BBC navigation

Yunoniston neo-natsistlari: "Ovozingni chiqarma, tiriklayn yoqaman"

Сўнгги янгиланиш 3 октябр 2013 - 14:34 GMT
Nikos Mixalo Liakos va Yunoniston parlamenti 6 deputati aksilriqchi qo‘shiqchi qotilligiga aloqadorlikda hibsga olinganlar

Nikos Mixalo Liakos va Yunoniston parlamenti 6 deputati aksilirqchi qo‘shiqchi qotilligiga aloqadorlikda hibsga olinganlar

Dam olish kunlari hibsga olingan Yunonistondagi o‘ng qanot "Oltin tong" siyosiy partiyasi rahbariga jinoiy guruh tashkil qilish ayblovi qo‘yilgan.

Nikos Mixalo Liakos va Yunoniston parlamenti 6 deputati aksilirqchi qo‘shiqchi qotilligiga aloqadorlikda hibsga olinganlar.

45 yoshli "Oltin tong" partiyasi dastaklovchisi qotillik amalsha oshirishda ayblanib hibsga olingan.

Bu partiyani oxirgi oylarda muhojirlar va siyosiy muxoliflariga hujumlarda ham ayblashadi.

Ikki hafta oldin "Oltin Tong" osmonlarda uchib yurgandi go‘yo. Yunonistondagi neo-natsistlar partiyasining so‘rovlarda oshig‘i olchi edi.

15 foiz ovoz olgani aytilarkan, bu o‘tgan yilgi saylovlardagidan ikki baravar ko‘p degani edi.

Mamlakat o‘z tarixidagi eng og‘ir iqtisodiy inqirozni boshidan kechirayotgan paytda neo-natsistlarni dastaklovchilar ko‘paydi.

Ular yangi offislarini ochishdi. Partiya anjumanlari gavjum, parlamentdagi 18 a‘zosi daxl qilib bo‘lmas ko‘rinardi.

Ammo, Pavlos Fissas barchasini o‘zgartirib yubordi. Musiqachi va chap qanot faoli bu kun kechqurunni Afina yaqinidagi qovoqxonada futbol tomosha qilib o‘tkazadi. Qovoqxonadan chiqib ketayotganda esa, pichoqlab ketiladi. Uni o‘ldirganiga iqror bo‘lgan shaxs "Oltin Tong"ning faol tarafdori bo‘lib chiqadi.

"Oltin Tong" tarafdorlari

"Oltin Tong"ga kattagina dastak hali hamon saqlanib qolmoqda

Qotillik mamlakatda g‘azab bilan kutib olindi. O‘n minglab odamlar ko‘chalarga chiqishdi va zo‘ravon neo-natsistlarning jilovini tortib qo‘yishni talab qilishdi.

Shundan so‘ng, hukumat ishga kirishdi. Neo-natsistlarning 22 a‘zosi hibs qilindi, ulardan olti nafari parlamentdagilardir. Jumladan, partiya rahbari Nikos Mixalo Liakos ham qo‘lga olindi. Ularga qotillik, tajovuz va pul yuvish kabi qator jinoyatlarga mas‘ul guruhga aloqadorlik ayblovi qo‘yildi.

Politsiya Pavlos Fissasning qotili "Oltin Tong" rahbariyati bilan aloqasi borligiga oid dalillarni qo‘lga kiritganini aytadi.

Parlament a‘zolari qo‘lga olingan uylardan Adolf Hitlerning suratlari va natsistlar bayroqlari topildi.

Guvohlardan biri partiya ichida natsistlarnikiga o‘xshash tuzilma mavjudligi haqida ko‘rsatma berdi.

Ko‘rsatma berganlar hozir politsiya himoyasiga olingan.

Biz partiyaning sobiq tarafdori bilan suhbatlashdik. U bir erkak tomonidan tahqirlanganidan so‘ng dastak ilinjida partiyaning yig‘inlaridan biriga borganini aytdi.

"Ichkarida men klublar va to‘siqlarni ko‘rdim", - deydi u. "Partiya rahbari kirib kelarkan, barcha tik qotib kutib oldi. Ular hamjinsbozlar va oq tanli bo‘lmaganlarni kaltaklash haqida gapirishdi".

Suhbatdoshim sigaretasini tutatib olarkan, ko‘z yoshlarini tiyishga urinadi.

"Partiya a‘zolaridan biri mening oldimga keldi...Kimnidir urib, qo‘li va oyog‘ini sindirish 300 yevro turishini aytdi. Avtomobilga o‘t qo‘yish 1000 yevro, kimnidir bir oy shifoxonaga yotqizib qo‘yish 1,500 yevro ekanini aytdi. Men bularni birontasini ham istamasdim. Biz muloqotga nuqta qo‘ydik. Keyinroq u qaytib kelib, agar bu haqda biron kishiga og‘iz ochsak, tiriklayin yoqib yuborishini aytdi", deydi u.

Yunoniston Irqchilik bilan bog‘liq zo‘ravonliklar tarmog‘iga ko‘ra, 2012 yil mamlakatda 154ta xuddi shunday hol aniqlangan, joriy yil bu hollar 104taga yetgan. Qariyb barcha hodisa "Oltin Tong" bilan bog‘lanmoqda.

Shunday ekan, nima uchun hukumat bunga qarshi ertaroq chora ko‘rmadi?

Bir nazariyaga ko‘ra, partiya politsiya orasidan maxfiy dastakka ega bo‘lgan. O‘tgan yilgi saylovlar chog‘i Afinaning ayrim qismlaridan olingan raqamlarga qaralsa, har ikki politsiya xodimidan biri "Oltin Tong"ga ovoz bergan.

Partiyaga qarshi harakatlar payti qator yuqori martabali zobitlar ishdan olindi, boshqalari iste‘fo berishmoqda.

Biz "Oltin Tong" tarafdorlari uch marta pichoqlagan pokistonlik muhojir bilan ko‘rishdik. Hodisadan bir yil o‘tib ham, uning yuragi yaqinidagi chandiqlarni ko‘rish mumkin. Qornidagi jarohat o‘rni esa, hozirgacha tuzalmagan. Ammo, uning aytishicha, politsiya hodisa yuzasidan hech qachon tekshiruv boshlamagan va ilk muloqotdan so‘ng boshqa biron marta ham bog‘lanmagan.

"Chunki, men xorijiyman... Agar biron yunonni pichoqlashganda, ular darrov tajovuzkorni izlashga tushishardi. Hozir men ko‘chaga chiqishdan qo‘rqaman. Yunonistondan Angliyaga o‘xshagan biron xavfsizroq joyga ketgim bor", deydi u.

Biroq, hukumat o‘ziga tegadigan har qanday ayblovlarni rad etadi.

"Oltin Tong" partiyasining muvaqqat rahbarlari ham o‘zlarining siyosiy harakat ekanlari, hech qanday jinoyatga aloqalari yo‘qligini ta‘kidlaydi.

Ammo, Yunonistondagi neo-natsistlar partiyasi bugun alg‘ov-dalg‘ov.

Rahbarlaridan ajralgan partiya boshidan oyog‘igacha muammoga botgan. Va yaqin kelajakda o‘zini o‘nglashi qiyin ko‘rinadi.

Biroq, hamon iqtisodiy inqirozdan charchagan yunonlar orasida ularga nisbatan kattagina dastak saqlanib qolgani bor gap.

Hukumat partiya strukturasini buzishi mumkin, lekin g‘oyalarini butunlay yo‘q qilishi va ashaddiy tarafdorlarini o‘ziga og‘dirishi o‘ta mushkul vazifa bo‘ladi.

Изоҳлар

 posting

Биринчи бўлиб изоҳ қолдиринг

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.