Holland sayyohlari: Tojikiston O‘zbekiston emas...

  • 24 Sentyabr 2013
Markaziy Osiyoning ko‘hna shaharlaridan biri Xo‘jand bugun Tojikistonning ikkinchi yirik shahri
Markaziy Osiyoning ko‘hna shaharlaridan biri Xo‘jand bugun Tojikistonning ikkinchi yirik shahri

Syord Klumpenar (Sjoerd Klumpenaar) 23 yoshda, u 2011 yilda Amsterdam universitetida jurnalizm sohasida saboq chiqardi. Asosan multimediya jurnalisti o‘laroq xalqaro voqealar, tarix va siyosatga qiziqadi. Syord Daniya, Gana, Belgiya va Qatarda bo‘lib qator maqolalar yozgan. Niderlandiya radio-televizion shirkatining Nyu-Yorkdagi byurosida kasb amaliyotini o‘tagan. Shu yil yozida Menjatj loyihasi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlariga safar qilgan. Ayni loyiha Sho‘ro davlatlarida 1991 yildan keyingi o‘zgarishlarni o‘rganadi. Uning hamrohi Lindsey Kort (Lindsey Groot) esa 22 yoshda. Niderlandiyalik jurnalist. U 2012 yilda jurnalizm fakultetini yakunlagan. Hozir antropologiyani o‘rganmoqda. Lindsey ham xorijiy jurnalistikaga qiziqadi. Gana, Qatar, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Fransada xabarchilik safarida bo‘lgan. The New York Times internet xabarchiligi loyihasida ishtirok etgan. Shu yil yozida Menjatj (www.menjatj.nl ) loyihasi bilan Syord Klumpenar bilan birga Markaziy Osiyo mamlakatlariga safar qilgan. Holland jurnalistlarining Tojikiston haqidagi ilk hikoyasi

Tojikistonga xush kelibsiz!

Tojikistonliklarning mehmondo‘stligi chegara nuqtasidayoq zohir bo‘ldi.

Chegarachilardan biri baland ovozda, xushchaqchaqlik bilan o‘z vataniga taklif qilar, darrov qayerlardandir muzdek pivo va uzum keltirib qo‘limizga tutqazardi.

U pishloqsimon, ammo qattiq va dumalroq qurut atalmish ajoyib ne‘matlarni tortiq qildi. Qurutni Markaziy Osiyoda yaxshi ko‘rmaydiganlar topilmasa kerak...

Keyin esa, avtobus haydovchisi paydo bo‘ldi va taksilar turadigan joyga qadar bepulga bizni yetkazib qo‘yishini aytdi.

Chunki, bizda ularga beradigan Tojikiston puli somoniy yo‘q edi. Rostakamiga, Tojikistonga xush keldik!

Sirdaryo ikkiga bo‘lib o‘tgan Xo‘jandga kirib keldik
Sirdaryo ikkiga bo‘lib o‘tgan Xo‘jandga kirib keldik

Yo‘limiz Xo‘jand tomon edi. Markaziy Osiyoning ko‘hna shaharlaridan biri bugun Tojikistonning ikkinchi yirik shahri...Yo‘l bo‘yi uzumzoru, o‘rikzorlar va yashil dalalar osha, Qayroqqumdagi go‘zal suv omborini tomosha qildik va nihoyat Sirdaryo ikkiga bo‘lib o‘tgan Xo‘jandga kirib keldik.

Yo‘l bo‘yi uzoqlarda cho‘qqilaridan qori erimagan tog‘larni ko‘rdik.

Ko‘hna va navqiron Xo‘jand

Xo‘jand aholisi ikki yuz ming atrofida ekanini aytishdi. Yengil mashinalarning rang-barangligi va ko‘pligi bilan Sharqiy Ovro‘podagi shaharlarni eslatadi.

Shahar ahli juda mehmondo‘st. Bizni shaharliklarning biri mehmonga taklif qildi.

Dasturxon noz ne‘matlarga to‘la va yana xonadonga kirganlarning bari sovg‘a ko‘tarib kirardi. "Bizni eslab yurasiz, Hollandiyada..." deb jilmayishardi. Kunlardan biri yo‘limiz masjidga tushdi. Markaziy Osiyodagi masjidlarga xos go‘zal va salobatli masjidlardan birida ibodatga kelgan o‘spirin qo‘limga do‘ppi tutqazdi. "Bu hadya, bir kun kelib albatta musulmon bo‘lasiz, InshoOllox!" dedi u.

Tojikiston...O‘zbekiston emas...

O‘zbekistondagilar anchayin yopiq va ehtiyotkor hayot kechirishar ekan.

Chegaraning bu tomonida esa mutlaqo boshqacha manzara hukmron edi. Xo‘jand ko‘chalaridagi zamonaviy chet el mashinalari va ajabtovur rang- baranglik, Toshkent ko‘chalaridagi mahalliy ishlab chiqarilgan Daewoo/Chevrolet shirkatining monopoliya mahsulotlaridan tubdan farq namoyon etardi.

Aslida, Tojikiston ham avtoritar tuzum alomatlari talaygina. Prezident Imomali Rahmonning katta-kichik suratlari ko‘chalar va binolarni to‘ldirgan. Ammo tojikistonliklar siyosat bilan ishlari yo‘qday, tanqidga kelsak, ular o‘zbekistonlik qo‘shnilari kabi siyosat va hukumat haqida gapirishdan qo‘rqishmas edi.

O‘z boshidan besh yillik fuqarolar urushini kechirgan mamlakat ekanini nazarda tutsak, tojikistonliklar qo‘shnilariga nisbatan anchayin ozod va erkin xalq o‘laroq taassurot qoldiradi.

Garchand, Imomali Rahmon haqida fikrlar turfa xil bo‘lsa ham ko‘pchilik uni mamlakatga tinchlik keltirgan arbob o‘laroq taniydi. Ammo, biz bilan hamsuhbat bo‘lganlarning biron nafari ham hukumatni u yoki bu masalada ochiqchasiga tanqid qilishdan va yo hatto so‘kishdan ham tortinmaydi.

Tojikiston dunyodagi eng qashshoq sanalgan davlatlar qirqligidan o‘rin olgan. Mamlakat ishchi kuchining aksariyati ishsizlik tufayli Rossiya va Qozog‘istonga chiqib ketgan.Bu kabi holatni O‘zbekistonda ham kuzatdik...

Qahvaxonalarning birida biz 27 yoshli Mansur degan yigitni uchratdi.

Bir kun bu yigitcha Tojikiston prezidenti bo‘lishini aytdi
Bir kun bu yigitcha Tojikiston prezidenti bo‘lishini aytdi

"Aksariyat Imomali Rahmonning kimligini yaxshi biladi...U o‘z do‘stlari va oila a‘zolari bilan deyarli barcha lavozimlarni, foyda keltiradigan shirkatlarni egallab olmoqda. U korruptsiyaga qarshi kurashmayapti", deydi u.

Ammo, hatto Mansur ham janob Rahmon bugun Tojikiston uchun eng maqbul rahbar ekanini aytadi.

"Odamlar boshqa bir odamni prezidentlikka saylashni istashmaydi hozir, ko‘pchilik istamaydi...Chunki, Prezident Rahmon davrida tinchlik keldi. Tinchlik istashadi odamlar..."

O‘sha kuni kechqurun bir necha yosh yigitlar bilan ham suhbat qildik. So‘raganimiz mamlakatdagi siyosiy vaziyat haqida edi...

Ulardan biri qizishib: " Markaziy Osiyo davlatlari dunyoda eng yosh davlatlardan emasmi? Biz poraxo‘rlikdan holi va G‘arbona demokratik davlat qurishimiz uchun vaqt kerak...Bir kechada demokratik davlatga aylanib bo‘lmaydi", dedi.

"Hollandiya va yo Buyuk Britaniya uchun bugungi demokratiyaga erishishlariga qancha yil ketdi", deb so‘radi.

Bir kun bu yigitcha Tojikiston prezidenti bo‘lishini aytdi.

"O‘shanda men qasamyod qilish marosimiga sizni ham taklif qilaman", dedi u jilmayib.