘qligiga ishonmaydilar. Ular borliq ilmi bilan ozuqlanadilar va Xudoning borligiga shubha bilan qaraydilar. Sizlar uchun Xudo bor, desang ham, Xudo yo‘q, desang ham, dalil topish kerak. Xudo yo‘q, deb keskin gapirgan ateist aslida ateist emas! Chunki, ular Xudo yo‘q, demaydilar. Borligiga esa o‘z aql doiralari cheklangani uchun bor deguvchilardan isbot so‘raydilar. Bu ateistlarga xos. Men ateizmni juda yaxshi tushunaman. Lekin ijtimoiy tarmoqlardagi ateistlar Xudoni yo‘q deya olmaganlari kabi, Uni haqorat ham qilmasliklari kerak. Odatda ateistlar shunday qilishadi. Sizlar esa jon jahd bilan kurashga berilgansizlarki, hatto haqoratlar boshlangan. Shuning uchun tuzukroq ateist qolmadimi, deb o‘ylayman. Men bilgan ateistlar har bir dinga sovuqqonlik bilan qaraydi. Har bir dindan o‘ziga kerakligini oladi. Ular qandaydir g‘ayritabiiy kuch borligiga ishonishadi. Biz shu kuch Allohdir, desak, bunga dalil istashadi. O‘rtadagi bahs aslida mana shu mavzuda borishi kerak. Ateizmga yosh bolalar kirmaydi. Bu yo‘nalishda hayot kechiruvchilar ko‘p izlanishi kerak. Ateist bo‘lish uchun dunyo ilmini tushunib yetgan, hech bo‘lmasa bu bilimga qarshi shaxsiy fikri bo‘lishi kerak. Ateistlik bir oqim emas. Lekin, qo‘rqamanki, bu tushuncha ham guruhbozlikka aylanganday go‘yo. Nitsshe yoshligidan ateist bo‘lmagan. U ancha izlangan. Hozirgilar esa qandaydir manfaat hosilasida ateizmni da‘vo qilishmoqda. Din va dinsizlik - hayot bosqichi. Bular hali hayotni ko‘rmasdan internetda gap sotib yuribdi. Ateist avval boshda demokratiyani hurmat qiluvchi bo‘ladi. Mayli u Islomni inkor qilsin, lekin Islomga e‘tiqod qilguvchilarni hurmat qilish kerak. Musulmonlar e‘tiqod qiluvchi dinni masxara qilish, turli karikaturalar chiqarish bu faqat va faqat adovatni qo‘zg‘ash degani. Misol uchun, mening shaxsiyatimga mening dinim ham kiradi. Ateistlarning shaxsiyatiga tegmaganim kabi ular ham mening e‘tiqodimni hurmat qilishlarini istayman.

Ateist: 2. Siz uchun inson huquqi himoyachisi sifatida barcha fuqarolar teng huquqlimi, diniy dunyoqarashi, jinsiy oriyentatsiyasidan qat‘i nazar?

Bahodir Eliboyev: Ha, men uchun barcha teng huquqlidir. Lekin mening shaxsiy fikrim men yashab turgan mamlakat sharoitida bir nimani hal qilarmidi? Biz mustaqillikdan oldin Islom dinidan ancha uzoq ushlab turildik. Garchi pinhona namoz o‘qishlar va janozalar bo‘lib turgan bo‘lsa ham. Dinimizni unutish darajasiga bordik. Endi mustaqillik kirib kelgach dinimizni qayta tiklash avj olgan paytda ateizm bilan kirib kelish va "Xudo yo‘q", deb da‘vo qilish ateistning hayotiga ham xavf solishi mumkin. Balki o‘zbeklardan chiqayotgan ateistlar chet ellarda ijtimoiy tarmoqlarda faoldirlar, lekin bizning hududlarda bunday emas. Ateist bo‘lgani taqdirda ham ular o‘zlaridan o‘zlari jamoat joylarida xudosizlikdan gap sotmaydilar. Buni tushunish kerak. Ateist teng huquqlimi, deyapsiz, albatta siyosiy huquqlarda dindorlar bilan tengdir. Lekin boshqa masalalarda bir narsa deya olmayman. Ateist o‘lib qolsa nima qilamiz? Yoqamizmi, suvga oqizamizmi yoki ko‘mamizmi? Qaysi odatga asoslanamiz? Bu yerdagi ateistlar mana shu jihatlarni ham hisobga oladi va imkon qadar murosa bilan yashashni afzal deb biladi.

Akmal, Nyu-York: Bugun tashqarida yurgan muxolifat bor. Aytingchi O‘zbekiston ichida ularning kuchi bormi?

Bahodir Eliboyev: Savolingiz uchun rahmat, Akmal. Muxolifatning mamlakat ichida, afsuski, nomi bor, xolos. Har holda menga shunday tuyulyapti. Muxolifat 80-yillar oxiridagi kabi emas. Garchi ularning aksari o‘sha davrdagi yoki kamida 15 yil oldingi voqealar bilan sarmast yursalar-da, bugunning yoshlari muxolifat haqida bilmaydi. Bilganlari ham ularni noodatiy axborot tarqatayotgan tashkilot sifatida tanisa kerak. Bir qism muxolifat o‘z donorlarini aldashayotgan bo‘lishi ham mumkin. Falon ishni qilamiz deb moddiy ta‘minotni oladilar-da keyin u ish yerlaridan ham chiqib ketadilar. Lekin olingan pul hayotni yaxshi davom ettirish uchun yetarli. Onda-sonda 1-2 ta maqolalar berib turishadi, albatta. Endi siz "kuchi bormi?" deb so‘rayapsiz. Faqat nomi bor kishilarning kuchi qolarmidi? Tasavvur qiling, 90-yillarning birinchi yarmidayoq chiqib ketgan odamlarning bugungi kunda 20-25 yashar yoshlar nima deb eslashadi? Aqlini tanibdiki, o‘qigan kitoblarida ham, gazetalarida ham, ko‘rgan televizorlariyu radiolarida ham ular haqida gap bo‘lmasa, aksiga hozirgi hukumat haqida gapirishsa, ular kimni taniydilar? Qani o‘zi kimlar ular deb qiziqqani mundoq e‘tibor bersa, internetda bir-biri haqida yozgan maqolalarini o‘qiydimi?

Dilshod, Seul: Bahodir akaga savolim shunday. O‘zbekistonda G‘arbona taxlitdagi demokratiyani qurish imkoni bormi?

Bahodir Eliboyev: Shu savoldan keyin o‘ylanib qoldim, G‘arbga mabodo Sharqona demokratiya kerak emasmikin? Axir G‘arb hozir Sharqqa muhtoj-ku! Savolingizga qisqa javob bersam, G‘arbona demokratiyani bizda qurish imkonsiz! Bunday demokratiya bizda yashamaydi. Ayniqsa, O‘rta Osiyoda strategik muhim bo‘lgan mamlakatimizda. Shu bilan savol ham yopilishi mumkin, biroq demokratiya bahonasida aslida ayrim G‘arb mamlakatlari bizga kirib kelishi, bizni boshqarishni xush ko‘rishmoqda. Shuning uchun biroz fikrlar bildirsam. Har qanday siyosatda, ayniqsa tashqi siyosatda 2 xil pozitsiya bor: 1. Otaliq 2. Hamkorlik. Otaliq pozitsiya nima degani? Bunday pozitsiyada siz o‘zingizni "katta aka" singari his qilasiz, aqlli, kamolga erishgan, xullasi kalom, siz o‘zingizni Otabek his qilasiz. Ya‘ni Osiyo mamlakatlari bular sizning farzandlaringiz, ularni kerak bo‘lsa jazolaysiz, ularni kerak bo‘lsa o‘qitasiz-o‘rgatasiz, qilayotgan ishlarini tanqid qilasiz, keyin tushuntirasiz aslida qanday yashash kerakligi va hokazoni. Bunday otaliq pozitsiyasida aynan Ovro‘po va AQSh turibdi. Lekin foydasiz! Bu bilan G‘arb mamlakatlari behuda harakat qiladilar. Sa‘di Sheroziyning bir gapi bor: "Eshshak alaf yeb o‘rgangan, unga asal berishdan naf yo‘q". G‘arbning bug‘doydan jo‘xori chiqarishga intilishi bir oz g‘alati. Aynan mana shunday pozitsiyasi bilan G‘arb bugunlarda Rossiya va Xitoyga bor beryapti. Chunki otaliq pozitsiyasi bu – qator jazolar, iqtisodiy embargo, turli sanktsiyalar, persona non grata ro‘yxatlari va hokazo. Endi hamkorlik pozitsiyasi degani nima? Bu usuldan ko‘proq Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya va ba‘zida Rossiya foydalanib turibdi. Hamkorlik bu boshqa mamlakatni o‘zing bilan teng deb hisoblashing. Garchi uning olib borayotgan siyosati senga yoqmasa ham, o‘z ishingni bilib qilaverasan. Balki sizga bu rejimda juda ko‘p ishlar yoqmas, lekin siz aralashmaysiz, xarakteringizni namoyish etasiz. Vaqtni kutib, shovqinsiz tarzda diplomatik notalar bilan qanday yashashni ko‘rsatasiz. Kerak paytda o‘z mamlakatingizga taklif qilib, madaniyatingizni, yashash tarzingizni, oshxonaningizni, milliy mahsulotlaringizni va hokazolarni ko‘rsatasiz. Xullas, do‘st bo‘lasiz.

Endi savol tug‘iladi: yuqoridagi har ikki pozitsiyadan qaysi davlatlar siyosatida imkoniyat ko‘proq? Javob oddiy, qaysi davlatda siz bilan viza tartibi bo‘lmasa, o‘sha davlatda imkoniyat kengroq. Demak, birinchi navbatda Rossiya va Qozog‘istonda, keyin Turkiyada, Janubiy Koreya va balkim Xitoyda imkoniyatlari ko‘proq. Ha, aynan shu davlatlar, G‘arb emas, mamlakatimizda mashhurlikdan foydalanishmoqda. Buni ko‘rish uchun sal e‘tibor bering, Xitoy mahsuloti, turk madaniyati, koreys seriali, ruslarning mehnat takliflari… Chunki men har kuni mening dasturxonimdan ovqatlanadiganni oson boshqara olaman. G‘arb passport nazoratini kuchaytirganidan beri Sharqiy mamlakatlardagi nazoratini yo‘qotib bo‘ldi. Shuning uchun har bir harakati qimmatga tushmoqda. Agar siz nazarda tutgan G‘arb mamlakatlari Osiyoni boshqarmoqchi bo‘lsa, avval boshda Osiyoga quchoq ochishi kerak. Lekin bu ishni qilmayapti, demak Osiyo uning uchun emas. Endi Osiyo oldingi Osiyo emas, u o‘zining texnologiyada (Samsung, HTC, LG), madaniy sohada (PSY hali birinchi qaldirg‘och), davlatchilikda (Xitoy, Koreya, Singapur) gigantlarini dunyoga chiqarib qo‘ydi.

G‘arb har qadamida Osiyodagi imkoniyatlarini boy bermoqda. Buni tushunib yetgan va oxirgi 2-3 yildan beri bizga qiziqishlari ortgan, nima qilsak bo‘ladi, degan savol ularning miyasida aylanib yuribdi. Biz esa allaqachon boshimizni Sharqqa burib bo‘lganmiz, ayniqsa Xitoyga. O‘z ishtahamizni Xitoy mahsulotlari bilan qondirishga odatlanib bo‘ldik. Xitoy, Koreya, Singapur, Malayziya bizga quchoq ochib turganda nega endi bizga G‘arb kerak? Yoki G‘arbona bir narsalar kerak?

G‘arbona demokratiya deyapsiz, lekin G‘arb bizda terrorizmni ko‘rmoqda. Terrorizm - boshqa davlatlardan berkinish uchun qaysidir davlatning to‘qib chiqargan ertagi. Lekin G‘arb qancha terrorizmdan himoyalansa, shunchalik tez tamom bo‘ladi. Dushmanni yengish uchun oldin uni qabul qilish kerak. Bu ishni bugungi kunda Rossiya epladi. Chechenistonga nisbatan. U terrorizmni unutdi, chechenda o‘zining birodarini ko‘rdi, bir qancha moliyaviy ishlar olib bordi va faqat shundan keyingina bir necha yillik fuqarolik urushiga barham berdi. Hatto shu darajaga yetdiki, Putinning saralangan tansoqchilari chechenlardan ekan, degan mish-mishlar tarqaldi. Balki bugunda Ovro‘pani davolash uchun Sharqona demokratiya olib kirarmiz? Buni endi ulardan so‘rash kerak.

O‘zbek, Farg‘ona: O‘zbekiston sirtdan qaraganda juda obod o‘lkaga uxshaydi. Lekin xalq doimo noliydi. Odamlar nima hisobiga kun ko‘rayapti?

Bahodir Eliboyev: Savolingiz uchun rahmat O‘zbek! Odamlarda ertangi kunga ishonch yo‘q bo‘lgani uchun noliyverishadi. Odamlarning nolishiga sabab iqtisodiy muammolardir. Lekin bu yerda ayb faqat oddiy odamlarda emas, davlat rasmiylarida ham bor. Birgina iqtisodimizdagi misolni sizga aytaman: Mana yaqinda 5000 so‘mlik banknot, kupyura chiqardik, bunga sabab nimada? Chunki bizda naqd pul banklarda emas. Bizda bozor sistemasi ishlamayapti. Lekin ishlamayapti, desang birov ishonmaydi. Naqd pul emissiyasiga sabablar ko‘p. Lekin iqtisodni tushunadiganlar biz plastik kartochkaga o‘tgan paytimizdayoq yangi pul chiqishini bashorat qilgan bo‘lsalar ajabmas. Aslida plastik kartochkalar muomalasi yoki yangi kupyura chiqarish muammo emas. Lekin rivojlangan mamlakatlarda, o‘z iqtisodini yo‘lga solvolgan mamlakatlarda muammo emas. O‘tish davridagilar uchun muammo! Birinchi sabablardan biri xalq davlatga naqd pul bergisi kelmaydi, o‘zining sandiqchasida yashirishga urinadi. Davlatga deganda asosan soliqqa va bankka bermasligini tushuning. Bankdan chiqayotgan pul yana bankka qaytishi kerak. Chiqqan pul qaytib kirmasa, bankda naqd pulga ehtiyoj seziladi. Xalqqa plastik kartochka berib, o‘zida naqdni ushlashga harakat qildi. Lekin hiylaga nayrang degandek, xalq soliq va boshqa to‘lovlarni plastikda to‘lashni tanladi. Bank yana hayron. Biz yangi pul chiqardik. Lekin bu foyda beradimi yo‘qmi, bilmadim. Chunki, korruptsiya, tanish-bilishchilik rivojlangan bir davrdamiz. Poraxo‘rlik urf-odatga aylanib qonimizga singib bo‘ldi. Illatni fazilatga aylantirdik. Bozor sistemasida ishlab chiqarishga kuchli e‘tibor berish kerak. Lekin qaysi ishlab chiqarishga qarasangiz, ahvoli tang. Ishsizlik kuchaygan. Ko‘cha to‘la ishsiz. Xullas ishsizlik, korruptsiya va ishonchsizlik oqibatida bugun biz 5000 so‘mlik bank biletini chiqarishga qaror qildik. Lekin bu vaqtinchalik xalqni aldash. Iqtisodimiz botib borayotganini tushunmagan bo‘lishsa, kerak. Kun kelib 10 ming so‘mlik banknot chiqaramiz deyishsa, bunga hayron qolmagan bo‘lardim. Yana bir misol: prezidentni saylaymiz, mahalla raisini saylaymiz, lekin nega hokimlarni saylamaymiz?! Hokimlar tayinlanadilar. Tayinlangan bilan saylanganning farqi bor. Agar biz saylaganimizda demokratiyaga qadamimiz tezlashardi. Tayinlangan hokim saylagan xalqi uchun yemas uni tayinlagan odami uchun xizmat qiladi. Mana qonunchiligimizdagi tanish-bilishchilikka zo‘r berish. Qonun ishlamaydigan jamiyatda esa hech nima ishlamaydi. Bozor sistemasi ham shunday. Xalq doim nonni o‘ylaydi. Avval non bo‘ladi, keyin boshqa ishlar navbati bilan. Lekin non topishda muammolar bo‘laversa, albatta, noliyveradi-da! Kimdir, "kel, men ham dangasalar qatoriga kirib qolmay", deb harakat qilib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi deylik. U ishlab chiqargan mahsulot 1000 so‘mga tushsa, qaysidir chaqqon Xitoydan 500 so‘mga olib kelib tursa, ustiga-ustak, tadbirkorni tekshiruvchilari ko‘p bo‘lsa… Bore, deydi-yu hammasidan voz kechadi. Keyin u nolimasdan men nolishim kerakmi? Mamlakatdan chiqib ketayotgan mehnat muhojirlari bir yilda mamlakatning butun milliy daromadining 30-35 foizini olib kirishyapti. Keyin bolajon xalq ekanligimiz ham ancha foyda beryapti. Mana shular hisobiga kun ko‘ryapti hozirgi odamlar.

Fazliddin, Toshkent: Bahodir Eliboyevga savolim bor edi: Bahodir aka, O‘zbekistonda inson huquqlari bilan shug‘ullanish osonmi? Militsiya va xavfsizlik xodimlari sizga tazyiq o‘tkazishmaydimi?

Bahodir Eliboyev: Savolingiz uchun rahmat Fazliddin. Yo‘q. Hech kim tazyiq o‘tkazmaydi. Agar faoliyatim taqozo etsa, militsiya xodimlariga murojaat qilaman, xavfsizlik xodimlariga ham. Chunki fuqaroning ishi shular bilan bitishi kerak bo‘lsa, ularning idoralariga kiraman. Ariza tushgan shu masalani o‘rganib chiqinglar, deb iltimos ham qilaman. Buni yashirishning keragi yo‘q. Endi biroz harakatlarimni izohlasam. Nima uchun bizning davlat totalitar tuzumga o‘xshab ketadi? Bilasizmi, bunga kim sababchi? Menday mustaqil jurnalitlar va huquq himoyachilar aybdor! Biz tanqid qilamiz. Tanqid qilyapmizmi, demak hukumatni kaltaklayapmiz. Hukumat esa o‘z o‘rnida o‘rganib bormoqda qayerdan zarba kelishini va pishib boryapti. Borgan sari u kaltakni hazm qiladigan va qaytara oladigan darajada ustamonga aylanib bormoqda. Shu bilan birga aqlli va avtoritarlashib bormoqda. Ya‘ni biz uni tarbiyalayapmiz. Faqat o‘zimiz istagan yo‘lda emas. Chunki har qanday hukumat qanchalik qo‘rqoq bo‘lsa, shunchalik himoyalanishni o‘ylaydi. Amalda qolishi uchun har qanday ishga qo‘l uradi. Oqibatda atrofdagilar bu hukumat bilan ishlashni maqul ko‘rmay qoladilar. Hozirda, bir so‘z bilan aytganda, huquq himoyachilari yoki mustaqil jurnalistlarda egiluvchanlik qobiliyati yo‘q. Konstruktiv harakat qiluvchilar yo‘q. Siz Odisseyning Tsiklopni qanday yengganini bilsangiz kerak. Ochiq kurashda Odissey yutqazishi tayin edi. Shunign uchun u kutdi. Tsiklop uyquga ketganidan keyin uning ko‘zini ko‘r qildi. Sabr qilib aqlni ishlatib yutdi. Huquq himoyachilari va hukumatning kurashi ham shunday. Hukumatga ochiq jang e‘lon qilish mutlaq mag‘lubiyatga olib keladi. Shuning uchun bir yonbosish kerak. Sabrli bo‘lish va aqlli harakatlar qilish kerak. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) o‘z qizlariga shunday nasihat qilganlar: "Sen eringga shunday cho‘ri bo‘lginki, u senga qullik qilsin". Modomiki, huquqbon shu davlatda ekan, ya‘ni hukumat bilan bir oilada ekan avval itoat qilishi kerak. Itoat qilibgina kuchlini bo‘ysundirish mumkin. Dindor Xudodan bir nima so‘rash uchun avval sajda qiladi. Bu hammasi oddiy haqiqatlar. Lekin bizdagilar mana shu haqiqatni tan olmaydilar. Mana nima uchun hozirda ko‘plab huquqbonlarimiz davlat mashinasiga boy bermoqda! Mana nima uchun har yili qamoqxonalarimiz dindorlar bilan to‘lib bormoqda. Suqrotning bir ajoyib gapi bor: "Sen davlatga qarshi chiqib turib, qanday qilib, yana shu davlatdan meni himoya qilmoqchisan? Unda o‘zing himoyaga muhtoj bo‘lib qolmaysanmi?" Bu mamlakatda inson huquqlari bilan shug‘ullanish oson. Lekin huquq himoyachiligi oson emas. Bu ishda qancha huquqbonlarni bilaman pora olganliklarini. O‘z vazifasini suiste‘mol qilganlari qancha. Rasmiylar qo‘rqisharkan, deb kabinetlarda baqir-chaqirlar qilishlari, namoyish qilaman, deb qo‘rqitishlar. Bularning bari davlat rasmiylarini mensimaslikdir. Va ular bilan o‘ynashishdir. Avvalo, ularni ahmoq deb bilmaslik kerak. Davlat ko‘chadan topib kelib o‘tirg‘izib qo‘ygani yo‘q. Siz bilganni bilmasligi mumkin, lekin siz ham u bilganni bilmaysiz. Shuning uchun bu yerda hali aytganimden "otaliq pozitsiyasi"ni unutish kerak. Bu yerda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim. Ularning ham sizning ham vazifangiz jabrdiydaga yordam berish bo‘lsa, buni yotig‘i bilan tushuntirish sizning vazifangiz. Istalgan paytda qamalish, hatto o‘lib ketish mumkin bo‘lgan paytda qochoqlik orzusida tavakkal qilmagan bo‘lardim. O‘qish paytidayoq fikrlarim uchun o‘qishdan haydashdi, huquqbon bo‘lmasdan turib bu davlat bilan nomurosa holatga ko‘p keldik. Lekin yillar o‘tyapti, davlat ham biz ham, aqlli bo‘lib boryapmiz. Lekin hamma huquqbonlar ham emas. Siz tazyiqni aytyapsiz, lekin tazyiq o‘zidan-o‘zi bo‘lmaydi. Poraxo‘rlikka qarshi kurashayotgan odam pora olsa! Ular kutishadi. Xato qilishingizni, qayerdadir qoqilishingizni kutishadi. Shunga sharoit yaratishadi. Hisobingizni muzlatishadi. Sizning ish faoliyatingizga turli to‘siqlar yaratishadi. Keyin sizda nimadir bo‘ladiyu bir xato qilasiz. Ana shunda ular bu xatodan ustalik bilan foydalanadilar. Axir tashqi dunyoga sizning qandaydir aybingizni ko‘rsatishlari kerak-ku. Endi bizning ishimizda yana bir muammoli vaziyatni aysam. Ovro‘po mamlakatlaridan birida bir ovro‘polik: "Nega huquq himoyachilari orasida yoshlar deyarli yo‘q", - deb so‘radi. "Chunki sizlar grantlar evaziga ishchi yollaysizlar. Grantlar esa muqim yemas, 1-2 yilda bir beriladi. O‘tish davridagi tuzumda huquqiy himoya masalasi juda avj oladi va ishga nisbatan ish haqi mutanosib emas", - dedim. Shunda u grantda belgilangan oylik maosh davlatingizda belgilangan o‘rtacha oylik maoshga nisbatan olingan, deb izoh berdi. Men unga: "demak, sening bizning hukumatdan farqing yo‘q ekan-da?! U ham sen ham bir xil maosh beradigan bo‘lsa, unda hayotimni tavakkal qilib, sen bilan hamkorlik qilishdan nima naf", - dedim. U hayron. Huquq himoyachiligi qiyin ish. Agar hisoblasangiz Rossiyaga chiqib ishlab keluvchining daromadi siznikidan bir necha baravar katta. Hozirgi yoshlar esa tezroq va iloji bo‘lsa bir ish qilsayu birdaniga boyib qolishni o‘ylaydi. Kim bilan bo‘lsin muomala qilishda muammo yo‘q. Lekin hayot davom yetmoqda, oilam kengaymoqda. Agar bu ishdan voz kechishga to‘g‘ri kelsa, bu ham kuchishlatar organlarning tazyiqi tufayli emas, oilam ta‘minotini o‘ylab qilishim mumkin.

Zohida, Qarshi: O‘zbekistonga chetdan tahdid bor deb o‘ylaysizmi?

Bahodir Eliboyev: Savolingiz uchun rahmat, Zohida. Mamlakatimizga chetdan tahdid bor, deb o‘ylayman. Faqat qanday tahdid? Ma‘naviyatimizga mos kelamaydigan axloqsizlik tahdidimi? Yoki geopolitik tahdidmi? Diniy mutaassiblar tahdidimi? Yoki madaniy tahdidlarmi? Ochig‘i har narsa bo‘lishi mumkin. Siz hovlingiz yerini chopasiz. Ariq ochasiz. Suv quyishni boshlaysiz. Ilk oqim loyqa bo‘lishi aniq! Siz toza va tiniq suv quysangiz ham baribir loyqalanadi. Chunki yangi oqim shunaqa. Siz bir muddat uyingizga loyqa suv oqishini kuzatib turishdan boshqasini eplolmaysiz. Kutishga majbursiz! Oqayotgan suvga qancha ketmon urmang, loyqalanish kuchaysa kuchayadiki, tinib qolmaydi. Bugun mamlakat yangi oqimni yashamoqda. Mustaqillikdan keyin bir muddat "loyqalanishi" tabiiy. Tinishi uchun vaqt kerak bo‘ladi. Ochilgan imkoniyatlardan foydalanib, mamlakatga turli oqimlar kirib kelishi ham tabiiy. Faqat bunga tayyorgarlik puxta bo‘lsa, sezilmasligi mumkin. Lekin eng dahshatlisi ichkarida bo‘ladigan fuqarolarning namoyishlari, inqiloblari. O‘zbekiston O‘rta Osiyoda juda ahamiyatli davlat. Jamiyati ham juda qorishiq. Etnik xilma-xillik bor. Diniy xilma-xillik bor. Yaqinlargacha Islom diniga chanqoqlik bor edi. Chunki sobiq tuzumda dahriylik g‘oyasi ilgari surilgan. Azal-azaldan dinni intiqib kutgan xalq har qanday Islom bayrog‘ini qabul qilgisi kelavaradi. Lekin yaltiraganning hammasi ham oltin yemas. Biznikilar shuni farqlay olmayapti-mi, deb qo‘rqaman. Tahdid tashqaridan ham ichkaridan ham bo‘lishi mumkin. Bir holatni olaylik: Rossiya hozirda mehnat muhojirlarini o‘z yurtiga qaytarishni boshladi. To‘g‘ri dabdurustdan yemas, avvaliga hujjati yo‘qlarni haydaydi, 15-yilga kelib esa viza tartibini joriy qilmoqchi. Narigi tomondan AQSh o‘z kuchlarini Markaziy Osiyodan olib chiqib ketishni o‘ylab turibdi. Ya‘ni bitta katta davlat bu yerga millionlab potentsial kuchlarni haydasa, boshqa bir katta davlat janubda devor bo‘lib turish vazifasidan o‘zini ozod qilmoqda. Albatta, Turonga ilk kirib keluvchi kuch Tolibon kuchlari bo‘lishi tabiiy. Arab o‘lkalaridagi mojarolarda o‘zbek mujohidlarining bo‘lishi ham bekorga emasdir. O‘zbek mujohidlari keyingi yurish O‘rta Osiyo, degan bo‘lishlari ham mumkin. Endi baxtga qarshi ayrim davlatlar 15-yilda saylovni boshlab yuboradilar. Aksiga olib mamlakat rahbariyatida tayinli merosxur yo‘q. Hozirgcha navbatdagi prezident kim bo‘ladi deyilsa, bahslar boshlanib ketadi. Lekin samarasiz. Bu holat mamlakat ichida tarafkashlikni va, oxir-oqibat, xaosni yaratishi mumkin. Xaosdan esa qaysidir katta kuch unumli foydalanib qoladi.