BBC navigation

Xalqaro Bankning Rog‘un GESi bo‘yicha hisoboti e‘lon qilindi

Сўнгги янгиланиш 3 октябр 2013 - 13:45 GMT

Xalqaro Bank Rog‘un Gesi qurilishi to‘g‘ri ekanligi haqida xulosa bildirganida ham, Tojikistonda Rog‘unning tasdiqlangan aniq loyihasi hozircha yo‘q

Xalqaro Bank o‘zining Rog‘un Gesi loyihasiga baho beruvchi tadqiqotlari doirasida ikki hisobotni e‘lon qildi.

Bular geologik va geotexnik nuqtai nazardan va GES loyihasi bo‘yicha shu paytgacha bajarilgan ishlar tadqiqi bo‘yicha hisobotlardir.

Hisobot Coyne et Bellier shirkati va mustaqil ekspertlar tomonidan tuzilib, u Rog‘un Gesi haqida oxirgi xulosa emasligi ta‘kidlanadi.

Birinchi hisobotda 300 metr balandlikdagi tabiiy sharoitlarning xavfsizlik jihatlariga qanchalik ta‘siri o‘rganilgan.

Ikkinchi hisobotda qurilgan uskunalar, tunneldan tortib, yer osti vositalari va ularning xavfsizlikning talab qilingan shartlariga qanchalik javob berishi va sifati o‘rganilgan.

Shu paytgacha manfaatli tomon bilan loyiha maqsadi, seysmik xavflilik bahosi va loyihaga ketadigan mablag‘ qiyosan o‘rganilib, fikr bildirilgandi.

Xalqaro Bankning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Siroj Kumarning ta‘kidlashicha, bu masala bilan qiziqadigan tomonlarga mustaqil va har tomonlama tadqiqot jarayonining dalillari taqdim etiladi. Biroq, Xalqaro Bank loyihani amalga oshirish bo‘yicha qurilishining moliyaviy majburiyatini o‘z zimmasiga olmaydi.

Janob Kumarning bildirishicha, hisobot Rog‘un Gesi quriladimi va loyihaning oxirgi ko‘rinishi qanday bo‘lishi haqida xulosa bermaydi. Loyiha yana muhokama qilishni talab qiladi. Bular qatoriga xalqaro kelishuv va moliyaviy ta‘minot masalalari kiradi.

Xalqaro Bank Rog‘un Gesi qurilishi to‘g‘ri ekanligi haqida xulosa bildirganida ham, Tojikistonda Rog‘unning tasdiqlangan aniq loyihasi hozircha yo‘q.

Hozirgi loyiha Sovet davrida Moskvaning "Gidroproyekt" instituti tomonidan tasdiqlangan nusxasi bo‘lib, bugungi kunga to‘g‘ri kelmaydi. Qariyb 30 yil vaqt ichida ancha narsa o‘zgargani loyiha qurilishiga ham ta‘sir qilishi shubhasiz. "Mavjud vositalar dastlabki ish jarayonida qo‘llanilishi mumkin, lekin ularni yangilash, mukammallashtirish talab etiladi", deyiladi hisobotda.

3,6 gigavattlik Rog‘un loyihasiga doir ishlar 1976 yil boshlangan, lekin Sovet Ittifoqi tugagach, amalga oshmagan edi. 335 metr balandlikda Rog‘un quriladigan bo‘lsa, dunyoda eng baland GES bo‘lishi mumkin.

17-18 oktyabr kunlari Dushanbe shahrida Xalqaro Bank tadqiqotlari bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston vakillari ishtirokida axborot almashish va muhokama qilish bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Uchrashuvda ishtirokchilarning izoh va fikrlari loyihaning keyingi rivojida hisobga olinadi.

Oldingi muhokama jarayonlarida O‘zbekiston ishtirok etmagan edi.

O‘zbekiston zilzila yuz bergan taqdirda Tojikistondan pastda joylashgan mamlakatlar suv ostida qolish xavfini bildirib, loyihaga qarshi chiqqan.

Tojikiston esa mamlakatda Rog‘un kabi balandlikka qurilgan boshqa elektr stantsiyalar 40 yildan oshiq ishlab, zilzilalarga bardosh berganini aytadi.

Изоҳлар

 posting

Биринчи бўлиб изоҳ қолдиринг

* to'ldirish shart bo'lgan qator

Ушбу мавзуга оид кўпроқ материаллар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.